Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Jabborov

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

Video. Botir Zokirov kuylagan «Arab tangosi»ning ilk ijrochisi kim?

Video. Botir Zokirov kuylagan «Arab tangosi»ning ilk ijrochisi kim?

Foto: «Darakchi»

Hammamiz buyuk san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tomonidan maromiga yetkazib kuylangan «Arab tangosi» qo‘shig‘ini tinglaganmiz. Bu qo‘shiq o‘zining sirli jozibasi, sohir ohanglari bilan har qanday tinglovchini o‘ziga asir eta oladi.

Bu qo‘shiqni go‘daklik chog‘imda eshitganim uchunmi, har gal uni buyuk san’atkorimiz ijrosida tinglaganimda bolalik xotiram hayolimda jonlanardi. O‘sha paytlari bu qo‘shiqning ma’nosini bilishni juda-juda istardim. Shu qo‘shiq tufayli ehtimol menda arab tiliga qiziqish uyg‘ongandir. Oradan yillar o‘tib, ozmi-ko‘pmi til o‘rgandim, ammo shunda ham qo‘shiqning ma’nosini to‘la-to‘kis anglayolmadim.

Yaqinda internet nashrlarini titkilab, ushbu qo‘shiqning yaratilish tarixi bilan qiziqdim. Ancha-muncha ma’lumot to‘plandi.

Qo‘shiq arab tilidagi ilk misrasi «Ya zahratan fiy xayaliy», ya’ni «Ey mening hayolimdagi gul» deb nomlanadi. Bu qo‘shiq ilk bor Misr kinoustalari tomonidan 1947-yilda suratga olingan «Habibal-’umr» — «Hayotim sevgisi» filmida kuylangan. Qo‘shiq muallifi taniqli arab bastakori va xonandasi Farid al-Atroshdir.

Dastlab qo‘shiq muallifi haqida ham biroz to‘xtalib o‘tsak. Farid al-Atrosh XX asrning boshlarida Suriyadagi as-Suayd sultonligi oilasida tug‘ilgan. 1920-yilda mamlakat fransuzlar tomonidan istilo qilingach, sulton o‘z oilasi bilan Misrga ko‘chib o‘tadi.

Faridning onasi musiqa sirlaridan yaxshi xabardor bo‘lib, ud, arg‘anun singari sozlarni mahorat bilan chalardi. Shu bois Farid ham musiqaga mehr qo‘yib o‘sdi. U 1941-yilda ilk bor singlisi bilan bir kinofilmda suratga tushgan. Unga «Hayotga muhabbat» (1947) filmidagi bosh qahramon obrazi va uning o‘zi ijro etgan «Xayolimning zebo chechagi» qo‘shig‘i katta shuhrat keltirdi. Aytish joizki, ushbu she’rning muallifi ham, bastakori ham, ilk ijrochisi ham Faridning o‘zidir.

Keyinchalik ushbu qo‘shiqni rus tilida ham bir necha bor kuylashgan. Jumladan, Nikolay Nikitskiy ijrosidagi «Za vse tebe spasibo» qo‘shig‘i ham o‘z muxlislarini topa olgan. Biroq N.Dorizo qalamiga mansub rus tilidagi ushbu qo‘shiq so‘zlari mutlaqo boshqacha mazmunga ega.

Ushbu qo‘shiqning Botir Zokirov tomonidan qayta sayqallanib, ijro etilishi tangoga ikkinchi hayotni baxsh etdi. Oradan yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tganiga qaramay, qo‘shiq tildan-tilga o‘tib, yana minglab qalblarni asir etayotir.

Albatta, Botir Zokirov qo‘shiqni eshitib yod olgan va kuylagan bo‘lishi mumkin. Chunki asliyat bilan solishtirganda ancha tafovutlar ko‘zga tashlanadi. Ushbu qo‘shiq matnini so‘zma-so‘z tarjima qilishga qurbim yetmagan bo‘lsa-da, qo‘shiqning umumiy mazmunidan kelib chiqqan holda, uni ushbu misralarga joyladik. Kamchiliklari bo‘lsa, o‘quvchilardan uzr so‘rab qolamiz.

Ya zahratan fiy xayaliy

Ya zahratan fiy xayaliy,
Roaytuha fiy fuadiy,
Ya zahratan fiy xayaliy,
Roaytuha fiy fuadiy,
Janat ’alayha-llayaliy.
Va azbalatha l-ayadiy.
Vash shag‘alatha-l’uyun,
Famata sihral-jufun.
Ya g‘aramiy, kullu shay’in da’ minniy.
Fanaza’tul hubba min qalbiy va ruhiy.
Va vahabtul ’umra avtari va lahniy,
Va tag‘anaytu fa davaytu juruhiy.
Ana tayrun fiy rubbal fann yug‘anniy,
Littuyur, lizzuhur, fil-g‘usun!

***

Xayolimning zebo chechagi,
Yuragimning sohibasisan,
Tunlarimning jannatiy isi,
Kunlarimning jozibasisan.
Ko‘zlar senga bog‘langan onda,
Joy olgandi xayoling jonda.
Borlig‘imni olding qo‘limdan,
Jonu dilda ishqing mujassam.
Xush ovozing eshitgan onda,
Shifo topdi jarohatlar ham.
Men bog‘ingda nolon qush bo‘lib,
Vasfing kuylay ilhomga to‘lib.
Barcha gullar, qushlar albatta,
Tinglab meni, qolsin hayratda.

Iqbol Humoyun


Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring