Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

1941-yil ekspeditsiyasi qoldirgan jumboqlar: Temur tobutiga rayhon elementlari qayerdan kelib qolgan, eng qimmat eksponat nega hech kimga ko‘rsatilmaydi?

1941-yil ekspeditsiyasi qoldirgan jumboqlar: Temur tobutiga rayhon elementlari qayerdan kelib qolgan, eng qimmat eksponat nega hech kimga ko‘rsatilmaydi?

Foto: «Xabar.uz»

(Ikkinchi maqola. Birinchi maqolani bu yerdan o‘qing)

Temuriylar xilxonasi ochilishida olib qolingan buyumlardan ayrimlari muzeylarimizda saqlanadi. Ular haqida bugungacha aytilmagan, lekin aytilishi kerak, shart bo‘lgan gaplar bor...  

«TOBUT QOG‘OZ XALTADA OLIB KELINGAN EDI...»

Amir Temur tobutda dafn etilgani sababi haqida aniq bir gap yozib qoldirilmagan. Mayit shariat qoidalari asosida  kafanlanib, yuzi Makkaga qaratib qo‘yilgan bo‘lgan. 71 yoshli Amir Temur O‘trorda, urushga ketgan joyida darddan olamdan o‘tgan. Uni Samarqandgacha yashirincha olib kelib dafn etib bo‘lgandan so‘ng, aza ochishgan. Temur tobuti odatdagi tobutlardan farq qiladigan jihati: burchaklarida to‘rtta oyoqchasi bor, u tobut zax yerga tegib turishidan asragan.

Amir Temur dafn etilgan tobut. Foto: «Xabar.uz»

Aftidan, mo‘miyolangan mayitni tobutda ko‘mishdan maqsad uni zaxdan asrash bo‘lgan. Lekin, afsuski tobutning qopqog‘iyu, ustidagi tobutpo‘shgacha loyqalanib zarar ko‘rishi ariqdan qochgan suv tobutdan ancha balandlaganidan dalolatdir. (Vaqt o‘tib, bu suvning bir qismi bug‘lanib, bir qismi yerga singib ketgan).

Hozirda Amir Temurning tobuti Samarqanddagi O‘zbekiston madaniyati tarixi Davlat muzeyida ekspozitsiyaga qo‘yilgan. Istagan inson tobutni yaqindan ko‘rishi mumkin. Shu tobut bir vaqtlar parchalangan holda, qog‘oz xaltada arxeologiya institutiga olib kelinganini tasavvur qilasizmi?

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi arxeolgoya instituti Samarqandda 1970 yilda ish boshlagan. Dargohda o‘tgan davr mobaynida ne-ne g‘aroyib voqealarga guvoh bo‘lishmagan? Tarixiy tobut bu yerga ikki marta olib kelingan. Eskponatni bevosita tiklagan olimlardan biri Sharif Ilhomov hozirda Toshkentda yashaydi. U tarixchi ham, arxeolog ham emas, balki kimyogar restavrator. Saksonlardan oshgan Sharif ota haqida «Yodgorliklarni kimyoviy usullar bilan ta’mirlash va konservatsiyalash sohasi asoschilaridan biri» deb aytishadi. Sharif Ilhomov institutda kimyo labarotoriyasi ochilgan kezlardagi xotira bilan o‘rtoqlashadi:

«Boburiylarga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tadigan bo‘ldi. Mudrika Hasanova degan muzey direktori bor edi. U anjuman oldidan tobutni muzey zaliga qo‘yishini aytib tobutni keltirdi. Chang bosib, deyarli ko‘mir bo‘lib qolgan. Restavratsiya qilmadik, ozgina ishlov berdik – faqat tozaladik. Ayrim joylari qiyshayib, o‘zgargan. Endi bormi desa bor deydilar, ko‘rsatadigan boyligimiz edi. Lekin qopqog‘i yo‘q edi».

Sharif Ilhomov. 

Shunday qilib nodir eksponat Samarqandning nomdor yahudiyi Abramovdan  qolgan uyida joylashgan muzeyga qo‘yilgan qolgan uyida joylashgan muzeydan o‘rin olgan. Keyin, 70-yillar o‘rtalarida Registon yonboshida yangi, hashamatli muzey bitgach, boshqa ashyolar qatori tobut ham yangi binoga ko‘chiriladigan bo‘lgan.

«Bor narsani gapiraman, o‘sha tobutni ikki kishi ko‘targan, qo‘ldan tushib ketgan. Dabdalasi chiqib ketgan. Krap meshok deydiku ana shunaqaga, qog‘oz xaltaga solib olib kelgan. Mudrika Hasanovna «Nima qilaman?» deb yig‘layapti...», — xotirlaydi suhbatdoshimiz.

Sharif ota taniqli tarixchi Abdug‘ani Abdurazzoqov boshchiligida ishga kirishganlarini eslaydi: «Birinchi qilgan ishimiz – qopdagilarni ohista stolga yoydik...»

Restavratsiya jarayoni uzoq davom etgan ekan. Ostidagi taxta umuman mayda-mayda bo‘lib ketgani uchun uni fanerga yig‘ishga majbur bo‘lishgan ekan: «Qanday bo‘lsa o‘sha holatda terib, ostidan fanerni yopishtirib qo‘ydik. Ust qismidagi to‘rt tomon taxtalari esa original».

Mutaxassisning aytishicha, eksponatning asliyat qismiga ham ishlov berilgan. Avvalo qiyshayishlarni tekislash uchun har bir qism alohida bug‘ga, maxsus sharoitdagi bug‘ga tutilgan, keyin ustiga zarar keltirmaydigan miqdorda yuk bostirib qo‘yilgan. Yemirilgan, o‘yilgan joylari esa atseton, mum va kanepol aralashmasiga tobut qirindisi qorishtirilib, ana shu qorishma bilan to‘ldirilgan.

Sharif Ilhomov kimyoviy tahlil natijasiga e’tibor qaratadi: 1-xulosa: tobut archa daraxtidan yasalgan. (1941 yil tahlilida ham bu ma’lumot bor). 2-xulosa: qipiqda rayhon o‘simligi elementlari aniqlangan.

«O‘zim o‘rgandim. Ximikman. I-ye, rayhon nimaga chiqadi dedim», — Sharif ota bungacha o‘rgangan va bevosita qazish ekspeditsiyasida ishtirok etgan boshqa viloyatdagi qabrlardan ham rayhon chiqqanini ta’kidlaydi. — «Popda Amir Temurdan ancha avvalroq qo‘yilgan mayit qabrini ochganimizda hamma yog‘i rayhon edi. Rayhon hidida antiseptik xususiyat bor. Undan uncha-buncha bakteriyalar, chivinlar qochadi. Shunda uning irishi, sasishi sekinlashadi».

Suhbatdoshimiz Temurning O‘trorda vafot etganini eslatdi. Keyin Navoiyning «Gulob ila yuvu, gul bargidin kafan qilg‘in» degan satrini yodga olar ekan, gulob faqat sharob ma’nosini bermasligini uqtirdi. «Temur rayhon suviga yuvilganmi yoki yoniga rayhon qo‘yilib, qabrni suv bosganda gul elementlari taxtaga singib ketganmi bunisi ma’lum emas». Sharif ota Temur qabri ochilganda atrofni qoplagan xushbo‘y hidni kimyoviy tahlilda chiqqan rayhon elementi bilan bog‘laydi. 

Eslatma: Samarqand shahrida hozirda ham kafan ichiga rayhon qo‘yiladi.

Tahlilda tobut taxtasi tarkibida ko‘plab tuz ham borligi ma’lum bo‘lgan. Bu qabrga kirgan suv tuzlarimi yoki mo‘miyolashda qo‘llanilgan tuzmi – aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

ENG QIMMAT VA ENG E’TIBORDAN ChETDA...

Tarixchi Amriddin Berdimurodov «Temurning qabridagi yagona qimmatbaho buyum – bu uning tobuti ustida yopilgan, oltin yozuvlar bitilgan choyshabdir» deb yozadi. Bu bilan xilxonada juda ko‘p oltin-olmoslar yashiringan degan fikr noto‘g‘ri ekani ta’kidlanadi.

Noyob tobutpo‘sh bo‘laklari. Foto: «Xabar.uz»

«Ekspeditsiya kundaligi»dan: «tobut ustiga qoramtir-ko‘kish rangli gazlama yopilgan edi. Gazlama ipakdan mayin qilib to‘qilgan bo‘lib, uning o‘rtarog‘ida oltin iplar bilan arabcha imlodagi yozuvlar bor. Bu yozuvlar balki Qur’on oyatlari bo‘lishi mumkin, lekin gazlama butun saqlanmaganligi yozuvlarning ma’nosini aniqlash imkonini bermadi...» 

Agar maqbara atrofida ariq qazilmaganda, ana shu ariqdan suv bosishiga yo‘l qo‘yilmaganda, mato chirimas edi. Gazlama suv bosishi ta’sirida bir qismi yo‘qqa chiqib qolibgina qolmay, tobut qopqog‘iga yopishib ham qolgan.

Mustaqilligimiz bizga ko‘plab umidlar berdi. 1993-yilda tarixchi olim, fidoyi inson Ikromiddin Sirojiddinov yarim asrdan buyon yerto‘lalarda qolgan tobutpo‘shni yorug‘likka chiqarish taklifi bilan chiqdi. Tarixchi O‘zbekiston xalqlari madaniyati Davlat muzeyida ishlagan vaqtidagi voqeani hikoya qiladi.

Ikromiddin Sirojiddinov bugunda Mirzo Ulug‘bek observatoriyasida faoliyat olib boradi.

«Amir Temurning tobuti Samarqandda, qopqog‘i esa Toshkentda edi. Qopqoq ustida tobutpo‘shi yopishib qolganini bilardim. Mutaxassis chaqirtirib, ular chiroyli ajratilsa, yopinchiqning o‘zi alohida eksponat bo‘lardi. O‘sha paytlar muzeyimiz bosh direktori No‘’mon Mahmudov edi. Qo‘sh eksponatni olib kelish istagimni quvvatladi. Samarqand shahar hokimi Aziz Nosirovga xat bilan chiqdim, fikrim ma’qullandi...», deydi Ikromiddin aka.

Ma’lum bo‘lishicha, xat ijro uchun Shlikov degan hokim o‘rinbosarga o‘tkazilgan. Bir avtobus ajratib beradigan bo‘lishgan. Aniqrog‘i, Samarqand – Toshkent yo‘nalishida qatnaydigan avtobusni ma’lum vaqt reysidan ajratib, Temur tobuti qopqog‘i va tobutpo‘shni olib kelish Ikromiddin akaning o‘ziga topshirilgan.

«Avtobusda Toshkentga jo‘nadik. Poytaxtda yo‘lovchilarni tushirib avtobus reysdan ajratib olindi, muzeyga yo‘l oldik. Muzeydagilar «bermaymiz» deb turib olishdi. Yuqori «instansiya»larga qo‘ng‘iroq qildik. Ular Oybek muzeyi direktoriga aytishdi. Nihoyat, osoriatiqani avtobusning orqasiga ortib avtoturargohga qaytdik. Yana yo‘lovchi olindi. Eng noyob eksponat liq to‘la jamoat transportida olib kelingan edi...», eslaydi tarixchi.

Ana shunday tarzda olib kelingan osori atiqa yarim asrlik e’tiborsizlikdan so‘ng-da, mustaqilligimizning 30 yilida ham restavratsiya qilinmagani, el nazariga chiqarilmagani, o‘rganilmagani, yerto‘lada – turgan yerida yemirilayotgani alam qiladi. 

Mavzu o‘rganilayotgan paytda antropolog olim Samariddin Mustafoqulov Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori vazifasida ishlayotgan edi. (Yaqinda, uzoq yillar ishlagan «Afrosiyob» muzeyi direktorligiga, sevimli jamoasiga qaytgan). Samariddin aka, ayniqsa, yangi lavozimda, tobutpo‘sh saqlanib turgan binoda ish boshlaganda, eskponatni tiklash xayolini band qilib qo‘yganini xotirlaydi: «Bu yerda mato saqlanib qolmagan. Faqat nozik kumush va tillo iplardan tikilgan joyi ozroq saqlangan. Mato kigizdan bo‘lgan, chirib bo‘lgan, kuyalar yeb tashlagan. «Shu narsani ta’mirlasak» deb Fransiyadan, Ispaniyadan sayyoh sifatida kelgan mutaxassislarga taklif berganmiz. Ermitajdan ham kelishgandi. Qiziqib ko‘rishdi, grant asosida restavratsiya qilishlarini aytishdi». 

Antropolog olim Samariddin Mustafoqulov.

Ma’lum qilishlaricha, grant bo‘yicha hujjat tayyorlangan, lekin natija bo‘lmagan. Samariddin aka, mato bo‘yicha mutaxassis, Qozog‘istonda yashaydigan Nadejda Krupaga ham maslahat solganini aytdi. Ishning birinchi bosqichi, opaning kelib-ketishi, kimyoviy vosita va hokazolar uchun 100 million so‘m kerak bo‘lgan, ammo shu pul topilmagan. Bu 2015-2016 yillarning gapi.

Amriddin Berdimurodov esa o‘n yillar oldingi voqealarni yodga oldilar: «Buni fransuzlar tiklamoqchi bo‘ldi. Borib ko‘rmoqchi bo‘ldi, ko‘rsatmadi bular. Unday dedi, bunday dedi, xullas, ko‘rsatishmadi. Keyin yaponiyalik bir qiz keldi, bizda aspiranturada o‘qidi, men unga ilmiy rahbar edim. U O‘zbekistondagi gazlamalar tarixi bilan qiziqdi. U ham gazlama-ku, tobutpo‘sh bo‘lsa ham. Yapon qizni ham qo‘ymadilar. Keyin men bittasiga «Sen nima qilayapsan?» desam, «E-e, ahvoli xarob, ko‘rinishi xarob, ular rasmga olsa, gap eshitamiz» deb ana shunday axmoqgarchilik bilan qo‘yishmadi». 

Darvoqe, muzey xazinasida saqlanayotgan qopqoq va tobutpo‘sh jurnalist sifatida menga ham ko‘rsatilmadi. 

Ikki tabaqali qopqoq ustidagi mato aslida nima edi, qayerda tayyorlangan deb so‘raydiganlar kam emas. 

Amir Temur qabri ochilgan kunlarda bu borada turli fikrlar bildirilgan. Shishikning taxminiga ko‘ra, Amir Temurning tobuti ustiga yopilgan gazlama balki qandaydir avliyoning qabri ustidan olib kelingandir. Ekspeditsiya rahbari, Qori Niyoziy jurnalistlar savollariga «bu gazlama sohibqironning jangovar bayrog‘i bo‘lishi mumkin» deb javob bergan. Biroq, aksar olimlarimiz mato Ka’bapo‘sh bo‘lagi bo‘lishi ehtimoli katta deb hisoblashadi. Zotan, hozirda ham Ka’baning ustidagi ulkan mato har yili almashtiriladi, yig‘ishtirib olingani bo‘laklari ulashiladi. (Masalan, Islom Karimovga in’om etilgan Ka’bapo‘sh bo‘lagi hozirda Imom Buxoriy muzey majmuasida saqlanadi). Sharif Ilhomov eksponat haqida «shu tarzda kelib qolganmi yoki o‘zimizda to‘qilgan matolardanmi, ana shuni aniqlash kerak» deydi.

Temurning qiyofasi qanchalik asliga o‘xshagan?

Ekspeditsiya ilmga, tarixga, jamiyatga nima berdi? Ekspeditsiya Temuriylar xilxonasi bungacha hech qachon ochilmaganini aniqladi. Mayitlardan ikki nafari (Muhammad Sulton ham) negadir tobutda dafn etilgani ayon bo‘ldi. Ochilgan 5 ta qabrdagi shaxsning tirikligidagi jismoniy holati o‘rganildi. Ulug‘bekning boshi tanasidan judo qilingani rost ekanini ko‘rsatdi. Xususan, Temurning oqsoqligi va o‘ng qo‘lini buka olmasligi rost ekanligini isbotladi. Shunday bo‘lsa ham 70 yoshdan oshgan hukmdor baquvvat, 50 yoshli kishining jismoniy holatida ekani ma’lum bo‘ldi. Lekin bularning hammasi qabrni ochish darajasida muhim edimi?

Suyaklar o‘rganilib, shu asosda Temur va yaqinlari qiyofasini yaratish eskpeditsiyaning bosh maqsadlaridan biri bo‘lgani sir emas. Xo‘sh, qiyofalar zamondoshlari yozib qoldirgan ta’riflarga qanchalik o‘xshash?

Hujjatlarda yozilishicha, «1941-yil 9-dekabrida Toshkent shahrida M. Gerasimov tomonidan yaratilgan Temur, Shohruh va Ulug‘bekning suratlari muhokamasi o‘tkazilib qabul qilish maqsadida nufuzli komissiyaning yig‘ilishi o‘tkazilgan». Yig‘ilish protokolini sinchiklab o‘qib chiqsangiz, aksariyat Gerasimovni bosh chanoqqa qarab qiyofa yaratishda benazir mutaxassis, deb aytgan. Faqat bir ishtirokchi e’tiroz bildirgan. 

«Musavvir Tatevosyan – Temur va Shohruh o‘rtasida katta farq bor degan fikrga qo‘shilish qiyin. Shunga qaramay turli holatlarda shunday taassurot qoladi. Afsuski, bu suratlar badiiy emas, hujjatlidir. Shohruhning sallasiga va Temurning soqolidagi har xillikka o‘zgartirish kiritish kerak... Temurning qulog‘ini ham boshqacha yaratish kerak, hozirgi holatda uning qulog‘i birovnikiga o‘xshab qolgan»

Tarixchi olim Amriddin Berdimurodov. Foto: xabar.uz

Amir Temur shaxsini uning zamondoshi bo‘lgan, shaxsan ko‘rgan, kuzatgan tarixchilar yozib qoldirgan manbalar orqali o‘rganib kelgan Amriddin Berdimurodov yig‘ilish haqida shunday deydi: «Biror kishi so‘zga chiqib: «Ey og‘aynilar! Gerasimov tomonidan yaratilgan Amir Temurning qiyofasi, u bilan yuzma-yuz gaplashib, so‘ngra yozib qoldirgan ta’riflariga sira ham o‘xshamaydi-ku» deya olmadi. Negaki, bu yig‘ilish urush ayni qizigan, stalinizm qatag‘oni hali ham davom etayotgan paytda bo‘layotgan edi. Ko‘pchilik tarixchilar tomonidan «qonxo‘r», «yovuz» deb ta’rif berilgan Amir Temur haqida ijobiy fikr aytish, muqarrar o‘lim ekanligini majlisdagilar yaxshi bilar edilar».

Gerasimov yaratgan Temur byusti surati.

Amriddin Berdimurodov Gerasimovning qiyofa yaratish usulini yaroqsiz deya olmasligini ham ta’kidlaydi. «Temurning qiyofasini asliga o‘xshatib, Stalinning qahriga uchrab-netib o‘tirmaslik uchun, o‘z oldiga iloji boricha hazrat sohibqironning ko‘rinishini qahrli, yovuz qilib yaratish maqsadini qo‘ygan bo‘lsa kerak» – ta’kidlaydi olim.

So‘ngso‘z o‘rnida

Shukr, bugun Amir Temur buyuk sarkarda va adolatli podshoh bo‘lgan deb baralla ayta olamiz. Uning davrida davlatchilik, shaharsozlik, madaniyat rivojlanganini butun dunyo tan olayapti. Shaharlarimizda Temurning ulkan haykallari poyiga har kuni gullar qo‘yilyapti. Yuzlab ob’yektlarga Amir Temur nomi berilgan. Balki endi tobutpo‘shga ham e’tibor berilar. O‘tgan davrlarga Temur shaxsiga bo‘lgan adolatsiz munosabatni aytishimiz esa o‘zligimizni anglashimiz, xatolar takrorlanmasligi uchun edi, albatta. Lekin Samarqandda, Temuriylar davri qo‘riqxona-hududi tarixiy muhiti yemirilib borayapti... Keyingi maqola ana shu mavzuda, kuzatib boring.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring