Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT: G‘azoda bolalarni ko‘rinmas ajal ta’qib etmoqda

BMT: G‘azoda bolalarni ko‘rinmas ajal ta’qib etmoqda

BMTning Falastin qochqinlariga ko‘mak berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi G‘azoda bolalar ochlik tufayli dunyo ko‘z o‘ngida halok bo‘layotgani haqida bong urmoqda.

Qamalda qolgan va gumanitar ko‘mak yetib bormayotgan hududdagi ikki yoshgacha bo‘lgan har oltinchi bola kuchli ochlikdan aziyat chekmoqda. Birgina 3 mart kuni G‘azo sektori shimolida 15 nafar bola oziq-ovqat yetishmovchiligidan nobud bo‘ldi.  Rasmiy hujjatlarga kiritilmagan o‘limlar soni bundan ham ko‘proq ekani aytilmoqda.

BMT Bolalar jamg‘armasining (YuNISEF) Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Adel Xodr ham Isroil blokadasi tufayli G‘azoda bolalar, xususan, chaqaloqlar o‘limi xavfi keskin oshganidan ogohlantirdi. Xalqaro tashkilot vakili tibbiy xizmat izdan chiqqan hududda bolalar hayotini saqlab qolish ikki karra mushkul ekanini urg‘ulagan.

Qayd etilishicha, bolalar ochlik sabab chorva mollariga mo‘ljallangan ozuqalarni ham iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa zaharlanish va boshqa yuqumli xastaliklar xavfini oshirmoqda.

YuNISEFga ko‘ra, minglab bolalar hayotini saqlab qolish uchun o‘t ochishni to‘xtatish, gumanitar ko‘mak va tibbiyot xizmat tizimini qayta yo‘lga qo‘yish lozim.

BMT ma’ruzachilari va Falastin tomoni Isroil G‘azo aholisini qasddan och qoldirmoqda deb hisoblaydi.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil  7 oktyabrdan buyon 30600 dan ziyod falastinlik, jumladan, 13430 nafar bolalar va 8900 nafar xotin-qizlar halok bo‘ldi.

Ayni paytda G‘azoning 2,3 million aholisi hayotiga Isroil bombalaridan tashqari ochlik, tashnalik va yuqumli xastaliklar xavf solib turibdi.

17 yil qisman blokada sharoitida yashagan G‘azo sektori 2023 yil oktyabr oyidan buyon to‘liq qamal ostida. Hududga suv, oziq-ovqat, yonilg‘i kirishi cheklangan.

Haagadagi Xalqaro sud 2024 yil 26 yanvar kuni qabul qilgan qarorga asosan, Isroilga G‘azo sektorida genotsid harakatlarining oldini olish va gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish majburiyati yuklangan.

Ammo Falastin tomoni Isroil xalqaro mahkama qaroridan keyin ham gumanitar ko‘mak kelishiga to‘sqinlik qilayotganini aytmoqda.

BMTga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda G‘azoda ochlik darajasi 12 baravarga ortdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring