Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asosiy e’tibor — muhim narsalarga

Asosiy e’tibor — muhim narsalarga

Foto: «Lifehacker.ru»

Hayotni sevsang, vaqtni boy berma, chunki vaqtdan hayot yaraladi, degan edi faylasuflardan biri. Darhaqiqat, vaqtning qiymatini hech narsa bilan o‘lchab ham, qiyoslab ham bo‘lmaydi. Ajdodlarimiz qoldirgan ulkan moddiy va ma’naviy meros kishida ular vaqtdan o‘zib ketmaganmikan, degan fikrni tug‘diradi.

Yuksak darajada taraqqiy etgan axborot texnologiyalari asrida ba’zan vaqt ziqligidan noliymiz. Bizdan besh-o‘n asr ilgari yashagan ajdodlarimizning sham yorug‘ida uddalagan olamshumul kashfiyotlari, yaratgan bebaho san’at asarlarini o‘rganishga ham vaqt qurg‘ur imkon bermaydi. Afsuski, kompyuter oldida soatlab o‘tirish ayrim o‘g‘il-qizlarning odatiga aylanib bormoqda.

Maktab yoshidagi bolalarning kompyuter ekraniga mixlanib qolishlari ularning sog‘lig‘i uchun qanchalik zararli bo‘lsa, ruhiy jihatdan ham shunchalik xavflidir. Bola tarbiyasiga befarq qaramaydigan har bir ota-ona ularning ta’lim-tarbiya olishlari, ovqatlanishlari, dam olishlari va hatto o‘yin o‘ynashlari uchun ham muayyan vaqt belgilab berishi, yoshligidanoq ularga vaqtdan unumli foydalanishni uqtirib bormog‘i kerak.

«Har qadamda internet-kafe borligiga qaramay, bolalarimizga uyda internetga ulanish imkoniyatini yaratib berganmiz. Bu ularning vaqtdan unumli foydalanishlaridakelmoqda», — deydi bir ayol.

To‘g‘ri, bunday imkoniyat bolalar o‘zlari axtargan ma’lumotlarni hech bir to‘siqsiz olishlari uchun yetarli, albatta. Biroq nazoratsiz qolgan bolakay internetga kirib «o‘rgimchak to‘ri»da xohlaganicha sayr qilishi, istagan saytga kirib turli behayo ma’lumotlarni ham o‘qishi, ko‘rishi mumkin. Bu esa bolaning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, unda jangarilik, axloqiy buzuqlik, kattalarga nisbatan hurmatsizlik kabi illatlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shu o‘rinda o‘g‘il-qizlar qo‘lidagi ko‘p funksiyali uyali aloqa vositalari ham «bunday natijalarga kutilganidan ham tezroq yetish»da «beminnat» xizmat ko‘rsatayotgani sir emas.

Yurtimizda kechayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmunini tashkil etgan yuksak ma’naviyatli, barkamol insonlar tarbiyasi bunday holatlar ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ma’naviyati yuksak fazandlargina qaysi ma’lumotdan foydalanish lozimligini aql tarozusiga solib hal etadilar. Buning uchun ular ongida ma’naviy bo‘shliq yuzaga kelmasligiga erishish, ya’ni umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosidagi ta’lim-tarbiya orqali farzandlarimiz ongida sog‘lom hayot tarzini shakllantirishimiz zarur.

Shu o‘rinda boshqaruv sohasida mashhur mutaxassis Stiven Kovining mashg‘ulotlaridan birini eslash joiz. Bu mashg‘ulotda u stol tagidan 5 litrli shaffof idishni oladi va mushtdek keladigan bir necha toshlarni oldiga qo‘yib: «Nima deb o‘ylaysiz, shu toshchalardan nechtasi bu idishga sig‘arkan?», deb so‘raydi. Turli fikrlar aytilgach, idishga bir nechta toshni solib to‘ldiradi. Keyin: «Endi idish to‘ldimi?», deb so‘raydi. Hamma unga tikilib: «Albatta», deyishadi. Shundan keyin idishga shag‘al soladi. Stiven yana: «Endi idish to‘ldimi?», deb so‘raydi. Bu safar ham ular «Endi, shubhasiz, to‘ldi», deb javob berishadi. «Yaxshi», deydi u va idishga qum to‘kadi, tabiiyki qum ham tezda tosh va shag‘al oralariga singib ketadi. Stiven yana so‘raydi: «Endi idish to‘ldimi?» «Bu safar aniq to‘ldi, endi unga hech narsa solib bo‘lmaydi», deyishadi auditoriyada o‘tirganlar. Instruktor idishga bir litr suvni ham quyadi. «Xo‘sh, bularning hammasi nimani bildiradi?», deb so‘raydi u nihoyat. Turli fikrlar aytiladi. «To‘g‘ri, hayotda doimo bo‘shliq mavjud, uni to‘ldirish uchun ishlash lozim bo‘ladi, — deydi Kovi. — Bu tajribaning boshqa muhim jihati ham borki, agar men katta toshlarni birinchi bo‘lib solmasam, idishda ularga joy qolmasdi».

Bu oddiy bir mashg‘ulot. Ammo uning zamirida muhim ishlarga asosiy e’tibor berish bilan bir vaqtda, bola tarbiyasida arzimasdek tuyulgan masalalarni ham nazardan chetda qoldirmaslik g‘oyasi yotadi.

Maqolamiz avvalida vaqt masalalasi haqida fikr yuritgandik. Har bir ishda vaqtdan unumli foydalanmasak yoki vaqtni behuda narsalarga sarflasak umrimiz ham yuqoridagi tajribada ko‘rsatilganidek, mayda qumlar bilan to‘lib qoladi.

Tolibjon Nizomov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring