Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jamshid Niyozov

Olov yonmagan joydan tutun chiqmaydi.

Notariuslarga avvalo savod kerak!

Notariuslarga avvalo savod kerak!

Foto: «700deneg.ru»

Bugungi kunda mamlakatimizda 704 notarius faoliyat yuritmoqda. Notariuslar hujjat bilan ishlani uchun notarial idoraga murojaat qilmagan fuqaro deyarli topilmaydi. U tasdiqlagan hujjatlar keyinchalik inson taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ham notarius zimmasida katta mas’uliyat bor.

Ana shundan kelib chiqib, Adliya vazirligi tomonidan notarial idoralar faoliyatini yanada yaxshilash, ular ko‘rsatayotgan xizmatlarni optimallashtirish va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, notaruslarning 21 foizi, amalga oshirilayotgan barcha notarial harakatlarning uchdan bir qismi Toshkent shahri ulushiga to‘g‘ri kelishi inobatga olinib, poytaxtdagi notarial idoralar faoliyati shahar Adliya boshqarmasidan bevosita Adliya vazirligi boshqaruvi ostiga o‘tkazildi.

Notariuslar va notarial idoralar faoliyati ustidan doimiy jamoatchilik monitoringini amalga oshirish uchun Toshkent notarial idoralari 11 ta sektorga bo‘linib, ularning har birida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, mahallalar, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan ishchi guruhlari shakllantirildi. Aholi murojaatlari, takliflari va shikoyatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilib, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «Adliya bilan muloqot» ochiq guruhi tashkil qilindi. Notariuslarning mahallalarda fuqarolarni qabul qilishi va notarial harakatlarni o‘sha joyning o‘zida bajarish tizimi yo‘lga qo‘yilgani natijasida 5 mingdan ortiq notarial harakatlar amalga oshirildi.

Biroq yaqinda adliya idoralarining 2017-yilda amalga oshirgan ishlari sarhisobi va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan hay’at majlisida notariat sohasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar hali ham saqlanib qolayotgani aytildi. Fuqarolar bilan ishlashda hanuzgacha qo‘pol muomalada bo‘lish, ularni sarson qilish, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun ortiqcha pul mablag‘larining undirilishi holatlari mavjud. Bunday kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun 229 nafar notariat xodimiga nisbatan keskin choralar ko‘rilgan. Ayrimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Notariat tizimida tartibga solinishi kerak bo‘lgan ishlar, yechimini kutayotgan muammolar tahririyatimizga kelayotgan murojaatlar, yurtdoshlarimizning bildirayotgan fikr-mulohazalarida ham aks etayotir. Ana shulardan biri notariuslarning savodi bilan bog‘liq.

«Notariat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik o‘yicha kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan, notarial idorada kamida ikki yil muddatli stajirovkani o‘tagan, malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkin.

Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi malaka imtihonini topshirgan shaxslar o‘rtasida tanlov o‘tkazadi. Uni o‘tkazish tartibi «Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom bilan belgilanadi. Nizomga muvofiq tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi: birinchi bosqich test sinovi, ikkinchi bosqich esa yozma-og‘zaki imtihondan iborat. Tanlovning birinchi bosqichida talabgorlarning ijtimoiy, huquqiy va iqtisodiy, xorijiy tillar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim darajasi, ikkinchi bosqichida esa kasbiy bilimlari aniqlanadi. Ikkinchi bosqich yozma imtihon va og‘zaki suhbat shaklida o‘tkazilib, talabgorlar beshta savolga yozma ravishda javob yozishi va ularni komissiya a’zolariga og‘zaki ravishda gapirib berishi kerak.

Tanlov natijasiga ko‘ra, eng ko‘p ball olgan talabgor tanlovda g‘olib deb topiladi va u bilan mehnat shartnomasi tuzilib, notarius lavozimiga tayinlanadi. Amaldagi tartibning qisqacha mazmuni shundan iborat.

Ushbu masalaga bejiz to‘xtalmadik. Fikrimizcha, notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovga talabgorlardan diktant olishni kiritish masalasini ko‘rib chiqish kerakka o‘xshaydi. Ha, aynan diktant! Chunki notarial hujjatlarda uchrayotgan imloviy-uslubiy xatolar lavozimga tayinlashdan oldin notariuslarning savodini ham jiddiy tekshirish kerakligini ko‘rsatmoqda.

«Notariat to‘g‘risida»gi qonunda notariat harakatlar davlat tilida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur norma «Davlat tili haqida»gi qonunda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, uning 24-moddasida davlat tiliga yoki boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qarash taqiqlanishi aytiladi. Ko‘plab notarial hujjatlarni ko‘zdan kechirib, qonunlarimizdagi yuqoridagi talablar qo‘pol ravishda buzib kelinayotganiga guvoh bo‘ldik.

Misol uchun. Notarial idorada tuzilgan, tasdiqlangan, shahodatlangan aksariyat hujjatlarda «o‘», «q», «g‘», «h» (ayrim holatlarda «yo») harflari ishlatilmaydi. Buni notariuslar va ularning yordamchilarining kompyuterdan yaxshi foydalanishni bilmasligiga yo‘yaylik desak, «Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, lavozimga tayinlashdan oldin ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilim darajasi sinovdan o‘tkazilgan. Ya’ni ular zamonaviy AKTni puxta bilishi, talab darajasida foydalana olishi shart. Demak, yuqoridagi sabab ushbu kamchilikni oqlay olmaydi.

Shu bilan birga, jumlalardagi g‘alizlik, so‘zlardagi xatolar ona tilini hurmat qiluvchi har qanday kishining ta’bini xira qilishi turgan gap. Keling, shu o‘rinda hujjatlardan so‘ma-so‘z ko‘chirilgan ayrim jumlalarni e’tiboringizga havola etsak.

«inventar baXosi 2.795.2000 (ikki million yetti yuz to‘qson besh ming) sUm bUlib, ushbu Xolatlar Mirzo Ulugbek tuman tuman yer tuzish va kUchmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan 2015-yil 4-dekabrRda berilgan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanIdi»;

«umumiy foydalanish maydoni 53,14 (ellik uch butun yuzdan o‘n to‘rt) kv.m.ni tashkil etib — turar joy maydoni 27,86 (yigirma yetti butun yuzdan sakson olti) kv.m. bUlgan ikkita yashash xonasi, Xammom, daXliz, oshxona, oynali ayvAn, Xojatxona»;

«Uzbekiston Respublikasi FuKarolik kodeksining 185-moddasiga kUra ushbu shartnoma «Toshkent shaXar yer tuzish, rUyxatdan Utkazish va kUchmas mulk kadastri xizmati» davlat muassasasi Sobir RaXimov tumani xizmatida rUyxatdan Utkazilgan paytdan boshlab sotib oluvchida mulk XuKuKi vujudga keladi».

«SotilaYetgan xonadonning invertarizatsion baXosi 2,067.585 (ikki million oltmish yetti ming besh yuz sakson besh) sUmga baXoladik...»

Qizig‘i shundaki, bitta notarial irodaga bitta notarius tomonidan bir mazmunda tuzilgan ijara shartnomasining matni, jumlalari turlicha. Xususan, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 10-sonli davlat notarial idorasi tomonidan boshqa-boshqa yillarda tuzilgan xonadon (kvartira)ni ijaraga berish shartnomasi solishtirib, bunga amin bo‘ldik. Biri savodliroq tayyorlangan bo‘lsa, boshqasi haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Shu kunlarda Adliya vazirligi tomonidan notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilmoqda. Jarayon Internet tarmog‘i orqali onlayn translyasiya qilinmoqda. Bu ham shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Tanlovda notariuslikka nomzodlar o‘zbek tilida to‘g‘ri yozish qoidalarini qanchalik bilishi ham hisobga olinsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shundagina notarial tasdiqlanib, uzoq muddat arxivlarda saqlanadigan hujjatlar xatolardan holi, qonun talablariga mos bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring