Bayden ma’muriyati Ukrainaning 4,65 mlrd dollarlik qarzidan kechishni rejalashtiryapti – Bloomberg
AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kongressga Ukrainaning 4,65 milliard dollarlik qarzini bekor qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Bloomberg agentligi AQSh Davlat departamentining Kongressga yo‘llagan maktubiga tayanib, qarzni bekor qilish «Qo‘shma Shtatlar va uning Yevropa Ittifoqi, G7 va NATOdagi hamkorlarining milliy manfaatlariga javob berishi» hamda bu Ukrainaga urushda g‘alaba qozonishiga yordam berishini yozmoqda.
2024 yil aprel oyida tasdiqlangan AQShning 60 milliard dollarlik yordam paketi doirasida Ukrainaga 9 milliard dollarlik kredit berilgan edi. Bloomberg ta’kidlaganidek, ushbu kreditning yarmini hisobdan chiqarish, Donald Tramp prezidentlikka kelishidan oldin «Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator qadamlarning so‘nggisi» bo‘ladi.
Bu reja, Bloomberg yozganidek, respublikachilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Kentukki shtatidan senator Rend Pol «Bayden ma’muriyatini to‘xtatish» uchun Senatda ovoz berishni rejalashtirayotganini aytdi, chunki uning qarori qarz yukini amerikaliklar zimmasiga yuklaydi. Biroq, demokratlar hali ham Senatni nazorat qilishini hisobga olinsa, bu rezolyusiya qabul qilinishi dargumon, deya qayd etadi Bloomberg.
Trampning prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan so‘ng Oq uy Ukrainaga harbiy yordam jo‘natish jarayonini tezlashtirishga qaror qilgan, deb yozadi The Wall Street Journal.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter