Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Dok-1 maks» bo‘yicha sud ishi davom etyapti: yana ikki kishi sudga tortilgan

«Dok-1 maks» bo‘yicha sud ishi davom etyapti: yana ikki kishi sudga tortilgan

2022-yilning dekabri va 2023-yilning boshlarida Hindistonda ishlab chiqarilgan «Dok-1 maks» dori vositasini qabul qilgan bolalarning (jami 65 nafar) vafot etgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va Toshkent shahar sudida ushbu jinoiy ish ko‘rilayotgan edi.

O‘z navbatida, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni 2023-yil 1-dekabr kuni bir oyga to‘xtatilgani ma’lum qilingan edi. 

Bunga «Dok-1 maks» va «Ambronol» (sirop) dori vositalarini iste’mol qilib, «o‘tkir buyrak yetishmovchiligi» oqibatida vafot etgan 65 nafar bola o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar Davlat xavfsizlik xizmati tergov organi tomonidan ayblangani sabab sifatida ko‘rsatilgan. 

Bugun, 5 yanvar kuni bir oylik tanaffusdan so‘ng bo‘lib o‘tgan sud majlisida prokurorning qo‘shimcha ayblov bo‘yicha xulosasi o‘qib eshittirildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, ilgarigi sud majlislarida 21 nafar sudlanuvchining ishi ko‘rilayotgan edi. Jinoyat-protsessual kodeksining 416 - 417 moddalariga asosan sud ajrimi bilan qo‘shimcha tergov o‘tkazish belgilangan. Shunga ko‘ra, tergov organlari tomonidan 2 nafar shaxs sud tergoviga tortilib, sudlanuvchilar soni 23 taga yetdi. 

Bundan tashqari 21 nafar sudlanuvchining 17 tasiga alohida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bu ish ham sudga taqdim qilindi. Shu tariqa ikkita jinoyat ishi bir ishga birlashtirildi. 

«Daryo» nashrining yozishicha, mazkur dori vositasidan nogiron bo‘lib qolganlar bo‘yicha ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Nashrga ko‘ra, «Dok-1 Maks» siropi sabab yana 16 nafar bola og‘ir, 2 nafari yengil tan jarohati olgani, 3 nafar bola esa zaharlanishi oqibatida vafot etgan. 

Keyingi sud joriy yil 10-yanvar kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring