Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident siyosatiga qarshi «sabotaj»mi? — deputat Energetika vaziridan iste’fo talab qildi

Prezident siyosatiga qarshi «sabotaj»mi? — deputat Energetika vaziridan iste’fo talab qildi

Oliy Majlis deputati Doniyor G‘aniyev energetika sohasidagi muammolarni qattiq tanqid ostiga olib, vazirlik rahbariyatini iste’foga chiqishini so‘radi.

«So‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirib kelinmoqda, barcha muammolar birdaniga hal etilmagan bo‘lsa-da, sekin-asta bartaraf etib borilmoqda. Misol uchun, bir necha yillar avval plastik kartochkadagi pulni naqdlashtirish katta muammo bo‘lgan bo‘lsa, hozir buni muammo deb bo‘lmaydi yoki konvertatsiya, ya’ni valyuta ayriboshlash, onlayn davlat xizmatlarining joriy etilishi, OVIR, propiska tizimlari isloh qilinishi, bank tizimi islohotlari... sanasak  yetarlicha davom etishimiz mumkin. Lekin...

Bugun O‘zbekiston bo‘ylab energiya inqirozi kechmoqda. Aynan o‘ta og‘ir kechgan 2020 yildan so‘ng, har yilgidan-da sovuq kelgan qish mavsumida energiya inqirozi barchani qiynamoqda! Bu holat nafaqat aholi orasida keskin norozilik, ijtimoiy inqirozni keltirib chiqarmoqda, balki iqtisodiy faollikni susaytirmoqda hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Eng achinarlisi, energetika sohasidagi muammolar oxirgi yillarda olib borilgan barcha ijobiy o‘zgarishlarni «yuvib yuboryapti».

Endi o‘ylab ko‘ring, sovuq qish, katta oila, na gaz, na elektr bor! Oilaning keksa insonlari yoki chaqaloqlar sovuqdan qaltirab o‘tirsa, oilaning yoshlari har qancha urinmasin, uyini isitishga, ularni farovon hayotini ta’minlashga imkoniyati bo‘lmasa, bunday odamlarga islohotlarning nima keragi bor?  Bu odamlar uchun har qanday islohotlar, har qanday qonunlar, qo‘pol qilib aytganda, 1 tiyin!!!

ULAR SOVUQDAN QIYNALIShMOQDA. Bunday holatda ularga faqat bir narsa kerak — ENERGIYa TA’MINOTI!

Shu kunlarda menga saylov okrugimdan bo‘layotgan har 10 ta murojaatdan 9 tasi aynan elektr va gaz muammosi to‘g‘risida bo‘lmoqda. Murojaatlar bo‘yicha shahar, viloyat, respublika mutasaddilari kimni ayblashni bilmaydi, bir-biriga soladi! Eng oxirgi javob esa, qayerdadir avariya bo‘lgan va yaqin kunlarda hammasi yaxshi bo‘ladi, degan va’da bilan cheklaniladi!

Energetika vazirligi esa 30 yildan beri sohaga investitsiya kiritilmaganligi haqida dardini doston qiladi. Unday bo‘lsa, 2020 yil 3-chorak yakuni bo‘yicha  Energetika sohasiga yo‘naltirilgan davlat tashqi qarzining 28 foizi yoki 5,1 mlrd.dollar mablag‘lar qani? Ularni qanday sarflashmoqda?

Misol uchun umumiy qiymati 1.2mlrd. dollar bo‘lgan Namangandagi To‘raqo‘rg‘on IES ishga tushirilsa, vodiyda elektr ta’minotida muammo qolmaydi, deb hammani ishontirishgandi. Lekin To‘raqo‘rg‘on IESi o‘tgan yili ishga tushgan bo‘lsa-da, vodiyda elektr ta’minotida ijobiy o‘zgarish bo‘lmadiku.

To‘g‘ri men bu sohaning mutaxassisi emasman, ehtimol tushunmasman. Lekin nahot oxirgi 4 yil davomida sohada sezilarli ijobiy o‘zgarish qilib bo‘lmasa? Aholining talabi kundan-kunga o‘sib bormoqda, nima uchun yil davomida shunga qarab harakat qilmaymiz?

Elektron hukumat, onlayn xizmatlar, raqamli iqtisodiyot deymiz, lekin energiya bo‘lmasa bulardan nima naf? Qaysi islohot effekt beradi bu holatda? Bunday holat oldimizdagi saylov yilida ro‘y berishini qanday tushunish mumkin? Yoki bu davlat rahbarining olib borayotgan siyosatiga qarshi atay uyushtirilayotgan «sabotaj»mi? 

Savollar ko‘p, javob esa ko‘pdan beri yo‘q... Savollarga javob bera olmayotgan rahbarlar esa, doimgidek jim.

Aslida, bu holatga biz deputatlar ham qisman aybdormiz, chunki Energetika vazirligining rahbariyatini o‘zimiz tasdiqlab berganmiz. Mamlakatdagi bu holatda energiya inqirozi yuz berishiga sabab bo‘lgan rahbarlar iste’fosi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi. Aslida demokratik davlatlarda bunday inqirozlar ortidan rahbarlar o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Lekin bunday qila olish uchun esa, birinchi navbatda, rahbarda oriyat bo‘lishi kerak. Bizning energetika soha rahbarlarida esa energetika ta’minoti kabi oriyat hissi ham «inqirozda», — deb yozadi deputat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring