Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Yoshlarning bo‘sh vaqti yoki savodsizlikning ildizi qayerda?

Yoshlarning bo‘sh vaqti yoki savodsizlikning ildizi qayerda?

«Yoshlar» so‘zi aynan necha yoshdagi shaxslarni qamrab olishini aniqlab olsak, shunda muammoni muhokama qilish osonlashadi. Yuqori sinfga o‘tib, to oliygohni bitiribmi yoki hunar egallabmi? Albatta, bir ishning boshini tutib, shaxsiy hayotini yo‘lga qo‘ygan va bu yo‘lda tajriba orttirayotgan kishi borki, ularga yoshlar atamasi qo‘llanaveradi.

Bugun «Yoshlarning bo‘sh vaqti, bo‘sh vaqti» deymiz! O‘zi yoshlarda bo‘sh vaqt qolyaptimi? Hammasi o‘qish, ish, repetitorlarga qatnab, kechayu-kunduz ilm olish bilan band. Xo‘sh, agar bo‘sh vaqti qolmayotgan bo‘lsa, ularni savodsizlikka boshlayotgan illatlar ildizi qayerda bo‘lishi mumkin? Shu mavzuda yoshlar bilan disput o‘tkazishga kirishdik.

Nafosat Totliyeva, Buxoro davlat universiteti talabasi:

— Hozir aynan yoshlar uchun vaqt — bo‘sh! Ya’ni, ta’til davri. Ammo yoshlarning ko‘plari ta’tilni behudaga sarflashmoqda. Kechqurun nima qilish, vaqtichog‘liq uchun qayerga borishdan boshqasini o‘ylamayotgan ayrimlar ham yo‘q emas. To‘g‘ri, foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘layotganlar ham topiladi. Ammo bu oz, izlanuvchan yoshlar safining kengayishi zamon talabi darajasida jadal emas.


Behruz Nabiyev, Notiqlik san’ati bo‘yicha ekspert, teleboshlovchi:

— Nega ekan? Ta’tilda ham ayrim o‘quvchi, talabalar yoshlar tashkilotlari tomonidan o‘tkazilayotgan turli seminar yoki qizg‘in loyihalarda ishtirok etishyapti. Ko‘plarining oliy dargohga o‘qishga kirishga tayyorlanish uchun kutubxonalarda soatlab qolib ketishayotgani ham bor gap. Ma’lumotlar to‘plashadi. O‘quv-metodik kitoblar izlab, axborot-resurs markazlari xizmatidan foydalanadiganlar ham ancha.


Nargiza Ostonova, o‘quv markazi uslubshunosi:

— To‘g‘ri, shunday yoshlar borki, ular ham o‘qishadi, ham ishlashadi, buning ustiga dam olishga va boshqa maqsadlarini ham aniq belgilab olishga vaqt ajratishadi. Biroq, yoshlarning o‘z maqsadlariga erishishlarida, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib ketishlarida kattalarning ta’siri bo‘lmasa, yoshlar qiynalib qolishyapti.


Zarnigor Nafiddinova, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi matbuot kotibi:

— Nargiza, kattalarga «yuk»ni ag‘darish unchalik ham to‘g‘ri, deb o‘ylamayman. Vaholanki, tanganing ikkinchi tomonida yoshlarning o‘zi ham turishini unutmaylik. Avvalo, yoshlarga nima qiziqligini bilib olish kerak. Vaziyatni o‘qituvchiga yoki qaysidir ma’noda yoshlar tashkilotlariga ag‘darish bilan masala yechim topmaydi. Chunki, ular faqat yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, xolos. Yo‘lni tanlash esa yoshlarning o‘zidan.


Bekzod Ne’matov, Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi:

— Gapingizni bo‘laman, menimcha, qiziqishi bo‘lmagan yoshlar kelajakdagi maqsadlarini aniq qilib belgilab olishmagan shaxslardir. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Bu esa ularda maqsadning yo‘qligini anglatadi va o‘z-o‘zidan erinchoqlikni keltirib chiqaradi. O‘z-o‘zidan bo‘sh vaqtining oshib ketishiga sabab bo‘ladi.


Lola Idiyeva, kosmetolog:

— Yoshlar o‘z maqsadlariga nisbatan e’tiborsiz bo‘lmasliklari kerak, fikringizni uqdimmi, Bekzodjon?!


Zulfizar Mavlonova, «Buxoro yoshlari» gazetasi muxbiri:

— Mening bir tanishim bor. Aqli yetuk, iqtidorli. Rassomlikka juda qiziqadi. Ammo, keyingi paytlarda sevimli mashg‘uloti bilan umuman shug‘ullanmay qo‘ygan. Bo‘sh vaqtlarini doim ko‘chayu klublarda o‘tkazadi. Sababini so‘rasam, o‘zining bu iqtidori va qiziqishi ortidan kelajakda pul topa olmasligiga ishora qilyapti.


Xalil Nabiyev, Kogon shahridagi Amir Temur mahallasi fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi:

— Demak, mana shundaylarni, ya’ni iqtidori boru, ammo o‘z qiziqishlari etagidan tutib ketishga ikkilanayotganlarni atrofimizga jalb qilishimiz asosiy vazifalarimiz sirasiga kiradi. Rahmat, Zulfizar!

Dilnavoz To‘xtayeva, Buxoro davlat universiteti talabasi:

— Yaxshi fikr. Ammo, shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, tashqi sabablar-chi? Masalan, yon-atrofdagi tanish-bilishlarning ta’siri-chi?

Behruz Nabiyev:

— Menimchayam, tashqi ta’sirlar juda kuchli. Bir tomondan, yoshlarning keyingi paytlarda juda kam kitob o‘qiyotgani, ikkinchi tomondan, G‘arbning ta’siri: pop-musiqa, turli shou-dasturlar, axborot texnologiyalarning jadal rivojlangani yoshlarning bo‘sh vaqtlarini jiddiy ishlarga bag‘ishlashlari uchun to‘siq bo‘lib qolmoqda. Va bu o‘z-o‘zidan ma’naviy saviya darajasiga ham putur yetkazmay qo‘ymaydi.

Nafosat Totliyeva:

— Hozir biz ikkita qarama-qarshi javobni ko‘ryapmiz. Ya’niki, yoshlarning ayrimlari o‘z qiziqishidan kelib chiqib, turli to‘garak va o‘quv kurslariga qatnayotgan bo‘lsa, ayrimlari — g‘irt bekorchilar, shuning uchun ham jamiyatni buzadigan turli holatlarni keltirib chiqarishmoqda. Va bu bilan ular savodsizliklarini ham ko‘rsatib qo‘yishmoqda.

Rustam Rahimboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi:

Yoshlarning internetdan keragidan ortiq, haddan ziyod ko‘p foydalanayotgani ularning bilim olishga qiziqishining so‘nishiyu, savodsizligi oshishiga sabab bo‘lmoqda. Aksariyat vaqtini telefonga sarflashmoqda. Ota-onalar ishga sho‘ng‘igan yoki e’tiborsiz, ko‘plari farzandining kun davomida qanday ishlar bilan bandligini bilishmayapti.

Lola Idiyeva:

— Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini ma’naviy jihatdan ta’minlash maqsadida ancha ishlar qilindi Biroq, ko‘plab yoshlar hatto o‘sha dam olish maskanlarida ham ijtimoiy tarmoqlardan bo‘shashmayapti.

Oydin Bozorova, Buxoro shahridagi 39-IDUM o‘qituvchisi:

— Ammo, savodsizlikning kelib chiqishini har doim internetga bog‘layverish ham unchalik to‘g‘ri emas. Internet ham bir bozorki, kishi undan faqat o‘zi uchun kerakli narsalarnigina olishi kerak. Shu o‘rinda savodsizlik degan tushunchani to‘g‘ri qabul qilish kerak, deb o‘ylayman. Vaholanki, savodsiz yoshlarning ko‘payib ketayotgani bor gap. Esingizda bo‘lsa, bir necha yil ilgari kichik bir so‘rovnoma o‘tkazilgandi. Natijasiga ko‘ra, «Amir Temur — kurashchi, «Imom Buxoriyni bilmayman», Cho‘lpon — qo‘shiqchi» degan javoblar olingandi. Yoshlarning bu savodini oddiy holat, deb qabul qilish mumkinmi? Barcha sharoit, imkoniyatlar yaratib berilyapti, ammo yoshlardagi intilish, qiziqish ortayotgani, negadir, ko‘zga tashlanmayapti. Balki, hamma narsa muhayyo etib qo‘yilayotgani uchun shundaydir?

Zulfizar Mavlonova:

— Yo‘q, sharoitlar qancha muhayyo qilinsa, yoshlarda intilish shu qadar kuchayadi. Yoshlarning davr bilan hamnafasligini unutmaylik. Menimcha, yoshlarning ish bilan to‘liq qamrab olinmayotgani ham bunga turtki bo‘layotgandek. Bundan tashqari, maktabni tugatgach, ayrim yoshlarning ayni o‘qib-izlanadigan davrining ikki-uch yili bekor va nazoratsiz qolib ketayotgani bor gap. Yoshlarning fikru xayoli faqat pul topish kerak degan o‘y bilan band, bu ularni boshi berk ko‘chaga boshlab qo‘ymoqda.

Rustam Rahimboyev:

— Savodsizlik, aslida befarqliq va dangasalikdan ham kelib chiqadi. Dangasalikning mehnatdagi, o‘qishdagi ko‘rinishi bor. Eng og‘riqlisi, savodsizlikning fikrlashdagi dangasalikdan kelib chiqishidir. O‘ylashga erinish, atrofdagi voqeliklarga befarqlik bir kun yoki bir yilda paydo bo‘lmaydi. Yillar davomidagi tarbiya: oila, bog‘cha, maktab va to shaxs o‘zini-o‘zi tarbiyalashni anglagunigacha davom etadi. Yoshlar tarbiyasi va bolalarining bo‘sh vaqti bilan shug‘ullanishni oilada ota-ona to‘liq nazoratga olishi, rag‘batlantirishi ham kerak. Ayniqsa, mehnatkashlik ko‘nikmasini shakllantirishi juda muhim. Ko‘pincha xato narsani sezsak-da, ko‘z yumamiz. Uzoqroq o‘ylashga, yechim topishga erinibmi, natijasidan qo‘rqibmi, bizdan oldingilar takrorlagan xatoni takrorlayveramiz. Qisqasi, yoshlarda jasorat va mehnatsevarlik yetishmayapti.

Xalil Nabiyev:

— Yoshlarni savodsiz deb atayverish fikriga unchalik qo‘shilmayman. Hamma zamonlarda ham o‘z zamonasining olimu ulamolari bo‘lgani singari, bilimi sayoz insonlari ham bo‘lgan. Ammo hozirgi o‘quvchilarning dars tayyorlamasligi, darslarda tinmay shovqin qilib turishi qanchalik rost bo‘lganidek, ularning repetitor oldida tovush chiqarmay o‘tirishi, saboqlarga o‘z vaqtida yetib borishi, topshiriqlarini sidqidildan bajarish uchun kerak bo‘lsa, kechasi bilan uxlamay dars tayyorlashi shunchaki oddiy holatga aylangani hech kimga sir emas.

Bekzod Ne’matov:

— Ammo, Xalil, ko‘pchilik yoshlar uchun bo‘sh vaqtlarida biror bir kitob o‘qish yoki o‘z qiziqishlari bilan shug‘ullanishdan ko‘ra, turli noxush holatlarni keltirib chiqargan shov-shuvli xabarlaru, mish-mishlarni turli internet tarmoqlaridan o‘qish qiziqroq bo‘lib boryapti.

Zarnigor Nafiddinova:

— Menimcha, maktab darsliklari va o‘quv rejalaridagi keraksiz, ba’zida o‘ta cho‘zilib ketgan zerikarli mavzuyu ma’lumotlar yoshlarimizni maktab va o‘qituvchilardan zeriktiryapti. Turli beboshliklarga undayapti. Zero, hozirgi yoshlar tor dunyoga sig‘maydi, ular uchun anchagina keng va qiziqarli, ayni chog‘da kerakli ma’lumotlar juda zarur. Xullas, niholning egri yoki to‘g‘ri o‘sishi, ko‘karib-yashnashi niholga emas, aksincha, u o‘sayotgan tuproqqa, joyga va bog‘bonga bog‘liq. Daraxt juda ko‘p hosil bersayu, mevasida maza bo‘lmasa, bug‘doy yerda bexato ko‘karsayu boshog‘i bo‘lmasa...

Oydin Bozorova:

— Demak, atrofimizga turli sohalarga qiziquvchi yoshlarni yanada jamul-jam etsak, ularning jismonan va aqlan kamol topishida hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Yoshlar tashkiloti shunchaki yoshlar maskani bo‘lib qolmasligi kerak. Va bu yoshlarning qiziqishu salohiyatlariga qarab, bo‘sh vaqtlarini tashkil etish uchun rejalar tuzishimiz lozim.

Vaqt xuddi suvdek o‘tadi. Yoshlik — g‘animat. Vaqt isrofi — gunoh. Aynan shuni tushunib yetmaganlar yoki his qila olmaganlar ishsizlik, savodsizlik kabi muammolarga o‘ralashib qolmoqda.

Xulosa o‘rnida aytadiganimiz, yoshlarni ma’naviy barkamollik sari yetaklab borish uchun yangidan-yangi yo‘llar izlab topish zarur. O‘shanda har bir yosh o‘zining maqsadi sari intiladi, hayotda o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi. Shunga ko‘ra, ularning bo‘sh vaqtdan unumli foydalana olishlari qaysidir ma’noda yanada jiddiyroq ta’minlanishi zarur.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring