Barcha viloyatlarda xususiy veterinariya klinikalari va laboratoriyalar ochiladi
2027-yildan boshlab veterinariya sohasida laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar bo‘yicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi. Bu haqda prezident ishtirokidagi chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qishloq ho‘jaligida har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va dehqonlar uchun «Agro ko‘makchi» mobil ilovasida elektron «Dala daftari» tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sun’iy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.
Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritilib, ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027-yil 1 martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi «Yagona darcha» tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.
Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard so‘mga tejaladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter