Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bayram arafasida Surxondaryoga chipta yo‘q. Nega?

Bayram arafasida Surxondaryoga chipta yo‘q. Nega?

Toshkent vokzali

Foto: «Wikipedia.org»

Shifokorga ko‘rinish uchun qishloqdan kelgan ukamni Yangi yil arafasida uyga jo‘natmoqchi bo‘ldim. Operatsiya qilinganiga hali ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, bayramni uyda, oila davrasida kutib olishni xohladi.

Jarrohlar uzoq yo‘lga yengil avtomobilda ketish qiyinligini, ukam uchun poyezdda qulay vagondan joy olib berishimni tayinlashdi. Ammo ukam ketadigan kuni ya’ni 27-dekabr sanasida poyezdga chipta topilmadi. Ungacha har kuni Toshkent vokzalida «sarg‘aydim», biroq natija yo‘q. Kassadagilar «o‘sha kuni ertalab keling, qo‘shimcha vagon qo‘yiladi, ayni paytda 31-dekabrgacha barcha biletlar sotilib bo‘lgan», deyishdi.

Aytilgan kun ham keldi. vokzalga borsak, kech qolganimiz, biletlar 9:00 gacha sotilib ketgani, ertaga ertaroq kelsak, balki, olishimiz mumkinligini aytishdi. Odam ko‘p, navbatda turganlarning deyarli yarmiga bilet yetmay qolibdi. Yuqori xizmat ko‘rsatuvchi (VIP) zalga murojaat qilib, vaziyatni tushuntirdim. U yerda ham shu gap, ammo kassir qizning aytishicha, kechqurun soat 17:00 da xabar olsak, bilet bo‘lishi mumkin ekan.

Ertaga ertalabdan harakat qilib ko‘rsakmikan, degan xayolda ko‘chaga chiqdik. Shu mahal yo‘l chetida turgan yigitlarning «biletlar bor, biletlar...», deb baqirayotganini eshitdik. Birpas kuzatib turdik. Boya navbatda turib bilet ololmagan bir ayol ular bilan gaplashib, qo‘liga pasporti va bir dasta pul uzatdi. Ketayotganda haligi yigit «kechqurun soat oltida shu yerda bo‘ling, xola», dedi. Keyin biz ham undan Surxondaryoga chipta so‘radik. U bo‘lsa bizni hayratda qoldirib, «Aka pulini bersangiz, xohlagan vagoningizga joy topib beraman», dedi.

Buni qarang, kassada bilet yo‘g‘-u, bular xohlagan joyga chipta topib berarkan. «Uddaburon»larning g‘urur bilan ta’kidlashicha, nafaqat Surxondaryo, balki barcha viloyatlar, hatto, chet davlatlarga ham istalgan vaqt va vagonga chipta topib berish qo‘llaridan kelarkan. Ana bo‘lmasa...

Faqat ularning xizmat haqini to‘lasangiz bo‘ldi. Kassada 80-90 ming so‘m atrofidagi biletlar bularda 130 ming so‘mdan ekan. Men ularning bu harakatidan bir jahlim chiqsa, ishim bitishini o‘ylab bir xursand bo‘ldim. Biroq u aytgan narhga pulim kamlik qilib, arzonroq berishini so‘radim. «Uddaburon» esa pinagini ham buzmay, «xohlasangiz shu» degandek jim turaverdi. Oxiri, kelisholmadik. Ulardan o‘tib yana shunday «olib-sotarlar»ga duch keldik. Keyin bilsak, vokzal atrofida bundaylar ko‘p ekan. Harna, bularda insof bor ekanmi, biroz arzonroqqa ko‘nishdi.

O‘zini Bahriddin deb tanishtirgan yigit kimlargadir qo‘ng‘iroq qilib gaplashdi. «Ish» hal bo‘ldi shekilli ukamni olib kassaga ketdi. Ko‘p o‘tmay qo‘lida bilet bilan qaytdi. Uning aytishicha, bu chipta Samarqandgacha olingan ekan. «U yog‘iga Rustam degan vagon xizmatchisiga haqini berib manzilga eson-omon yetib olasiz», dedi .

Poyezd jo‘nash vaqtiga biroz qolganda vokzalga kirib, ukamni kuzatish uchun vagonga chiqdim. Biroq ukamga berilgan chipta umumiy vagonga bo‘lgani uchun yotib ketishga sharoit yo‘q edi. Bahriddin akaga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirsak, «bo‘lishi mumkin emas, men hozir qo‘ng‘iroqlashib aytaman», deya telefonni o‘chirdi. Shundan so‘ng uning telefoniga tushib bo‘lmadi. Poyezd jo‘nayman degan vaqtda vagon nazoratchisiga ukamning ahvolini aytib, iloji bo‘lsa, xonasidan joy qilib berishini so‘radim. U ham biroz yalintirib, «haqi»ni olgach ko‘ndi.

Amallab ukamni kuzatib, vokzal tashqarisiga chiqdim. Qarasam, bizga bilet sotgan yigitlar haliyam turibdi. Shartta oldiga borib, yoqasidan oldim. Nega aldaganini tushuntirishini so‘radim. «Aka, sizga aytish yodimdan chiqibdi. Bergan chiptam faqat vokzalga kirib olish uchun edi. Ukangiz keyingi poyezdga chiqqanda Rustam unga eng zo‘r vagondan joy tayyorlab qo‘ygan edi», deb bahona qildi.

Boshimdan o‘tgan shu voqea sabab olg‘irlarning ishini biroz kuzatib turdim. Uyiga shoshgan ko‘plab yo‘lovchilar men tanlagan yo‘lni tutmoqda. Kassada chipta yo‘q bo‘ladi-yu, baribir shuncha odam turli yo‘llar bilan vagonga chiqadi. Uyga eson-omon yetib borgan ukamning aytishicha, vagonning bir nechta o‘rindig‘i manzilga yetguncha ham bo‘sh ketibdi. Ukamning chiptasi Samarqandgacha bo‘lsa ham, Surxondaryogacha hech kim «bu mening joyim», deb kelmabdi. Atrofidagi ko‘plab yo‘lovchilar shu yo‘l bilan poyezdga chiqqanini aytishibdi. Xo‘sh, nega vagonlarda joy bo‘laturib, aholiga chipta sotilmaydi? Nahotki, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buni nazoratga ololmaydi?

Atrofga nazar soldim, haliyam uddaburon «olibsotar»lar bilet sotish dardida baqirib-chaqirmoqda. Mijozlar esa keragidan ko‘p...

Nuriddin Norsaidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring