«Do‘st boshga kulfat tushganda bilinadi» – Turkiya elchisi O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi
Turkiya xalqi kuchli tabiiy ofat kunlarida O‘zbekiston xalqi ko‘rsatgan ko‘makni unutmaydi. Bu haqda Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar 9 fevral kuni Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda gapirdi.
«Do‘st boshga kulfat tushganda bilinadi degan gap bor. Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan kuchli zilzila kunlarida O‘zbekiston xalqi biz bilan yelkama-yelka turganidan g‘oyat minnatdormiz. Muhtaram Perzident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Turkiyaga ikkita qidiruv-qutqaruv guruhi yuborildi. O‘zbekistonliklar tabiiy ofatda jabr ko‘rganlarga moddiy-moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqiga, ko‘mak yig‘ish tadbirini tashkil qilgan Savdo-sanoat palatasiga va tadbirkorlarimizga rahmat aytaman», – dedi elchi Olgan Bekar.
Kuchli zilzila ro‘y bergan 6 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qilib, ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafot ko‘rilgani munosabati chuqur hamdardlik izhor etdi.
Zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilardan iborat birinchi guruhi Hatay viloyati Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlari olib bormoqda.
Qardosh o‘lkadagi tabiiy ofat o‘chog‘iga O‘zbekistondan 71 kishidan iborat qo‘shimcha qidiruv-qutqaruv va tibbiyot xodimlari guruhi ham yuborildi.
9 fevral kuni prezident Sh.Mirziyoyev Turkiyaning Toshkentdagi elchixonasiga borib, O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini bildirdi, hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turk ishbilarmonlari tomonidan insonparvarlik aksiya tashkil etildi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti texnoparkida (Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasi 30-uy) Turkiyaga yuborish uchun birlamchi buyumlar va oziq-ovqat mahsulotlarini yig‘ish davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter