Bobur haqida O‘zbekiston va Pokiston hamkorligida film suratga olinishi mumkin
O‘zbekiston va Pokiston hamkorligida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida qo‘shma film suratga olish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Pokiston Axborot va teleradioeshittirish vazirligi Tashqi targ‘ibot qanotining Markaziy Osiyo respublikalari bo‘yicha direktori Asif ur Rahmon Xon Xabar.uz muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha hozircha ishlab chiqish bosqichida. Ayni paytda ssenariy ko‘rib chiqilyapti, suratga olish maydonchalari va manzillar esa hali yakuniy tasdiqlanmagan.
«Loyiha qo‘shma ish bo‘lishiga umid qilaman. Pokiston hududida ham suratga olish ishlari bo‘lishi mumkin. Ammo bu masalalar hali hal qilinishi kerak», – dedi Asif ur Rahmon Xon.
Filmda qaysi mamlakat aktyorlari ishtirok etishi hozircha aniq emas. Bu boradagi tafsilotlar Pokistonning Elektron media va nashrlar direksiyasi hamda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan kelishilmoqda.
«Aktyorlar tarkibi to‘liq o‘zbekistonliklardan, pokistonliklardan yoki har ikki mamlakat vakillaridan iborat bo‘ladimi, degan savol qiziqish uyg‘otayotganini tushunaman. Menimcha, filmda ikki mamlakat aktyorlari ishtirok etadi. Bu Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi qo‘shma hamkorlik ruhiga mos bo‘ladi», – dedi u.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter