Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT Rossiyaning Ukrainaga «eng shafqatsiz hujumi»ga munosabat bildirdi

BMT Rossiyaning Ukrainaga «eng shafqatsiz hujumi»ga munosabat bildirdi

BMT rahbari turarjoyga zarba berilganini urush jinoyati deb atagan.

Foto: Reuters

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiya harbiy kuchlari tomonidan Ukrainaning Dnepr shahridagi turarjoyga raketa zarbasi berilganini keskin qoraladi. Bu haqda bosh kotibning rasmiy vakili Stefani Tremble ma’lum qilgan. 14 yanvar kuni 9 qavatli uyga bomba tashlangani oqibatida kamida 41 kishi halok bo‘lgan.  

«Shanba kuni tunda Dneprdagi turarjoyga raketa zarbasi berildi. Bu o‘tgan yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangan vaqtdan buyon kuzatilgan eng shafqatsiz hujumlardan biri sanaladi», – deydi Stefani Tremble.

BMT rahbari Dneprga hujum urush jinoyati ekanini ta’kidlar ekan, aybdorlarga tegishli jazo berilishi kerakligini uqtirgan.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi ham tinch aholi yashayotgan uyga uyushtirilgan hujumni «insoniylikdan yiroq tajovuz» deb atagan va jazo muqarrarligi ta’minlanishini qayd etgan.

Ukraina xavfsizlik xizmati Dneprdagi turarjoyga bomba yog‘dirgan rossiyalik harbiylar shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan. 52-og‘ir aviatsiya bombardimonchi polki komandiri Oleg Timoshin, ushbu polkning aviatsiya otryadi komandiri mayor Aleksey Ivanenko kabi o‘nlab harbiylar hujumga aloqador deb ko‘rilmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmati urush qonunlarining buzilishi moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov mamlakat qurolli kuchlari turarjoylarga zarba bermasligini aytib, ayblovlarni inkor qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Dneprdagi uyga hujum oqibatida 41 kishi (ulardan to‘rt nafari bolalar) halok bo‘lgan, 77 kishi (ulardan 14 nafari bolalar) jarohatlangan, 46 kishi bedarak yo‘qolgan. Vayronalar orasidan o‘nlab odam qutqarib qolingan. Qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda. Qutqaruv amaliyotiga yuzlab odam va o‘nlab texnika jalb qilingan.

Avval xabar berganimizdek, Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Dnepr o‘qqa tutilganidan keyin G7 davlatlari va Yevropa Ittifoqini Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

BMT e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil 24 fevraldan buyon 7031 nafar tinch aholi, jumladan, 433 nafar bola hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. 11300 dan ziyod kishi, jumladan, 830 ga yaqin bola jarohatlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring