Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Metrodagi sarguzashtlar. Suratga olish mumkinmidi o‘zi?!

Metrodagi sarguzashtlar. Suratga olish mumkinmidi o‘zi?!

Asos shu, buyruq kelmagan, demak, mumkin emas!

Foto: «xabar.uz»

Yana bir ajoyib tong otdi. Millionlab yurtdoshlarim singari ishga otlandim. Poytaxtning «Chilonzor» metro bekatiga tushib poyezdga chiqqanimda, kuni kecha saytimizda metropoliten hududida suratga olish taqiqlangani bekor qilingan bo‘lsa-da, hanuz ichki ishlar xodimlari suratga olishga ruxsat bermayotgani, olingan suratlarni ham o‘chirtirib tashlashayotgani haqidagi xabar yodimga tushdi.

Bu rost yoki yolg‘onligini bilishning ayni vaqti emasmi? Metroda bo‘lsam, fotoapparatim bo‘lmasa-da, telefonim bor. Shu xayol bilan «Mustaqillik maydoni» bekatiga keldim. Telefonni chiqardim va bir nechta suratlar oldim. Ichki ishlar xodimi yo ko‘rmadi, yo ko‘rmaganga oldi, yoki haqiqatan ham metropoliten hududidagi bu cheklov bekor qilingan.

«Mustaqillik maydoni» bekati

Keyingi chiroyli bekat «Alisher Navoiy»!

Endi harakatlarim ancha erkinlashdi. Bo‘larkan-ku! Toshkent metropoliteni nafaqat yo‘lovchi tashish tizimi, balki uning har bir bekati durdona san’at asarlari majmuasi. Buni yashirish emas, aksincha, ko‘z-ko‘z qilish kerak. Har bir yo‘lovchi, ayniqsa uzoqdan kelgan mehmonlar suratga olsin va yaqinlariga ko‘rsatsin. Tayyor reklama-ku bu. Metropoliten ham kichik bir shahar, uning ham turistik salohiyati bor. Har bir kishining taassuroti keyingi tashrif buyuruvchini chorlashi lozim. Metropoliten hamon davlat dotatsiyasida ishlayotganini hisobga olsak, yo‘lovchilar sonining oshirilishi zarar qilmaydi axir.

«Alisher Navoiy» bekati

Xullas «Alisher Navoiy» bekatining muhtasham zalini qamrab olgan telefonim tugmasini bosgan chog‘imda ortimdan o‘zi notanish bo‘lsa-da, ohangi tanish ovoz eshitildi:

— Oka, to‘xtang!

Qarshimda kutilganidek ichki ishlar idorasining ko‘rkam xodimi namoyon bo‘ldi. U odatiga ko‘ra shaxdam qadamlar bilan qarshimga keldi va «chest» berdi.

— Serik Bekmurodov, bu hududda suratga olish mumkin emas!

— Nega mumkin emas ekan?

— Metropolitendan foydalanish qoidalarining 5.11-bandiga ko‘ra.

— Ko‘rsata olasizmi shu bandni?

— Marhamat, yuring.

Yuqoriga ko‘tarildik. Serik menga ko‘plab qoidalarni jamlagan ulkan stendni ko‘rsatdi. Unda haqiqatan ham 5.11-band bor, bandda «Metropoliten ma’muriyatining ruxsatisiz videoyozuvchi va boshqa mobil-elektron (mobil telefon, smartfon, planshet va boshqalar) orqali kino – fotosuratga olish, foydalanish, shuningdek tovush chiqaruvchi boshqa texnikadan, magnitofon, radiopriyomnik eshitish moslamalari bilan, yoki ularsiz, hamda cholg‘u asboblaridan foydalanish, jamoat tartibiga xavf soluvchi omillarni keltirib chiqarish» taqiqlanadi deya aniq-tiniq yozib qo‘yilgan.

Biroz g‘aliz jumlalarda hamon amal qilib turgan taqiq aks etgan.

Metropoliten ichida qanday qilib radiopriyomnik eshitish mumkinligini, cholg‘u asboblaridan foydalanish orqali jamoat tartibiga xavf soluvchi omillar qay tartibda tug‘ilishini bir chetga surib, aynan o‘zimizga tegishli qismiga izoh berdim va hujjatimni ko‘rsatdim:

— Bu taqiq bekor qilingan-ku. Shu yilning 7-fevralida Xalqaro press-klub Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimov bilan birga uyushtirgan matbuot anjumanida bu rasman e’lon qilindi. O‘zim shu anjumanda qatnashgan va maqola yozgan edim. Bilishimcha, Toshkent shahar hokimining bu cheklovni bekor qilish bo‘yicha qarori ham qabul qilingan.

— Oka, biz buyruqqa bo‘ysunamiz. Bizga hali bunaqa buyruq yetib kelmagan.

— Axir bu anjuman o‘tganiga ham ikki oy bo‘ldi. Nahot sizlar haliyam bundan bexabar bo‘lsangiz?

— Bilmadim, biz belgilangan buyruqni bajaruvchi xodimmiz. Agar suratlarni o‘chirmasangiz boshlig‘imizga kirishimizga to‘g‘ri keladi.

— Bir fikrga kelmagunimizcha suratlarni o‘chirmayman.

— Yuring xonaga.

Burchakdagi chog‘roqqina xonaga kirdik (shu xonaga kirishda bekatlar ichida ham yana pastga tushib ketuvchi zinalar borligini ko‘rdim). Barvasta yigit o‘rnidan turib salomlashdi. Tanishtirishicha, safdor Izzatulla Ismatov, ichki ishlar xodimlarining bekat bo‘yicha rahbari ekan.

— Aka, nima muammo? — so‘radi u.

— Muammo yo‘q, xodimingiz telefonimdagi bekat suratini o‘chirib tashlashimni talab qilmoqda.

— Ortiqcha harakat qilmadimi, qo‘pol so‘z ishlatmadimi?

— Yo‘g‘-ye, yagona talabi shu.

— Xodimimiz to‘g‘ri talab qilgan. Telefoningizni bering, suratlarni o‘chirib tashlaylik.

Ikkimiz bahsning ikkinchi raundini o‘tkazdik. Qizig‘i, bu xonaning devorida ham yuqoridagi taqiqlar ko‘rsatilgan stend o‘rnatilgan ekan. Tortishuvda yana bir fikrga kela olmadik. Asos shu, buyruq kelmagan, demak, mumkin emas!

— Telefoningizni bering, tekshirishim kerak.

— Telefon shaxsiy mulkim, buni tekshirish uchun asos kerak.

— Men faqat metropolitenga javob beraman. Tegishli suratlarni ko‘raman va o‘chirib tashlayman. Balki siz tunnelni suratga olgandirsiz.

— Qayerlarni suratga olganimni o‘zim tan olib turibman-ku.

Rahbar baribir rahbar-da, Izzatulla ukamiz bahsga uzil-kesil nuqta qo‘yishga ahd qildi va ichki telefon go‘shagini ko‘tardi:

— «Navoiy»dan safdor Ismatovman! Bir yo‘lovchi bilan tushunmovchilik bo‘layapti. Jurnalist ekan. Olgan suratlarini o‘chirishni istamayapti. Taqiq bekor qilinmagani to‘g‘risidagi hujjatni jo‘nata olasizmi yoki yanayam yaxshisi o‘zingiz kelib tushuntiring. Xo‘p, kutaman.

— Menga ham ruxsat bersangiz, aloqa yo‘qligi uchun bir tashqariga chiqib kelsam, telefonimda bu mavzudagi ma’lumotlarni olib qaytaman.

— Yo‘q, ozgina sabr qilib turing.

Sabr qilib turdim. Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Atrofimga qaradim, bu tuzukkina masala shekilli, kichkina xonada meni kuzatish uchun rosa besh nafar ichki ishlar xodimi to‘planibdi. Yigitlarning hammasining ko‘zi menda, bir-ikkitasi eshikdan kirib-chiqib turishibdi. Ularga yuzlandim:

— Ukalar, men qochib ketmayman, biz shunchaki masalaga oydinlik kiritayapmiz. Sizlarni xizmatlaringizdan qoldirmay.

— Aka, biz o‘zi navbatchilikni topshirmoqchi edik, ketayotganimizda shu masala chiqib qoldi. O‘zi har kuni shu muammo ko‘tariladi. Suratga tushirishadi, biz o‘chirtirib tashlaymiz. Yo‘lovchilar taqiq bekor bo‘lgani e’lon qilinganini ro‘kach qilishadi. Oydinlik kiritilsa bizga ham yaxshi.

— Axir mehmonlar ne umidlar bilan kelib suratga tushishadi.

— To‘g‘ri, lekin yana o‘sha gap, biz buyruqqa bo‘ysunamiz.

Vaqt o‘taverdi. Men telefon qilishga ruxsat so‘radim. Ammo ichki telefondan shaharga chiqib bo‘lmas ekan. O‘z telefonim ishlamaydi. Aloqa yo‘q, haqligimni isbotlash uchun internet titkilashim kerak. Betoqat bo‘la boshlaganimni ko‘rib post rahbari yana qo‘ng‘iroq qildi va suhbatlashdi:

— Hozir o‘zlari qo‘ng‘iroq qilisharkan.

Taxminan besh daqiqa o‘tib, nihoyat masalaga aniqlik kirituvchi, tarozining qaysidir pallasini bosib ketuvchi qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Go‘shakni menga berishdi.

— Metropoliten navbatchisi, mayor Rustam Tursunovman. Nima muammo?

— Muammo yo‘q. Nima bo‘yicha bahslashayotganimizni eshitgandirsiz.

— Ha, eshitdim. Taqiq bekor qilingani bo‘yicha buyruq chiqqan. Lekin hali hamma joyga yetkazilmagan ekan. Suratlaringizni o‘chirmasligingiz mumkin.

— Buyruq aynan qachon bekor bo‘lganini ayta olasizmi?

— Hozir yonimda hujjatlar yo‘q edi. Abror aka, yigitlar qo‘pollik qilishmadimi?

— Yo‘q, aslo.

— Yuzaga kelgan vaziyat uchun uzr so‘raymiz.

— Katta rahmat!

Qayd daftarini tutqazishdi. «Ichki ishlar xodimlariga e’tirozim yo‘q. 2018-yil 5-aprel» deya yozib, imzo chekib berdim. Yigitlar meni kuzatib qo‘yishdi.

Buyruq qayerlardadir qolib ketgani, uning ortidan tushgan, vaqtida e’lon qilmagan odam yo‘qligi, bu bilan hatto hech kim qiziqmaganini ham unutdim. Vaziyat nihoyat uzil-kesil oydinlashdi!

Alohida ta’kidlashim shart: ichki ishlar xodimlari men bilan juda xushmuomala bo‘lishdi, birorta ortiqcha gap so‘zlamadilar. Bu ham ularning muomala madaniyati yuksalayotganidan, mazkur masala yuzasidan alohida ish olib borayotganidan dalolat. Baraka topishsin!

O‘z poytaxtingga viloyatdan kelib, yelkangni qisibgina qo‘rqa-pisa telefonini chiqargan ukam — ko‘kragingni kerib suratga tush va do‘stlaringga ko‘rsat! Endi bu mumkin.

Qomatini va yuzini andak qiyshaytirib selfi tushishni yoqtiradigan go‘zal qiz — shundoq go‘zal tasvirlar fonida suratga tushing hamda o‘zbek go‘zalining qiyofasini yarating! Endi bu mumkin.

Xorijdan kelgan va metropolitenimizdagi ajoyib kompozitsiyalardan hayratlangan sayyoh — ularni fotoapparatingizga muhrlang hamda O‘zbekiston xalqining ijodkorligi, san’atini butun dunyoga ko‘z-ko‘z qiling! Endi bu mumkin.

Toshkent metropolitenining «Chilonzor», «Mustaqillik maydoni»
va «Alisher Navoiy» bekatlaridan «Xabar.uz» uchun maxsus.
Suratlar uyali telefonda olingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring