Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokat: Toshkent shahar IIBB bayonoti noto‘g‘ri, voqelik boshqacha bo‘lgan...

Advokat: Toshkent shahar IIBB bayonoti noto‘g‘ri, voqelik boshqacha bo‘lgan...

Foto: IIBB

Toshkent shahar IIBB matbuot markazining  ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan erkak kishining qo‘lga olinishiga oid video bo‘yicha  bergan izohi ko‘pchilikda katta shubha uyg‘otayotgandi. Zero, tasvir va izoh bir-biriga «yopishmayotgani»  kechaning o‘zida ayon bo‘lib ulgurgandi. Bugun tahririyatimizga  murojaat qilgan «CORPORATE LAWYER» advokatlik  byurosi advokati  Azamat Egamberdiyev (u videodagi «aybdor»ning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qiladi) e’irozlarini to‘kib soldi. 

Unga ko‘ra, video yuzasidan berilgan izoh aniq faktlarga asoslanmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Jumladan: «2-oktyabr kuni Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan prokuratura organlarining qaroriga ko‘ra mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari bo‘lmish Sayidali M.ning turar joyi aniqlangan. Ilgariroq, tergov oldi tekshiruvlari davomida prokuratura xodimlari tomonidan mazkur MChJ rahbariyati majburiy soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlagani aniqlangan», – deyiladi Toshkent shahar IIBB matbuot markazining rasmiy xabarida. Biroq, joriy yilning 2-oktyabr kuni MChJga nisbatan to‘plangan materiallar bilan tanishganimizda, departament organlari tomonidan M.Sayidalini majburiy keltirish to‘g‘risida qaror, unga yuborilgan chaqiruv qog‘ozlari, telegramma yoki biror bir telefonogramma mavjud emasligi aniqlandi. Shunday ekan, uni ko‘chada hech qanday izohsiz, qo‘liga kishan taqqqan holda mashinaga «bosib» ketish o‘zboshimchalikdan boshqa narsa emas, deydi advokat.

Bundan tashqari, M.Sayidali MChJda 2019-yil fevral oyiga qadar direktor lavozimida ishlagan bo‘lib, ayni paytda umuman boshqa ma’suliyati cheklangan jamiyatiga rahbarlik qilib kelmoqda.  M. Saydali ishdan ketgandan keyin o‘sha MChJda majburiy soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlaganligi aniqlangan bo‘lsa, bunga uning nima daxli bor? Demak,Toshkent shahar IIBB matbuot markazi tomonidan berilgan rasmiy xabarning ushbu qismi haqiqatdan umuman yiroq.

Shuningdek, rasmiy xabarda: «Bundan tashqari, Sayidali M.ga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqa bir MChJ rahbari A.G.dan kelib tushgan ariza mavjud. Mazkur arizada dori vositalarining oldi-sotdisi kelishuvi bo‘yicha qolgan mablag‘ to‘lanmaganligi ma’lum qilingan» – deyilmoqda. M.Sayidali 2019-yil fevral oyidan buyon «tipografiya» va qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanib keladi. Agar unga nisbatan rostdan ham ariza kelib tushgan bo‘lsa, nega uni chaqiruv qog‘ozi yoki telefon orqali ham chaqirilmay kuppa-kunduzi, xuddi jinoyatchini ushlaganday qo‘liga kishan urilishi kerak? Vaholanki, unga nisbatan ariza tushganligining o‘zi shubhali.

Rasmiy izohdagi go‘yoki «...tezkor xodimlar o‘zlarini tanishtirib va xizmat guvohnomalarini ko‘rsatib, Sayidali M.ga tuman prokuraturasiga unga nisbatan kelib tushgan ariza bo‘yicha holatni aniqlash uchun borish kerakligini aytishgani», biroq  «... M. Sayidali qochishga urinib, faol qarshilik ko‘rsatgani», shuning uchun xodimlar qonunchilikka muvofiq uning qo‘llariga kishan solib prokuraturaga olib borishga majbur bo‘lishganiga oid  gaplar ham yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Videotasvirda tasvirga oluvchi shaxs «nima uchun?» degan savolni kamida 6-7 marotaba takrorlagan bo‘lib, tezkor xodimlar «borganda bilasiz» degan javobdan narigi o‘tmaganini yaqqol ko‘rinadi.  Yaqqol ko‘rinib turgan holatni inkor etish - tezkor xodimlarning aybini ochidan ochiq yashirishdan boshqa narsa emas. Qolaversa, o‘sha paytda M. Saydalining yonida bo‘lgan guvohlar  tezkor xodimlar «o‘zlarini tanishtirib, guvohnomalarini ko‘rsatib» emas, balki orqadan kelib, «tappa bosishganini»  tasdiqlashi mumkin.

Advokatning alohida ta’kid etishicha, qo‘liga kishon urilgancha majburan Mirobod tumani prokuraturasiga olib kelingan M.Sayidali  u yerda taxminan 40 daqiqa o‘sha holatda ushlab turilgan.  Qachonki uni  tuman prokurori o‘rinbosari qabuliga olib kirishganidan keyingina holatga aniqlik kiritilgan  va qo‘llaridan kishanlar yechilgan...

Poytaxt IIBB izohida esa  asl holat xaspo‘shtlanib, hammasi go‘yoki qonun dorasida bo‘lgani aytiladi. Asl holat esa buning aksini ko‘rsatmoqda.

«Xabar.uz» voqelik bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot to‘plash maqsadida Bosh prokuratura bilan bog‘landi. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, hozirgi kunda holat yuzasidan Mirobod tumani departamenti va Mirobod tumani IIB tezkor xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari  boshlab yuborilgan. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring