Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh xavfsizligiga eng katta tahdid tug‘dirayotgan davlat nomi ochiqlandi

AQSh xavfsizligiga eng katta tahdid tug‘dirayotgan davlat nomi ochiqlandi

Foto: AFP

Xitoy o‘rta va yaqin istiqbolda AQSh uchun asosiy tashqi tahdid sanaladi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi Mayk Pompeo Fox News telekanali orqali chiqishida ma’lum qildi.

M.Pompeo rasmiy Pekin katta energiya manbalariga ega Yaqin Sharq mintaqasida o‘z ta’sirini oshirishga urinayotganini xavotirli hol o‘laroq baholagan. Ayni choqda, Vashington Xitoyga qarshi turishga qodir ekani ta’kidlangan. Bu borada Isroil hamda arab mamlakatlari bilan diplomatik munosabatlar tiklanayotgani katta yutuq o‘laroq talqin etilgan.

Davlat kotibiga ko‘ra, tobora qurollanishga zo‘r berayotgan Xitoy kommunistik partiyasi eng katta tahdid bo‘lib qolmoqda.

Mayk Pompeo joriy yil 15-fevral kuni Myunxen anjumanidagi ma’ruzasida ham Xitoy, Rossiya hamda Eronni xalqaro tinchlikka tahdid solayotgan davlatlar deya talqin etgan edi. Xususan, davlat tomonidan dastaklanayotgan Huawei kabi shirkatlar Xitoy razvedkasining «troyan oti» deb atalgan edi.

O‘z navbatida rasmiy Pekin ham Qo‘shma Shtatlarni xalqaro hamjamiyat uchun asosiy xavf-xatar deb baholab keladi.

«Ko‘p yillik tajriba aynan AQSh mintaqaviy mojarolar sababchisi ekani, xalqaro tartibni hamda butun dunyodagi tinchlikni buzayotganini ko‘rsatmoqda», – deb bayonot bergan edi Xitoy mudofaa vazirligi matbuot kotibi joriy yil 13-sentyabrda.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, so‘nggi 20 yil davomida Qo‘shma Shtatlar Iroq, Suriya va Liviyada urushlar avj olishiga sabab bo‘ldi, Vashingtonning agressiv siyosati tufayli yuz minglab odam vafot etdi, bir necha million kishi boshpanasiz qoldi.

Umuman, koronavirus pandemiyasi davrida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Qo‘shma Shtatlar rahbariyati Xitoyni koronavirus tarqalishi borasidagi real holatni yashirishda ayblab kelmoqda. Prezident Tramp dunyo osoyishtaligini izdan chiqargan xastalikni «xitoy virusi» deb atagani ham diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi.

O‘z navbatida, rasmiy Pekin koronavirus AQSh harbiylari tomonidan atayin tarqatilgan degan iddao ilgari surgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ham Xitoy rahbariyatini bir necha bor koronavirus epidemiyasi xususidagi haqqoniy ma’lumotlarni yashirganlikda aybladi.

«Afsuski, dastlab Xitoyning Uxanida tarqalgan ushbu virus haqida, epidemiya haqida tez fursatda xabardor bo‘linmadi. Negaki, Xitoy hukumati, Xitoy kommunistik partiyasi bu boradagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmadi. Eng achinarlisi, buning oqibatida dunyo bo‘ylab real tahdid yuzaga keldi», – degan edi AQSh bosh diplomati Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida.

AQSh vakolatli idoralari keyinroq Xitoy tomonini COVID-19 vaksinasini o‘g‘rilashga urinishda aybladi. Ikki o‘rtadagi dahanaki munozara pirovardida diplomatik vakolatxonalar yopilishi bilan yakunlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring