Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bestseller bo‘sag‘asida. Dastxat yozib berish sururi

Bestseller bo‘sag‘asida. Dastxat yozib berish sururi

Toshkent shahrida tarjimon va jurnalist Shuhrat Sattorovning «Biz g‘alaba qozonamiz» nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

«BMB Trade Group» kompaniyasi hamda «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi «Maslahat.uz» guruhi bilan hamkorlikda tashkil qilingan mazkur tadbirda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Kitob aholining keng qatlami uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan «Muvaffaqiyat va baxtiyorlik tarkibi», «Maqsad va g‘alaba oralig‘i», «Kasbiy yuksalish va liderlik», «Biznes va tadbirkorlik», «Kelajakka maktublar», «Uzoq umr, salomatlik va foydali mashg‘ulotlar» singari bo‘limlar o‘rin olgan.

— Chamasi 20 yillar burun kitobim chiqmagani bois ota-onamdan arazlab yurganman. 20 yil shu maqsad ortidan quvdim. Ko‘plab tarjima kitoblardan so‘ng, ota-ona duosi, do‘stlarning xayrixohligi bilan poytaxt «yuragi»dagi shukuhli mehmonxonada ilk mualliflik kitobimni taqdim qildim, — deydi muallif. — Taqdimot fan va san’at, biznes va ma’rifat, siyosat va adabiyot olamining taniqli namoyandalari bilan yanada fayzga to‘ldi. Kitob yurtdoshlarimizni orzu-maqsadlar yo‘lidan e’tiqod bilan borishga chorlaydi, munosib hayot kechirishga undaydi.

Taqdimot so‘ngida kamdan-kam kuzatiladigan holat ro‘y berdi. Kitobxonlar, muxlislar mohir tarjimonni o‘rab olib, dastxat yozdirishdi. Xuddi xorijdagi kabi — bestsellerni sotib olishgandek, o‘quvchilarning quvonchi yuz-ko‘zidan bilinardi. Muallifning ushbu asari qo‘lma-qo‘l bo‘lib, bestsellerga aylanishiga tilakdoshmiz.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring