Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi o‘sishda davom etmoqda
2026-yil may oyida ikkilamchi uy-joy bozorida deyarli barcha asosiy segmentlarda yillik narxlar o‘sishi saqlanib qolgan.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining mazkur oy uchun Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joy bozori bo‘yicha tahlilida gap boradi.
Ayniqsa, bir xonali xonadonlar narxi oy davomida 5,8 foizga oshgan bo‘lib, bu eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ikki va uch xonali uylar narxi ham mos ravishda 0,6 va 0,5 foizga ko‘tarilgan.
Birlamchi bozorda esa uch xonali kvartiralar narxi 2,7 foizga o‘sgan. Shu bilan birga, ikki xonali uylar 1,1 foizga, to‘rt va undan ortiq xonali kvartiralar esa 1,5 foizga arzonlashgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, shahar markaziga yaqin hududlarda to‘liq ta’mirlangan uylarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Bir kvadrat metrning o‘rtacha taklif narxi Mirobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 1298–2162 dollar oralig‘ida shakllangan. Sirg‘ali, Uchtepa va Olmazor tumanlarida esa bu ko‘rsatkich ancha past — 909–1400 dollar atrofida.
Mutaxassislar naqd pulsiz oldi-sotdi tizimi joriy etilganidan keyin aprel-may oylarida bozorda keskin o‘zgarishlar kuzatilmaganini qayd etmoqda. Uning uy-joy bozoriga ta’siri 2026 yilning ikkinchi va uchinchi choraklari yakunlari bo‘yicha aniqroq baholanishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter