Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Po‘rim mashinadagi errayim va mopedda tirikchilik qilayotgan qorako‘z”

“Po‘rim mashinadagi errayim va mopedda tirikchilik qilayotgan qorako‘z”

O‘zbekistondagi moped va skuter haydovchilari joriy yil 1 oktyabrga qadar haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi, ular boshqaruvidagi transport vositalari esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Ichki ishlar vazirligi ushbu talabni bajarmagan moped va skuter haydovchilariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishidan ogohlantirgan.

O‘zbekistonda asosan kurerlik, ya’ni yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanayotgan aholi qatlami moped va skuterdan foydalanayotganini kuzatish mumkin.

Ijtimoiy tarmoq faollari bir necha omillarga ko‘ra moped va skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqami olish talabini tanqidiy baholamoqda.

“Lekin tan olish kerakki, hali ko‘pchilik bu amaliyotga tayyor emas. Ya’ni guvohnoma olish uchun o‘qimagan, imtihon topshirib kerakli hujjatni ham olmagan. E’tiborlisi – bu vosita yoshlarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allar uchun ortiqcha g‘alvasiz ish o‘rni yaratayotgan yetkazib berish xizmatining o‘ta zarur quroliga aylandi”, – deb yozadi Telegramdagi “Davletovuz” kanali muallifi.

Blogerning eslatishicha, joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan selektorda ham O‘zbekiston prezidenti tomonidan “kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ish bilan ta’minlayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani” tanqid qilingan.

“Ha, tartib bo‘lishi kerak, ha, xavfsizlik ham juda muhim. Lekin buni ertadan kechgacha ishlab, ro‘zg‘orini tebratayotgan, o‘qishiga yordam qilayotgan, ota-onasiga ko‘maklashayotgan bechora kurerlarning zimmasiga tashlab qo‘yish – bandlik va kambag‘allikka qarshi kurash siyosatidan chekinishdir”, – deb yozadi “Davletovuz”.

Iqtisodchi Otabek Bakirov “Hozir poytaxt va yirik shaharlardagi agregatorlar orqali ishlayotgan yuz minglab kurer va yetkazib berish xizmatlari ishchilari o‘zlarini o‘zlari kambag‘allikdan chiqarishgan. Davlat ularga yordam puli bermagan, imtiyozli kredit ajratmagan, ish o‘rni yaratib bermagan”, – deb hisoblaydi.

Ekspertning ta’kidicha, moped va skuterda oila boqayotgan vatandoshlarimiz mamlakat iqtisodiy o‘sishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

“Po‘rim moshinlarda yuradigan ayrim errayimlarga moped va skuterlarda shoshib-pishib buyurtma tashib tirikchilik qilayotgan qorako‘zlarimiz yoqmas, lekin ular trillionlab qo‘shilgan qiymat yaratayapti (va’da qilinayotgan 130 mlrd dollarda ularniyam ulushi bor), tovar va xizmatlar zanjirida muhim zvenoga aylanib hayotimizni arzonlashtiryapti, osonlashtiryapti”, – deb ta’kidlaydi O.Bakirov.

Faollar haydovchilik guvohnomasiga o‘qish va imtihon topshirish (6-9 mln so‘m), moped va skuterlarga davlat raqami olish (1,6 mln so‘m) uchun katta mablag‘ talab etilishiga ham e’tiroz bildirmoqda. Bu borada masalani oson, arzon va qulay hal etishga qaratilgan takliflar ilgari surilmoqda.

“Mutasaddilar, kerak bo‘lsa, agregatorlar bilan hamkorlikda tez va samarali yechim topishi lozim. Qisqa muddatda (bir haftalik, 10 kunlik) ortiqcha byurokratik talablarsiz o‘qitib, skuter va moped haydovchilik guvohnomasi narxlarini cho‘ntakbop qilish, zarur bo‘lsa, budjetdan kompensatsiya qilish yo‘lidan borish maqsadga muvofiq. Chunki moped va skuterga hashamatli transport vositasi emas, balki mehnat quroli sifatida qarash kerak. Yana bir masala. Yuqoridagilardan kelib chiqib, muddatni yangi yilgacha cho‘zish ham adolatdan bo‘lar edi”, – deb yozadi “Davletovuz”.

Iqtisodiy tahlilchi O.Bakirov taklifiga ko‘ra esa, talabgorlarning ID kartalariga davlat xizmatlari markazlarida moped va skuterlarga mulk huquqi raqamli ma’lumotlarini kiritish va tashqi identifikatsiyalash imkonini beradigan yoki QR kodli stikerlar berish bilan masalani hal etish mumkin. Ana shunda xizmat haqi ham nari borsa 200 ming so‘mni tashkil etadi.

“Yoki bo‘lmasam, butun normal dunyodagi kabi va O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan Vena konvensiyasi bo‘yicha moped va skuterlarga A1 toifani joriy qilish, ixtiyorga ko‘ra soddalashtirilgan o‘qish yoki o‘qishsiz arzon imtihon jarayonini yo‘lga qo‘yish mumkinmidi?” – deya savol qo‘yadi O.Bakirov.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Moped va skuterlar “pravasi” o‘ta qimmat, bunday narx hatto AQShda ham yo‘q” degan mazmunda videolavhalar ham tarqalmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: moped va skuter haydovchilarining “A” toifadagi guvohnoma olishi talabi 2025 yil 1 martdan joriy etilishi rejalashtirilgan, keyinroq hukumat qarori bilan mazkur muddat 1 oktyabrga qadar uzaytirilgan edi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida 2025 yil 30 sentyabrga qadar amal qiladigan vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring