Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qirg‘iziston maxsus xizmati rahbariga suiqasd rejalashtirgan shaxs ushlandi – OAV

Qirg‘iziston maxsus xizmati rahbariga suiqasd rejalashtirgan shaxs ushlandi – OAV

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyat olamida «Rus Koyen», «Ruslan Bosterinskiy» laqablari bilan tanilgan Ruslan Duysheyevni qamoqqa oldi.

Qirg‘iz matbuoti xabariga ko‘ra, ushbu shaxs Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyevga qarshi suiqasd qilishni rejalashtirgan.

Tergov idoralaridan yashirinib kelgan 41 yoshli Ruslan Duysheyev Jalolobod viloyati To‘qtagul tumanida jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni legallashtirish moddasi bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan.

Mamlakat huquq idoralariga ko‘ra, R.Duysheyev o‘tgan yili o‘ldirilgan jinoiy avtoritet Qamchibek Kolbayevning (Qamchibek Asanbek) yaqin safdoshlaridan bo‘lib, Issiqkko‘l tumani Bosteri hududiga norasmiy ravishda nazoratchilik qilgan.

Muqaddam bosqinchilik, qotillik kabi jinoyatlarda ayblanib sudlangan ushbu shaxsga bu gal uyushgan jinoiy guruh tuzish aybi qo‘yilmoqda. 

Qirg‘iziston MXDQ Q.Kolbayev boshchilik qilgan jinoiy guruh a’zolarini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha amaliyot davom ettirilishini ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘iziston maxsus xizmatlari Bishkekda o‘tkazgan amaliyot chog‘i nafaqat mamlakat, balki MDH mintaqasida ham otning qashqasidek taniqli bo‘lgan jinoiy avtoritet Qamchibek Kolbayev o‘ldirilgandi. Huquq-tartibot idoralari «qonundagi o‘g‘ri» qarshilik ko‘rsatgani sababli otib tashlanganini bildirgan.

Buning ortidan Qirg‘iziston MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev mamlakatdagi uyushgan jinoiy guruh vakillarini keskin ogohlantirgandi.

«Endilikda mamlakatimizda «qonundagi o‘g‘ri»lar, uyushgan jinoiy guruh va to‘da rahbarlariga o‘rin yo‘q!» – deb bayonot bergan maxsus xizmat rahbari.

Tahlilchilarga ko‘ra, «Kolya qirg‘iz» laqabi bilan tanilgan Q.Kolbayevning o‘ldirilishi mamlakatda jinoiy to‘dalarga qarshi shafqatsiz urush ochilganidan dalolat beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring