Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentdagi kuyindi hidi sababi ma’lum qilindi

Toshkentdagi kuyindi hidi sababi ma’lum qilindi

Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi

Toshkent shahrida 11-iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda turli hududlarda kuyindi hidi va tutun sezilayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent viloyati Ohangaron tumanida, poytaxt hokimligi tasarrufidagi «Maxsustrans» qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan. Hozirda yong‘in to‘liq bartaraf etilgan bo‘lib, poligonda rekultivatsiya hamda tuproq bilan qoplash ishlari olib borilmoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, kun davomida ochiq alangalar o‘chirilganiga qaramay, chiqindilarning ayrim qatlamlarida ichki tutash jarayoni saqlanib qolgan. Shu sabab havoga tutun va mayda aerozol zarrachalari ajralishi davom etgan.

Qo‘mita ma’lum qilishicha, kechga qadar poytaxtda deyarli shamol kuzatilmagan. Biroq soat taxminan 19:00 dan keyin shamol keskin kuchayib, janubi-sharq tomondan — poligon joylashgan hududdan Toshkent shahri tomon esa boshlagan.

Aynan shu vaqtda havo sifati monitoringi stansiyalari PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etgan.

Shundan so‘ng shaharning Yashnobod, Bektemir, Yakkasaroy, Shayxontohur tumanlari hamda markaziy qismida yashovchi aholi tutun va kuyindi hidini sezganini bildirgan.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi dastlabki tahlillarga ko‘ra, kuyindi hidi shamol tezligi va yo‘nalishining keskin o‘zgarishi oqibatida poligondan chiqqan tutun massalari hamda mayda aerozol zarrachalarining shahar tomon ko‘chishi natijasida yuzaga kelganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda poligonda rekultivatsiya ishlari davom etmoqda, vaziyat esa mutasaddi tashkilotlar tomonidan to‘liq nazoratga olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring