Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Verter soyasi: Ayting-chi, siz chohga itaruvchimisiz yoki qutqaruvchi?

Verter soyasi: Ayting-chi, siz chohga itaruvchimisiz yoki qutqaruvchi?

Foto: iStock

Ha, hayot go‘zal

Bundan 15 yil oldin “Hayot go‘zal” degan teleko‘rsatuvga taklif qilishgan. O‘zingiz va ichki tuyg‘ularingiz haqida ochiq gapirish deyarli tabu bo‘lgan davrlar edi. Bo‘lib ham o‘z joniga suiqasd mavzusi... va shu holatdan qanday chiqib hayotga qaytganimni gapirib berishim kerak edi. U paytlari ko‘pchilik uchun depressiya so‘zining o‘zi ham hatto noma’lum bo‘lgan. Hozirgacha bir sinfdoshim o‘sha ko‘rsatuvda aytgan gaplarimga hayron qoladi va har safar ko‘rganida savolini qaytaradi: “Nega o‘sha ko‘rsatuvda hayot qorong‘u ko‘ringan, yashagim kelmagan degan eding?”.

Men esa har safar jim qolaman. Chunki depressiyani bilmagan odamga uni tushuntirish — rangni ko‘rmaganga rangni ta’riflashdek.

O‘sha kunlarni eslasam... ko‘nglimga qil ham sig‘magan, hamma joy juda qorong‘u ko‘ringan. Yuragim besaranjom, qo‘rquv va tahlika holu jonimga qo‘ymagan, yashagim kelmagan, ammo shu xayol meniki emasligini ham bilardim. Chunki inson yashashni istashi kerak. Nega men yashashni xohlamaganman? Axir muammolar hammada ham bo‘ladi-ku…

Birinchi iyun kuni, qizim hali go‘dak payti, bolalar bayramidan qaytarkanman, ichimda ilk bor quvonchni his qilmaganimni payqadim. Ertalab esa osmonga qarab, uni bulutli deb o‘yladim. Atrofimdagilar esa hayron: “Quyosh charaqlab turibdi-ku”, deyishdi. O‘sha kuni ilk marta qalbimdan bir begona fikr o‘tdi: hayot mazmunsiz… yashagim kelmaydi. 29 yoshimgacha bunday fikrni hatto tasavvur ham qilmaganman. Keyin qo‘rquvlar boshlandi. Sababsiz bezovtalik, uyqusizlik, ko‘z yoshlar. Va eng og‘riqlisi — hayotga bo‘lgan qiziqishning so‘nib borishi. Men o‘zimni tushunmasdim. Nima bo‘ldi menga? Quvonchlarim qayerga ketdi? Orzularim-chi?

Kimningdir maslahati bilan nevropatologga bordim. Ilk bor “stress” degan so‘zni o‘shanda eshitdim. Shifokor dori yozib berarkan, ichimda shubha paydo bo‘ldi: nahotki dorilar hayotga bo‘lgan qiziqishni qaytarsa?

Keyin qo‘limga tasodifan psixologiyaga oid kitob tushib qoldi. O‘sha kitobda ilk marta “depressiya” degan so‘zni o‘qidim: yig‘loqilik, tushkunlik, befarqlik. Hatto o‘z joniga suiqasd haqida fikrlar… Kitobda yana bir gap bor edi: bu holat o‘tib ketadi.

Bu gap menga umid bo‘lmadi, ishonch ham emas. Shunchaki qalbimning bir chekkasiga joylashgan fikr bo‘lib qoldi.

Har kecha “ertaga hammasi boshqacha bo‘ladi”, deb uxlardim. Ertalab esa yana o‘sha holat — qora xayollar, ichki besaranjomlik, izohlab bo‘lmaydigan qalb og‘rig‘i. Buni tushuntirish qiyin. Bu holatdagi insonning har bir soniyasi azobli qalb og‘rig‘i bilan o‘tadi. Hayotdan ma’no izlaysan, ammo u yo‘qdek, chunki quvonch, umid, qiziqishlar tugagan joyda ma’no ham yo‘qolarkan...

Miyaga o‘rnashib olgan, qochib bo‘lmaydigan fikrlardan qutulishni istaysan. Xuddi qalbingda og‘ir yukni ko‘tarib yurgandek bo‘lasan. Hamma narsadan qochsa bo‘lar, lekin o‘zlikdan qochib bo‘lmaydi...
Keyin uzoq davolanishlar, qadamba-qadam hayotga qaytish… Va bir kun kelib, hayot yana asta-sekin ranglarini qaytardi.

Hozir o‘ylayman: depressiyani anglab, undan chiqib ketgan, qaytadan hayotni tiklagan mendek odamlar qancha ekan? Hayotni depressiyadan keyin boshqacha, lekin yanada ongliroq yashayotganlar-chi… Farzandlarini katta qilayotganlar, ishlab odamlar orasiga qo‘shilganlar, ijodkor bo‘lsa ijodini davom ettirayotganlar… biz ularni ko‘pincha bilmaymiz, ammo agar shu holatga duch kelgan odam fojeali yo‘lni tanlasa-chi?

Yosh shoirning o‘limi...

Yaqinda yosh shoirning o‘z joniga qasd qilgani haqida xabarlar tarqaldi. U men chuqur depressiyani, tushkunlikni boshdan kechirgan yoshda ekan... Ketma-ket she’rlar, marsiyalar, jamiyatni ayblovchi hissiyotli postlar yozildi. Kap-katta odamlar, taniqli ijodkorlar bilib-bilmay bu fojiani romantizatsiya qilib, uni “go‘zal bir yakun”dek tasvirlay boshlashdi. Ammo biz bir narsani unutyapmiz, o‘limni ulug‘lash — choh yoqasida turgan boshqa zaif qalblarni pastga itarib yuborish bilan barobardir. “Shoir nega o‘zini osdi?”, “Nega u dunyoga shoshar shoirlar” kabi xabarlarga juda ko‘pchilik shoir e’tiborsiz qolgani, eshitilmagani uchun bu dunyodan ketdi, deb izohlar yozishgan. Hatto bir jurnalist depressiyadan aziyat chekib o‘z joniga qasd qilgan mashhurlarning ro‘yxatini sanagan, yana bir hamkasbimiz esa yosh ketgan ijodkorlarning yillarigacha ko‘rsatib o‘tgan. Yana birov professional psixologlar yetishmasligi sabab yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilishlar ko‘payganini yozg‘irmoqda... Qizig‘i, shoir bola biron marta psixologga uchraganmikan? Aslida o‘z joniga suiqasd haqidagi fikrli odamlar psixolog emas psixiatrga uchrashi kerak...

Yana bir ijodkor unga atab she’r yozadi, she’rning qo‘rqinchliligini qarang: “nega u dunyoga shoshar shoirlar, jannatdan xushxabar kelarmikan yo...” Mana shu ikki qator misraning o‘zi qanchalik xavfli ekani bir ilmiy ish qilishga arziydi. Bunday talqinlar, istamasak-da noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishi mumkin, ya’ni azobni ijod manbaiga, tark etilishni ulug‘lashga, fojea esa romantika degan fikr shakllanadi.

Verter va Papageno: So‘zning o‘ldirish va qutqarish qudrati

Yosh shoirning o‘limini romantiklashtirish, u haqda xabarlarni ko‘paytirish xuddi shunday kayfiyatda yurgan yoshlarga nima beradi, degan savolni har bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi o‘ylab ko‘rishi kerak. Psixologiyada “Verter effekti” degan tushuncha bor. Bu biror mashhur insonning o‘z joniga qasd qilishi ommaviy axborot vositalarida hissiyot bilan, tafsilotlarigacha yoritilsa, boshqa odamlar orasida ham shu ishni takrorlash ko‘payishidir. “Verter effekti” tushunchasi 1774-yilda Gyotening “Yosh Verterning iztiroblari” asari nashr etilgandan so‘ng paydo bo‘lgan. Asar qahramoni sevgisi rad etilgach, o‘zini o‘ldiradi. Kitob dunyo yuzini ko‘rgach, Yevropa bo‘ylab yoshlar orasida xuddi Verterdek kiyinib, xuddi u kabi qurol bilan hayotga nuqta qo‘yish to‘lqini boshlanadi. O‘sha asardan so‘ng Yevropada yuz bergan o‘limlar zanjiri bugun ijtimoiy tarmoqlardagi “layk”lar va “repost”lar shaklida qaytalanmoqda.

Biz “Shoir nega o‘zini osdi?”, “Bu dunyo unga torlik qildi”, deb yozayotganimizda, aslida navbatdagi fojia uchun ssenariy yozayotgan bo‘lamiz.

O‘z joniga suiqasd qilgan odamning suratlarini mahzun musiqalar, ta’sirli she’rlar yoki “go‘zal” fonlar bilan ulashishishi esa fojiani dahshatli voqea emas, balki “nafis va yuksak yechim” sifatida ko‘rsatib qo‘yadi. O‘limni “erkinlikka chiqish” yoki “dunyoga protest (norozilik)” deb talqin qilish, ruhiy qiyinchilikni boshdan kechirayotgan boshqa yoshlar uchun noto‘g‘ri turtki bo‘ladi. Aslida esa tushkunlik faqat shoirlarning hissi emas, uni oddiy cho‘pon, maktab o‘quvchisi, jurnalist, futbolist, aktyor ham boshdan kechirishi mumkin. Depressiya romantika emas, og‘riqli ruhiy holat. Va u bilan kurashish mumkin, undan chiqish mumkin, u bilan yashash mumkin.

Shu holatni boshdan kechirgan, lekin yashashni tanlagan odamlar ham bor. Masalan, qo‘shiqchi Demi Lovato, u uzoq yillar depressiya, bipolyar buzilish haqida ochiq gapirib keladi va hozir ham ijod qiladi, yashaydi, terapiyani yashirmaydi.

Yozuvchi va shoir Mett Xeygning hayotidagi og‘ir davrlar uning shaxsiy kurash tajribasi bilan bog‘liq. U 24 yoshida og‘ir klinik depressiya va panik hujumlardan aziyat chekkan, hatto o‘z joniga qasd qilish haqida ham o‘ylagan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan u bu holatdan chiqish yo‘lini topa oldi. Xeyg hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirdi, diqqatini faqat ichki kechinmalariga qaratmasdan, atrofdagi hayotga ham nazar sola boshladi. Uning aytishicha, insonning fikri faqat o‘z boshi ichida aylanib qolmasligi kerak.

Shu tajriba asosida u “Yashash uchun sabablar” nomli avtobiografik kitobini yozdi. Bu asarda u o‘zining ruhiy inqirozdan, tushkunlikdan chiqish yo‘lini ochiq bayon qiladi va mental muammolar bilan kurashayotganlar uchun amaliy maslahatlar beradi.

Foto: Livemaster.by

Internet rivojlangan, savolga javob topish oson bo‘lgan zamonda bu holat bilan kurashish va chiqib ketish yanada osonroq, bo‘lib ham o‘qimishli, kitoblar bilan oshno inson uchun...

AQShning 16-prezidenti Abraam Linkoln yillab og‘ir depressiya bilan kurashgan, ammo taslim bo‘lmagan.

Yozuvchi Joan Rouling “Garri Potter”ni yozishdan oldin o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylagan, lekin depressiyasini “Dementorlar” obraziga ko‘chirib, undan g‘olib chiqqan.

Ya’ni bizda yana bitta yo‘l bor... “Papageno effekti” termini Motsartning “Sehrli nay” operasidagi Papageno obrazi bilan bog‘liq. U ham hayotdan to‘yib, o‘zini osgani daraxt qidiradi. Lekin sehrli ruhlar unga boshqa yo‘l borligini, yashash va kurashish kerakligini uqtirib, uni fikridan qaytarishadi.

Bu effektning naqadar kuchli ekanini Vena metrosi tarixi isbotlagan. 1980-yillarda Vena metrosida o‘z joniga qasd qilish holatlari keskin ko‘payadi. Jurnalistlar bu voqealarni barcha tafsilotlari va “romantik” mahzunligi bilan yorita boshlashgach, o‘limlar soni yanada ortadi.

Olimlar va psixologlar OAV bilan kelishib, bunday voqealarni batafsil yoritishni to‘xtatishni va buning o‘rniga psixologik yordam beruvchi tashkilotlar, inqirozdan chiqib ketgan insonlar haqida maqolalar chiqarishni so‘rashgan. Natijada, metro poyezdi tagiga tashlash holatlari 80 foizga kamaygan. Bu ilm-fanda Papageno effektining eng katta isboti hisoblanadi.

Silviya Plat, Ernest Xeminguey kabi ijodkorlarning taqdirini faqat “fojiaviy go‘zallik” sifatida emas, balki davolanmagan ruhiy og‘riqning achchiq natijasi sifatida ko‘rsatish lozim. Zero, o‘lim haqidagi go‘zal so‘zlar zaharlangan qandga o‘xshaydi. Shu bois bizning vazifamiz o‘z joniga qasdlashganlarni emas, o‘lim yoqasidan qaytgan va yashashda davom etayotgan odamlar haqida ko‘proq bong urish.

Depressiya ichida yurgan paytlarimda hech qachon bir kun kelib hayotni sevaman, deb o‘ylamaganman. Hatto “Hayot go‘zal” ko‘rsatuvida o‘z hikoyamni aytib beraman, degan xayol ham mendan juda yiroq edi.

O‘sha kunlarda yana bir narsani tasavvur qila olmasdim: hali yoshiga ham yetmagan va uch yoshli farzandlarim kattaradi, ularning yutuqlarini ko‘raman... Onamning men haqimda xavotir olgan kunlari o‘tib ketadi, keyin u mening yutuqlarimni ko‘rib quvonadi. O‘sha payt menda faqat bitta his bor edi: yashagim kelmasdi. Tamom.

Ammo vaqt o‘tdi, anglaganim tushkunlik bu yakun emas, u o‘tishi mumkin bo‘lgan holat. Inson yana qaytadan his qila oladi. Yana hayotni qaytadan seva oladi. Yana qaytadan yashashni istaydi. Bugun men o‘sha kunlarga qarab bitta narsa deyman: shu haqiqatni bilgan kunim uchun minnatdorman.

Albatta muammoning yechimi bor...

Ruhiyat juda katta jumboq. Bu holatning har daqiqasi qanchalar azob bilan o‘tishini faqat uni boshidan o‘tkazgan odam biladi. O‘shanda men kitobdagi “bu o‘tkinchi holat” degan bir jumlani ushlab oldim. U menga umid emas, lekin kut degan ichki sukutni bergan. Va vaqt o‘tib asta-sekin hayot boshqacha ko‘rina boshladi.

Shunda men bitta haqiqatni tushundim: inson qaytadan yashashni o‘rganishi mumkin. O‘lim yakun, depressiya esa jarayon. Jarayon tugaydi, inson yana qaytadan yashay boshlaydi, hayot davom etadi...

Agar tushkunlikning sabablarini tushunmaganimda, ehtimol men ham o‘sha sukunat ichida qolib ketishim mumkin edi. Lekin men omon qoldim. Va faqat omon qolmadim hayotni qaytadan boshladim. Yoki bo‘lmasa xiyonatdan aziyat chekib tushkunlikka tushgan, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo shifokorlar yordamida oyoqqa turgan oddiy o‘qituvchi ayolni bilaman, bugun professor darajasiga yetgan, farzandlarini xorijda o‘qitmoqda. Yana o‘zim guvohi bo‘lganim, shifokorga boshlab borganim, oilasidan ajrashgach tushkunlikka tushib og‘ir holatda qolgan usta yigit ikki farzandning otasi, avvalgidan ancha quvnoqroq va oilaparvarroq... Biz Papageno effektining tirik misollarimiz. Bizning hikoyalarimiz kimgadir najot bo‘lishi kerak.

Endi o‘zingizga savol bering: ijtimoiy tarmoqlardagi postinggiz bilan siz kimsiz? O‘limni go‘zallashtirib, suiqasdchilarni ko‘paytirishga hissa qo‘shayotgan Vertermisiz yoki kurashishni o‘rgatib, kimningdir hayotini saqlab qoluvchi Papagenomi?

Ayting-chi, siz chohga itaruvchimisiz yoki qutqaruvchi?

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring