Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonga 14,2 million dollar ajratmoqda

AQSh O‘zbekistonga 14,2 million dollar ajratmoqda

AQSh O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun 14,2 million dollar mablag‘ ajratadi. Bu haqda ayni paytda O‘zbekistonda mehmon bo‘lib turgan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)  administratori Samanta Pauer ma’lum qildi.

AQShlik yuqori martabali mulozimning 23-24 oktyabr kunlari davom etadigan tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan iboratdir.

14,2 million dollar mablag‘ silga, epidemiya va pandemiya tahdidlariga qarshi kurash, biznes va xususiy sektorni mustahkamlash, yanada mas’uliyatli va samarali mahalliy boshqaruv kabi yo‘nalishlarda sarflanadi.

O‘zbekiston sil kasalligiga qarshi izchil kurashib kelmoqda. USAID bu doirada besh yillik «Sildan xoli O‘zbekiston» dasturini ishga tushirib, qo‘shimcha 3,2 million dollar sarmoya kiritadi. Mazkur  dastur O‘zbekistonda kasallik yuqishining oldini olish va aniqlash, davolash, kasallik asoratlarini kamaytirish, shuningdek, axborot tizimlari va moliyalashtirishni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarga yordam beradi. 2002 yildan beri AQSh O‘zbekistonning silga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 60 million dollar sarmoya kiritgan.

4 million dollarlik sarmoya O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi ehtimoliy tahdidlar, epidemiyalar va pandemiyalarga kurash salohiyatini oshirishga yo‘naltiriladi.

Qo‘shma Shtatlar, shuningdek, turizm, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va yashil iqtisodiyot kabi maqsadli tarmoqlar yordamida O‘zbekiston iqtisodiyotini mustahkamlash uchun 3,5 million dollar sarmoya kiritadi. Ushbu dastur ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy inklyuzivlikni yaxshilash, kichik va o‘rta korxonalar uchun eksport bozorlarini rivojlantirish va kapitalni jalb qilish imkonini beradi.

3,5 million dollar esa O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda hamda Kongress bilan hamkorlikda yangi mahalliy boshqaruv dasturi orqali mahalliy boshqaruvni kuchaytirishga sarflanadi. Bu orqali mahalliy hokimiyatlarning xalqqa xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirish ko‘zlangan.

USAID administratori Samanta Pauer 23 oktyabr kuni Toshkentdagi maktabga tashrifi chog‘i ta’lim sohasida yangi tashabbusni ham e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlar dasturning birinchi yilidagi tadbirlar uchun 4,5 million dollar ajratadi.

Hukumat, pedagoglar, ota-onalar, nogironligi bor shaxslar va fuqarolik jamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi yangi tashabbus beshinchi sinfgacha o‘quvchilarga samarali o‘qishga yordam beradigan ilmiy asoslangan o‘qitish va inklyuziv ta’lim amaliyotlarini sinovdan o‘tkazish va kengaytirishga mo‘ljallangan.

Xalqaro agentlik matbuot xizmatiga ko‘ra, AQSh 2019 yildan beri O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 40 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

Avval xabar berganimizdek, 23 oktyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev USAID administratori Samanta Pauer boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring