Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Armaniston Rossiya harbiylarini uyiga kuzatdi

Armaniston Rossiya harbiylarini uyiga kuzatdi

Armaniston poytaxti Yerevan shahridagi «Zvartnots» xalqaro aeroportida 32 yil davomida xizmat o‘tagan Rossiya chegarachilari o‘z uyiga jo‘natildi. 

Armaniston milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Edgar Unanyan hamda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Armanistondagi chegara boshqarmasi rahbari, general-leytenant Roman Golubitskiy tomonidan imzolangan hujjatga binoan xalqaro aeroportni qo‘riqlash rasmiy Yerevanga topshirildi.

1992 yil 30 sentyabr kuni Moskva hamda Yerevan Armaniston hududiga Rossiya chegarachilarini joylashtirishga doir bitim imzolagan edi. Ushbu hujjatda Rossiya chegarachilari Armanistonning Eron va Turkiya bilan sarhadlarini qo‘riqlashi belgilangan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil mart oyida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya chegarachilaridan 1 avgustga qadar «Zvartnots» xalqaro aeroportini tark etish va nazoratni arman mutaxassislariga topshirishni talab qilgan edi.

Armaniston parlamenti spikeri Alen Simonyan mamlakat o‘z chegaralarini o‘zi muhofaza etishga qodir ekanini ta’kidlagan.

Tahlilchilar ushbu qarorni Moskva va Yerevan munosabatlari sovuqlashayotganining yana bir belgisi deb baholagan edi.

Joriy yil fevral oyida Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan Rossiya yetakchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini sustkashlikda ayblab, mamlakatning mazkur tuzilmadagi ishtirokini «muzlatib qo‘ygan» edi.

Joriy yil iyul oyida Armanistonda AQSh bilan hamkorlikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Tahlilchilar Yerevanning Vashington bilan hamkorlikdagi harbiy o‘quv tadbiri «Rossiyani xafa qiluvchi qadam» bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring