Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Adliya vazirligida brifing. Qo‘chqorov yaxshigina «terladi», Ortiqova esa...

Adliya vazirligida brifing. Qo‘chqorov yaxshigina «terladi», Ortiqova esa...

Ma’lumki, joriy yilning 22-mayidan 6-iyunigacha regulation.gov.uz portalida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini omma muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ozmuncha fikr-mulohaza bildirildimi?! Yaqin orada birorta qonun loyihasini jamoatchilik bunchalar elakdan o‘tkazmagandi, rosti...

Bugun Adliya vazirligida mazkur hujjatning mazmun-mohiyati, loyiha yuzasidan kelib tushgan takliflar bo‘yicha brifing uyushtirildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Adliya vazirligida ommaviy axborot vositalari ishtirokida o‘tadigan katta-kichik tadbirlar doim bahs-munozaralar boy tarzda kechadi. Bu safargisi ham avvalgilardan qolishmadi. Natijada vazir o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov savol-javoblar chog‘ida yaxshigina «terlashi»ga to‘g‘ri keldi. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ko‘pam savollar bo‘ronida qolmagan bo‘lsa-da, tadbirga «o‘z imzosini chekishga» muvaffaq bo‘ldi baribir. Savol-javob jarayonida yuzaga kelgan bo‘shliqlarni esa Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Nodirjon Maqsumov (xodimlari yordamida) to‘ldirib turdi.

Aytildiki, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi ushbu huquqiy hujjat O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida katta yangilik. Bu borada o‘tgan yillar davomida muayyan harakatlar bo‘lgan, ma’lum loyihalar tayyorlangan ham. Biroq ularni hayotga tatbiq etishda siyosiy iroda va ishtiyoq yetishmagani endilikda sir emas. Qachonki, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi tasdiqlanib, hayotga joriy etilishi natijasida davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng miqyosli islohotlar boshlandi. Davlat fuqarolik xizmati masalalari bo‘yicha vakolatli organ — davlat organlari va tashkilotlarida ishchi xodimlarni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat fuqarolik xizmati agentligi tashkil etildi. Bu boradagi ishlarning izchil davomi sifatida «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatini kompleks ravishda huquqiy jihatdan tartibga solishi barobarida nomzodlarni mustaqil ravishda tanlov asosida saralab olish, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchilari faoliyati va uning vakolatlarini baholash mezonlarini belgilab beruvchi tartib-taomillar, ularning malakasini oshirishga qo‘yilgan talablar ham o‘z aksini topgan.

Tadbirda Qonun loyihasining 3-moddasi mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Negaki, eng ko‘p bahs-munozaraga sabab bo‘layotgan qoidalar shu moddada aks etganda. Ya’nikim, unda mazkur qonan bilan davlat fuqarolik xizmatchilariga tatbiq etilishi belgilangan normalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari hamda sudyalarga tatbiq etilmasligi qayd etilgan.

Nega? Masalan, hokimlar. Ular davlat fuqarolik xizmatining eng birlamchi vakillari hisoblanadi. Shu barobarida tashqari barcha tuman va shahar hokimlari mahalliy kengash deputati, viloyat hokimlari esa senator hisoblanadi. Shunday ekan, mazkur amaldorlarning «ko‘pga kelgan to‘y»dan «chetda qoldirilishi» qanchalar maqsadga muvofiq?

Ayni mazmundagi savolga berilgan javobdan uqqanimiz shu bo‘ldiki, dunyo tajribasida mazkur mansabdor shaxslar fuqarolik xizmatchilariga emas, siyosiy xizmatchilar toifasiga kiradi. Umumiy qoidaga ko‘ra, deyarli barcha mamlakatlarda davlat xizmatchilari fuqarolik va siyosiy xizmatchilarga bo‘linadi. Ularning maqomi maxsus hujjatlar bilan tartibga solinadi. Davlat xizmatchilari bilan taqqoslaganda davlatning siyosiy lavozimlariga nisbatan doim ham mehnat qonunchiligi amal qilavermaydi, chunki ular xalq yoki deputatlar tomonidan saylanadi yoki yuqori turuvchi organlar tomonidan tayyorlanadi va mehnat qonunchiligida ko‘zda tutilmagan asoslarga ko‘ra lavozimidan ozod etilishi mumkin. Boshqacha aytganda, davlat xizmatini tartibga soluvchi normalar siyosiy xizmatchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Biroq bu degani — davlat xizmatchilarining qandaydir toifalari o‘z daromadi va mulkini majburiy ravishda deklaratsiya qilish tizimidan mustasno qiladi, ma’nosini anglatmaydi. Dunyo tajribasi davlat xizmatchilari daromadi va mulkini deklaratsiya qilish bilan bog‘liq masalalar mustaqil qonunchilik hujjatlari yoki korrupsiyaga qarshi kurash bilan bog‘liq hujjatlar bilan tartibga solingan. Qolaversa, Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga (2019 yil, 3 oktyabr) muvofiq davlat xizmatchilari tomonidan o‘z daromad va mulkini majburiy ravishda deklaratsiya qilish tizimini izchil joriy etish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlanmoqda.

Tadbir davomida jamoatchilik fikri va xorijiy tajribani hisobga olgan holda agar biri ikkinchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tobe yoki nazorat ostida bo‘lsa, yaqin qarindoshlarning bitta davlat tashkilotida lavozim egallashiga imkon beruvchi qoidalar qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda mansabdor shaxslar va ularning oila a’zolari tomonidan xorijiy davlatlar banklarida hisob raqami ochish, xorijda qimmatbaho buyumlar saqlash va ko‘chmas mulkka egalik qilish huquqi bilan bog‘liq masalalar ham qo‘shimcha ravishda o‘rganish ko‘zda tutilgan.

Pirovardida aytildiki, qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etadi, so‘ng yana bir bor jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgach, ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan bugungidek tadbir tashkil etiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring