Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona va Sirdaryodagi muzeylardan 500 dan ortiq eksponat yo‘qolgani aniqlandi

Farg‘ona va Sirdaryodagi muzeylardan 500 dan ortiq eksponat yo‘qolgani aniqlandi

Foto: Yandeks

Respublikadagi davlat muzeylarida olib borilayotgan xatlov ishlari davomida «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari hamda Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondlarida muzey ashyolari kamomadi aniqlandi.

Xususan, «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida qariyb 500 ta, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa fond hisobida mavjud bo‘lgan 16 ta eksponatning yo‘qligi xatlov komissiyasi tomonidan qayd etildi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi.

Bu muzeylardan eksponatlar yo‘qolishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Joriy yilning aprel oyida Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamda uning Shohimardon tabiat muzeyi filiali fondida saqlangan 11 ta muzey eksponati yo‘qolgani haqida xabar qilingan edi.

O‘shanda Madaniy meros agentligi direktorining tegishli buyrug‘i bilan holat yuzasidan muzey mas’ul xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Bundan tashqari, 2022 yil yozida Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mlik 70 ta noyob eksponat (ulardan 56 tasi rangtasvir asarlari) qalbakilashtirilgani, shuningdek, muzeyni kapital ta’mirlash uchun ajratilgan 3,1 mlrd so‘m budjet mablag‘ining 1,4 mlrd so‘mi mansabdor shaxslar tomonidan talon-toroj qilingani ma’lum qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring