Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Falastin rahbariyatining qo‘l-oyog‘ini ipsiz bog‘ladi

AQSh Falastin rahbariyatining qo‘l-oyog‘ini ipsiz bog‘ladi

AQSh davlat departamenti BMT Bosh assambleyasi tadbirlarida qatnashishi belgilangan Falastin vakillarining vizasini bekor qildi. Bu Falastin prezidenti Mahmud Abbos hamda 80 ga yaqin falastinlik rasmiylarning joriy yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida o‘tadigan BMT tadbirlarida qatnashish imkonidan mahrum etilganidan dalolat beradi.

Davlat kotibi Marko Rubio Falastin tomonini «tinchlik yo‘lidagi urinishlarni yo‘qqa chiqarish» va «nazariy jihatdan mavjud bo‘lgan Falastin davlatini bir tomonlama tan olish»ga urinishda ayblagan.

Davlat departamenti Falastin rasmiylari vizasi bekor qilinishini «terrorizmni rag‘batlantirmaslik» maqsadi bilan ham asoslagan.

Falastin tomoni AQShning ushbu qarorini 1947-yilda qabul qilingan BMT shtab-kvartirasi haqidagi bitimga zid deya qoralagan

Falastin tashqi ishlar vazirining maslahatchisi Ahmad al-Dik BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va a’zo davlatlarni ushbu holatga e’tibor qaratishga chaqirgan.

Jahon matbuotining yozishicha, AQSh BMT bosh qarorgohi joylashgan davlat sifatida xalqaro tashkilot anjumanlarida davlatlarning to‘siqsiz qatnashishiga imkon yaratishi kerak. Vashingtonning Falastinga nisbatan qarori ayni shu jihatga ko‘ra tanqid qilinmoqda.

BMT Bosh assambleyasining sentyabr oyida o‘tadigan yig‘inida Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya Falastin davlatini tan olishi kutilmoqda.

Bu jihatdan, AQSh davlat departamentining bahsli qarori Falastin davlatini tan olishga qarshi harakat ham deb baholanmoqda. 

Prezident Donald Tramp ma’muriyati viza chekloviga parallel ravishda G‘azo sektoridan yarador bolalarni qabul qilish dasturini ham to‘xtatgan.

AQSh 2023-yil 7-oktyabrdan buyon G‘azo sektorida davom etayotgan va o‘n minglab falastinlik o‘limiga sabab bo‘lgan urushda Isroilni hech qanday shartlarsiz moddiy, harbiy va diplomatik tarzda qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Vashington Falastin davlati tuzilishiga ham tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda. O‘tgan yil 18-aprel kuni BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning BMTga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasini ham  birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda yo‘qqa chiqargandi.

Qo‘shma Shtatlar o‘sha yilning may oyida BMT Bosh assambleyasining navbatdagi tashqari yig‘ilishida Falastinning xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zoligi ko‘zda tutilgan rezolyusiyaga ham qarshi ovoz bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring