93 mingdan ortiq o‘zbekistonlik telefon raqamini ko‘chirish xizmatidan foydalangan
Abonent raqamini ko‘chirish xizmati rasman 2023-yilda ishga tushirilgan. Ushbu xizmat orqali abonent mobil aloqa operatorini o‘zgartirgan holda abonent o‘ziga qulayroq tariflarni, sifatli mobil aloqa va qo‘shimcha xizmatlarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda esa amaldagi telefon raqami to‘liq saqlab qoladi.
Abonent raqamini saqlagan holda boshqa mobil aloqa operatorga o‘tish (MNP) xizmatidan 2024-yilda 77 260 marta foydalanilgan. 2025 yil ma’lumotlariga ko‘ra esa ushbu ko‘rsatkich 93 221 tani tashkil etgan.
Bu 2024-yildagi raqamlarni ko‘chirishlar soniga nisbatan 15 961 taga (20,6 foizga) o‘sganligini ko‘rsatadi. Mazkur statistika ushbu xizmatga bo‘lgan talab va uning ommabopligi izchil ravishda ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib borayotgan mobil aloqa operatorlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish, shuningdek, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan.
Hozirgi kunda abonent raqamini ko‘chirish xizmati — UZTELECOM, Beeline, Mobiuz, Ucell, Humans hamda OQ mobil aloqa operatorlari tomonidan taqdim etilmoqda. Bunda mobil aloqa operatorni o‘zgartirish jarayonida, operator kodi va amaldagi telefon raqami to‘liq saqlab qolinadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter