Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent viloyatida ayrim issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi

Toshkent viloyatida ayrim issiqxonalarni demontaj qilish boshlandi

Toshkent viloyatining Qibray, Toshkent, Zangiota va Yuqori Chirchiq tumanlarida joylashgan sun’iy isitish tizimiga ega ayrim issiqxonalarni demontaj qilish hamda ularni isitish tarmoqlaridan uzish ishlari boshlandi.

Ma’lum qilinishicha, maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda kuz-qish mavsumida qator issiqxonalarda ko‘mir, mazut, avtomobil shinalari va boshqa zararli yoqilg‘ilardan foydalanilgani aniqlangan. Bu esa atmosfera havosiga zararli moddalarning me’yordan ortiq chiqishiga sabab bo‘lib, atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shu munosabat bilan Prezidentning 2026-yil 25-martdagi 108-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 162-son qarori asosida issiqxonalarni sun’iy isitish tizimlaridan uzish ishlari boshlangan.

Hukumat qaroriga muvofiq, faoliyatini to‘xtatib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chadigan tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar belgilangan.

Jumladan, issiqxona xo‘jaliklari uchun olingan kreditlarni qaytarish muddati 5 yilgacha uzaytiriladi, shuningdek 3 yilgacha imtiyozli davr beriladi. Ilgari ajratilgan davlat kafolatlari va foiz xarajatlarini qoplash bo‘yicha kompensatsiyalar ham saqlab qolinadi.

Bundan tashqari, 2028-yil 1-aprelga qadar «Surxon-Agro» hududiga ko‘chiriladigan issiqxonalarni demontaj qilish, tashish va qayta o‘rnatish xarajatlari yer maydonining har bir sotixi uchun 500 ming so‘mgacha miqdorda bir martalik tartibda qoplab beriladi.

Ayni paytda Toshkent viloyati tadbirkorlariga yangi hududga ko‘chish shartlari, taqdim etiladigan imtiyozlar va boshqa tashkiliy masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shundan keyin issiqxonalar sun’iy isitish tizimlaridan uzilib, tegishli shartnomalar bekor qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring