Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Ikkinchi xotinga qo‘yilgan shart: Otasini bilmay o‘sgan bolalar yoxud o‘z bolasidan yashirincha uchrashuvga boradigan qo‘shxotinlilar

Ikkinchi xotinga qo‘yilgan shart: Otasini bilmay o‘sgan bolalar yoxud o‘z bolasidan yashirincha uchrashuvga boradigan qo‘shxotinlilar

Keyingi paytlarda shar’iy nikoh o‘qitib oila qurgan va natijada agar er birinchi oilasiga ketib qolsa farzandi bilan ko‘chada qolayotgan ayollar haqida ko‘p eshitayapmiz. Hattoki o‘z joniga suiqasd qilgan birinchi yoki ikkinchi, uchinchi bo‘lgan ayollar ham bor. Qo‘shxotinlik masalasi hozirda dolzarb muammoga aylanib bo‘ldi. Shu bois Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qonunni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqmoqda. Ya’ni, qo‘shxotinlik targ‘iboti uchun javobgarlik masalasi.

Bugungi suhbatdoshimiz Turg‘unoy Xudaynazarova bilan aynan shu mavzuda suhbat tashkil qildik. Turg‘unoy Xudaynazarova Farg‘ona shahar «CIVIL EXPERT» advokatlik byurosi advokati. 1995 yildan shu kungacha advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanadi. Orada besh yil (2004-2009) fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudining sudyasi lavozimida ishlagan.

– Avvallari ham birdan ortiq ayol bilan yashaganlar bo‘lgan, lekin bu holat boshqalardan sir tutilgan, endi esa bunday shar’iy nikohli oilalar oshkora paydo bo‘lmoqda va avvalgidan ancha ko‘paygan...

– Sobiq SSSR davridan buyon qonunchilikka ko‘ra birdan ortiq ayol bilan umumiy ro‘zg‘or asosida birga yashash jinoyat hisoblanib kelgan. Mustaqillikdan keyin ham bu moddaning dispozitsiyasi o‘zgarmagan. Bir necha xotin bilan yashovchilar avvaldan bo‘lsa-da, soni juda oz va ular keyingi oilasi bilan yashirincha yashashgan, oshkorlikdan qattiq qo‘rqishgan.

O‘sha davrda bu nikohning oshkor bo‘lishi,  agar erkak davlat xodimi bo‘lsa, uning axloqqa zid xulqi uchun ishdan ketishiga sabab bo‘lardi.

Dinga mutloq erkinlik berildi. Hamyurtlarimiz uchun haj, umra amallarini bajarishlariga imkoniyatlar kengaydi. Ayollarning hijob o‘rashi o‘z tanloviga qoldirildi, nomoz o‘qish, ro‘za tutish kabi farzlar bekamu ko‘st bajarilmoqda. Ammo shunga qaramay internet tarmoqlarida dindan uncha tushunchasi bo‘lmaganlar faoliyati avj oldi – ayolning erkak bilan tengligini kamsituvchi, ayolning erkini cheklash (ko‘chaga chiqarmaslik, ayolga so‘zi o‘tmasa urish mumkinligi, ayolini rashk qilmaganlar dayus hisoblanishi va hokazo)ga qaratilgan targ‘ibot qaynab toshdi. Ba’zi chala mullalar boshlab bergan tendensiyani ularga ergashuvchilar keng yoyishdi, shu darajaga yetib keldikki, hali jag‘iga tuk chiqib ulgurmagan yigitchalar ham qo‘shxotinlikni targ‘ib qiluvchi roliklar olib tarqatayapti.

Bu orada moddiy imkoni kengroq bo‘lganlar ochiq-oshkora bir necha xotin olishni, bir necha oilada farzandlar ko‘paytirishni boshlashdi.

 Aynan ayrim diniy chiqishlar, da’vatlar jamiyatda mavjud bo‘lgan o‘sha UYaT hissini yo‘qotdi, o‘rniga ko‘p xotinlilarning maqtanchoqligi faxrga aylandi.

Ilgari erkaklarning hirsini jilovlay olmaslik uyat edi, endi ayollar begona erkakning nafsi qo‘zg‘alishiga sabab bo‘lishi uyatga aylandi, ya’ni uyatning sub’yekti almashdi.

Avvaliga moddiy imkoniyati keng erkaklar xotinni ko‘paytirgan bo‘lsalar, endiga kelib ota-onasining qo‘liga qarab yashaydigan boqimanda yigitning bir necha qizga uylanayotganini ham yoki aksincha, moddiy imkoni keng ayolga osilib olayotgan oilali alfonslarni ham ko‘ryapmiz.

Faoliyatim davomida ko‘pxotinlik masalasi bilan bog‘liq ko‘plab holatlarga duch kelganman. Yuqoridagi xulosani chiqarishimga shular asos bo‘lgan.

– Ko‘pxotinlik tenglikni inkor qiladimi? 

– Ko‘pxotinlik targ‘iboti va ayollar huquqlarini kamsitish masalalarini bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, ular doimo yonma-yon. Chunki ko‘pxotinlikning o‘zi ayolning erkak bilan teng huquqli ekanligini inkor etadi. Targ‘ib etilayotgan tushunchaga ko‘ra erkak bir necha xotin olishi mumkin, ayol bir necha er bilan yashashi mumkin emas (aslida bularning har ikkisi ham jamiyatni buzuvchi illat!).

Ko‘pxotinlik tenglikni inkor qilishidan tashqari yana ko‘plab muammolarni ham keltirib chiqaradi. Ish jarayonimda juda ko‘p kuzatadigan voqea:

Erkak ayolni ikkinchi xotin qilib olgan, uy olib berishni va’da qilib, ijara kvartiraga joylashtirgan. Ayol homilador bo‘lishi bilan qochib qolgan. Hech qanday daromadga ega bo‘lmagan ayol qo‘lida chaqalog‘i bilan sarson. Bolaning otaligini belgilatish, aliment undirish kerak, lekin bu ham uning muammolarini to‘liq hal qilmaydi.

Yana bir misol: Bir tashkilotda ishlaydigan mansabdor shu idoradagi farrosh ayolning qizini oilasidan yashirincha ikkinchi xotin qilib olgan, farzand ko‘rishgan. Ikkinchi xotinidan bo‘lgan qizi 8 yoshga to‘lganida u bilan jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirib yurganini xotini bilib qolgan. Erkak 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

– Erkakning birinchi xotinidan yashirincha uylanishning salbiy oqibatlari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Chunki kasalni yashirsang isitmasi oshkor bo‘ladi...

– Bunaqa misollar ko‘p...Birinchi xotini bilan qonuniy ajrashmagan erkak o‘ziga to‘q ayolga xotini bilan yashamasligini aytib, shar’iy nikoh bilan uylangan. Lekin yashirincha birinchi xotini bilan ham yashab yurgan, nikohini bekor qilmagan. Bir necha yillik shu tariqa hayotdan so‘ng erkak o‘zini osib o‘ldirgan. Uning nomiga ikkinchi xotin bilan birgalikda sotib olingan barcha mulklarning yarmisi birinchi xotinning umumiy mulkdagi hissasiga aylangan. Eriga ishonib uning nomiga mulk sotib olgan ikkinchi xotin nafaqat umumiy mulkka ulushdor, balki eriga merosxo‘r ham bo‘lmagan. Hozirda marhumning onasi tomonidan sudda da’vo qo‘zg‘atilgan.

Yana bir shunday holat. Bizga birinchi xotin murojaat qildi. Erkak ikkinchi xotin olgan, har ikkisi bilan yashab yurgan, har ikkisiga ham hovli olgan, lekin barcha ko‘chmas mulklari o‘zining nomida bo‘lgan. Erkak vafotidan keyin ikkinchi xotindan tug‘ilgan bolalari mol-mulkni dadasining shaxsiy mulki deb topish (birinchi xotin bilan umumiy mulki emas deb topish) haqida da’vo qo‘zg‘atgan.

– Ikkinchi xotinga shart qo‘yadiganlar ham uchraydi, shundaymi? Va bu shartlar keyinchalik qanchalik qimmatga tushadi?

– Meni eng ta’sirlantirgani bundan 10-15 yil oldin bir voqea bo‘lgandi. Farg‘onaning ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlaridan biri yordam so‘rab kelgandi.

Xullas, u bir ayol bilan yashirin uchrashib yurgan. Ayol farzand ko‘rishni istagan, erkak uning oldiga bir qator shartlar qo‘ygan. Ayol uning shartlariga ko‘nib, bolani o‘zi uchun tug‘ishini, unga hech qanday majburiyat yuklamasligini aytgan. Bola tug‘ilgan. Ta’sir qilgani shuki, erkak ayol bilan uchrashishni davom ettirgan bo‘lsa-da, uning uyiga bola yo‘qlik vaqtida borarkan, bolani ko‘rmaslikka harakat qilarkan, unga mehrim tushib qolmasin derkan. Bola maktabga borgan vaqtida o‘rtalarida kelishmovchilik bo‘lgan, ayol otalikni belgilash haqida da’vo qo‘zg‘atgan. Erkak mening oldimga shu gap oilasiga, bolalari va xotini qulog‘iga yetib bormasligi uchun qanday yo‘l tutishni so‘rab kelgan. Ikkinchi ayoldan orttirgan bolasining taqdiri uni mutlaqo qiziqtirmasdi...

Shunday shart bilan bolali bo‘lgan ayollar ham ko‘p. Yana bir ayol  oilali erkakdan shunday shartlarda ikki farzand tuqqan. Bolalar voyaga yetdi, to‘ylar qildi, farzandli bo‘lishdi, ammo ular haqiqiy dadalarini tanishmaydi. Hozir u yana bittasiga ikkinchi xotin bo‘lib tegib, bir o‘g‘il tuqqan. 

– Qonuniy nikohi bo‘lmaganlarga shar’iy nikoh o‘qilganligi uchun ma’muriy javob belgilangan, bu qanchalik o‘zini oqladi?

– Avvallari ko‘pxotinlilar endi «faoliyat boshlagan» vaqtda ko‘proq aliment, bolalar tarbiyasi va ta’minoti bilan bog‘liq nizolar bo‘lardi. Qo‘shxotinlilarning birinchi avlodi qo‘pol qilib aytganda vaqti qazosi yetib dunyodan ko‘z yumayapti. Endi sudlarda meros nizolari ko‘paymoqda. Yangi qo‘shxotinli erkaklar yosh, ular ham qachondir vafot etsa tasavvur qilayapsizmi, kelajakda ulardan tug‘ilgan bolalar meros talashishini. Ular katta bo‘lib, meros talashadiganlar hozirgilardan bir necha barobar ko‘p bo‘lishini, yana qancha chalkashliklar bizni kutib turganini tasavvur qilayapsizmi?

Shu holatlarga barham berish uchun qonunchilikka o‘zgarish kiritish shart edi. To‘g‘ri, qonuniy nikohi bo‘lmaganlarga shar’iy nikoh o‘qish uchun avvaliga ma’muriy javobgarlik belgilandi, lekin o‘tgan vaqt bu javobgarlik ayrimlarni to‘xtatmaganini, ya’ni bu chora yetarli emasligini isbotladi. Shuningdek,  JKning 156-moddasi 1- va 2- qismlariga ham o‘zgarish kiritilmoqda. Bu modda milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish uchun javobgarlikni belgilaydi.

Ijtimoiy tarmoqda keng tarqalgan mavzulardan yana biri milliy masala.

O‘zbek bilan qirg‘izni, rus, tojik va qozoqni taqqoslab, o‘tmishda bo‘lgan ba’zi nizolarni o‘z talqinida yoritish bilan boshqa millatga nisbatan adovat uyg‘otishga qaratilgan materiallar ko‘pligini hech kim inkor etolmaydi. Lekin bu materiallar diniy adovat, o‘zgalarning e’tiqodiy tuyg‘ularini haqoratlash harakatlari oldida ip esholmaydi.

Internetdagi ba’zi dindan xabari yo‘q chala dindorlar bu sohada monopoliya o‘rnatib olishgan, desam mubolag‘a emas, ular istagan odamiga «kofir», «murtad», «najas» tamg‘asini bosish huquqiga egaman, deb hisoblaydilar. E’tiqod bo‘yicha tuyg‘ularni haqoratlash uchun jinoiy javobgarlikning belgilanishidan jazavaga tushayotganlar ham aynan shular.

Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga ham bir necha o‘zgarish kiritilmoqda.

Ko‘pxotinlikni targ‘ib qilish, rag‘batlantirish harakatlari uchun javobgarlik belgilanishi (47-8-modda) nazarimda ayni muddao va buning uchun og‘irroq jazo belgilanishi tarafdoriman. Chunki aynan shu targ‘ibot jamiyatni feodal tuzum tomonga tortyapti, ayollar huquqlari kamsitilishiga, bolalarning to‘laqonli bo‘lmagan oilalarda, noto‘g‘ri muhitda o‘sishiga, nizolarga sabab bo‘lmoqda.

– Yana bir savol burqa kiyishni ta’qiqlovchi qonunni ko‘pchilik teskari talqin qilishmoqda, axir u yerda ro‘mol o‘ramaslik haqida hech qanday gap yo‘q, balki yuzni yashirmaslik haqida fikr ketayapti...

– MJtKga yangi kiritilayotgan 184-4-modda jamoat joylarida shaxsni aniqlashga imkon bermaydigan darajada yuzni yopib yurish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi ham ehtiyoj. Dunyo miqyosidagi achchiq tajribadan ma’lumki, ko‘plab jiddiy jinoyatlar, ayniqsa, terrorchilik holatlari aynan shunday liboslardan foydalangan holda bajarilgan. Libos fuqaroga kimligini yashirgan holda g‘ayrihuquqiy harakatlarni amalga oshirish imkonini bermasligi kerak. Tasavvur qiling, burqa kiyib yuzini to‘liq yashirgan odam bir bolani o‘g‘irlab ketdi. Na barmoq izi, na shaxsni aniqlash imkonini beruvchi ko‘rinish bor. Bunday jinoyatni ochish imkoni bormi?! Shu sababli bu o‘zgarish huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun ham muhim.

Davlatimiz konstitutsion tuzumda, sekulyar davlat ekanligini unutib qo‘ygan yoki tan olishni istamaganlar judayam ko‘p va ularning asosiy qismi diniy mutaassib erkaklarni tashkil  qiladi.

2019-yilda MJtKga kiritilgan 184-1-modda ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. Bu moddada fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurish uchun javobgarlik belgilangandi, modda haqiqatan ham mukammal bo‘lmagani uchun deyarli ishlamagandi. 184-4-modda kodeksga kiritilayotgani munosabati bilan 184-1-moddaga ehtiyoj qolmadi va kodeksga kiritilayotgan oxirgi o‘zgarish – ushbu moddani chiqarib tashlash bo‘ldi.

JKning 126-moddasidan «umumiy ro‘zg‘or asosida», degan so‘zlar chiqarib yuborilmadi. Ya’ni umumiy ro‘zg‘or yuritmasdan, alohida ro‘zg‘orda bir necha ayol bilan yashash haliyam jinoyat emas, degan tushuncha ko‘pchilikni chalg‘itayotgan bo‘lishini e’tiborga olishimiz kerak. O‘ylaymanki, masalaning bu tomoni ham o‘rganiladi.

Bunday qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi kelajakda ayollar va bolalarning huquqlari buzilmasligi, yetim bolalarning ko‘payishi oldi olinadi, har bir fuqaroning vijdon erkinligiga daxl qilinmaydi.

– Suhbat uchun tashakkur!

 

Barno Sultonova suhbatlashdi

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring