Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Buyuk qaytish». Ishg‘oldan ozod qilingan shaharga ilk oilalar ko‘chib keldi

«Buyuk qaytish». Ishg‘oldan ozod qilingan shaharga ilk oilalar ko‘chib keldi

Ozarbayjonning ishg‘oldan ozod qilingan Lochin shahriga dastlabki 20 oila ko‘chib keldi. Qariyb 30 yil okkupatsiya ostida bo‘lgan hudud 2020-yilda Ikkinchi Qorabog‘ urushi yakunida qayta Ozarbayjon tasarrufiga olingan edi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Lochin shahriga ko‘chib kelgan ilk oilalarga davlat tomonidan qurilgan uylarning kalitini topshirgan.

Siyosatchiga ko‘ra, dastlabki 8 oyda Lochinda 764 oilaga atab yuzlab uy barpo qilingan. Iyun oyi yakuniga qadar boshqa oilalar ham ona shahriga qaytadi. Dastlabki davrda Lochinda 4000 ga yaqin oila yashashi ko‘zda tutilgan.

I.Aliyev ko‘chib kelayotgan oilalarga yashash va ishlash uchun sharoit yaratilishini ma’lum qilgan.

Ozarbayjon armiyasi Qorabog‘da 2020-yil 27-sentyabrdan 9-noyabrga qadar kechgan janglarda qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib oldi. Ayni paytda ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda infratuzilmani yaxshilash va ko‘p yillar davomida kindik qoni to‘kilgan shahar-qishloqlardan uzoqda yashagan oilalarni qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Bu jarayon «Buyuk qaytish» deb atalmoqda.

Ozarbayjon prezidenti ozod qilingan hududlarga oilalarni qaytarishga doir 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, 2027-yilga qadar Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurning 280 ming gektar hududi minadan tozalanadi. Mazkur muddatga qadar mintaqaga 34,5 ming oila ko‘chiriladi.

Avval xabar berganimizdek, Qorabog‘da hozirga qadar ikkita (Fuzuliy va Zangilan) yangi xalqaro aeroport qurib bitkazildi.

Rejaga ko‘ra, 2024 yilda Lochinda ham xalqaro havo bandargohi foydalanishga topshiriladi.

Shuningdek, kelgusi yillarda Qorabog‘ va Sharqiy Zangezurda maktabgacha, o‘rta va oliy ta’lim muassasalari ochilishi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Fuzuliy tumanida o‘zbek xalqidan tuhfa sifatida 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab ham barpo etilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring