Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chiqindilardagi ikkilamchi xomashyo endi faqat birja orqali sotiladi

Chiqindilardagi ikkilamchi xomashyo endi faqat birja orqali sotiladi

2024 yil 1 iyundan chiqindilardagi ikkilamchi xomashyoni faqat birja orqali sotish yo‘lga qo‘yiladi. Bu vazifa O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 4 yanvardagi «Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 5-son Farmoniga muvofiq belgilangan.

Ma’lumot uchun, shu yilning 19 fevralida davlatimiz rahbari huzurida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, shu jumladan, chiqindilar bilan ishlash sohasini isloh qilishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Taqdimot natijalari bo‘yicha Prezident tomonidan Andijon viloyatida bir oy muddatda chiqindilar bilan ishlash masalasida pilot loyihasini amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berilgan va shtab viloyatda o‘z ishini boshlagan.

Ushbu topshiriq ijrosi birinchi bo‘lib Andijon viloyatida amalga oshirildi. Ikkita korxona tomonidan 4 tonna miqdorida ikkilamchi chiqindi birja sotuvlariga qo‘yildi. Ahamiyatli tomoni, bu jarayon O‘zbekistonda birinchi marotaba amalga oshirilmoqda. Bunday tajriba rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiya, Koreya mamlakatlari va Yevropa Ittifoqida qo‘llanib kelinadi.

Qayd etish lozimki, endi ekologik va sanitar talablarga javob bermagan holda ikkilamchi chiqindilarni yig‘ish va sotish bilan noqonuniy tarzda shug‘ullanib kelayotgan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yiladi.

Mazkur tizim kelgusida tadbirkorlar, ayniqsa, qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga qulayliklar yaratadi. Bundan tashqari, chiqindiga, mulkka bo‘lgan munosabatni shakllantirishga va aholi tomonidan ularni saralashga xizmat qiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring