Dostonbek Azimov: «Yaponlarning bir emas, uch alifbosi bor!»
Yaponiya iqtisodiy jihatdan Osiyoning yetakchi mamlakatlaridan biri. Bugungi kunda ushbu kunchiqar mintaqaning boy tarixi, o‘ziga xos madaniyatiga qiziquvchilar ko‘plab topiladi.
Bu gal shunday qiziquvchi o‘quvchilarimizning talab va istaklarini inobatga olib «Xorijdagi vatandoshlar» loyihasi orqali Yaponiyada o‘qiyotgan hamyurtimiz Dostonbek Azimov bilan suhbat uyushtirdik. Qahramonimiz 1994-yili Jizzax shahrida tug‘ilgan. Hozirda Tokiodagi «Shinjuku international language school» maktabida tahsil olmoqda.
— Dostonbek, bugungi kunda ko‘pchilik yoshlarimiz AQSh va Yevropaning rivojlangan mamlakatlarida tahsil olishga intilishadi. Sizning aynan kunchiqar davlatda tahsil olish qaroringizga nima sabab bo‘lgan?
— Xorijda ta’lim olishni 15 yoshimdan orzu qilganman. Albatta, o‘sha paytdayoq aynan Yaponiyada tahsil olish rejasi bo‘lmagan. 2013-yil kollejni tamomlab, ayrim sabablar bilan oliy ta’lim bosqichini davom ettira olmadim. Shunday bo‘lsa-da, mustaqil o‘qish va o‘rganishdan to‘xtaganim yo‘q. Bo‘sh vaqtlarimda xorijiy tillarni o‘rganishga harakat qildim. Bir necha yil avval Jizzax shahridagi «Study Tokyo» markazida yapon tilini o‘rganib, Yaponiyada tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Hozirda Tokiodagi «Shinjuku international language school» maktabida o‘qiyapman. Yaponiyaga kelishimga bolalikdan tarixga bo‘lgan kuchli qiziqishim ham sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. Boisi, tarix kitoblarida yapon xalqining mehnatkashligi, o‘ziga xos madaniyati haqida ko‘p o‘qiganman.
— Sizningcha, Yaponiyaning jadal iqtisodiy rivojlanish omillarini nimalarda ko‘rish mumkin?
— Ushbu savolingizga tarixiy ma’lumotlar misolida javob bersam. Yapon xalqi azaldan ma’rifatni, ilmni qadrlaydigan xalq. Ularning yaqin tarixiga nazar solinsa, 19-asrda ro‘y bergan «Meydzi inqilobi» tufayli modernizatsiya davri, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qayta tiklanish harakatlari muvaffaqiyatli kechganligiga guvoh bo‘lamiz. Bu tarixda «yapon mo‘’jizasi» nomini olgan. Bunday rivojlanishga ularning ta’limga alohida e’tibor qaratganliklari, yoshlarni «yaponcha milliy ruh»da tarbiyalashga urg‘u berganliklari tufayli erishdi, deb bilaman. Qolaversa, mamlakat xalqining birinchi navbatda ahil bo‘lib istiqomat qilishi, sinovlar oldidagi matonati, yuksak vatanparvarligi iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlagan.
—Ta’lim jarayonlarida ularning qanday o‘ziga xos tomonlari bor?
— Yaponiyada ta’lim biznikidan bir muncha farqli jihatlari bor. Misol uchun, maktabgacha ta’limning o‘zi ikki bosqichga bo‘lingan. Birinchi bosqichda chaqaloqlarni 6 oyligidan qabul qilishadi. Bu holatda ota-onalar ish yoki o‘qish faoliyatini bemalol davom ettiraverishadi.
Boshlang‘ich ta’lim ularda 6 yil, o‘rta maktab 3 yilni tashkil etadi. O‘quv yili aprel oyida boshlanib, keyingi yilning mart oyida yakunlanadi. Yapon o‘qituvchilari o‘quvchilarga shunchaki dars o‘tib bermaydi. Balki o‘quvchining darsni to‘liq o‘zlashtirishi ular uchun birlamchi vazifaga aylangan. Aynan mana shu jihat menda katta taassurot qoldirgan.
Yana bir havas qilarli jihatlaridan biri o‘quvchilarning maktabga qabul qilinganliklaridan keyin ko‘chat ektirilib, ularga to o‘qish nihoyasiga yetkunigacha parvarishlash vazifasi yuklanadi. Bu ish ta’til paytida ham davom etadi. Qolaversa, ularning deyarli barcha ta’lim muassasalarida basseynlar mavjud bo‘lib, har bir yoshga yaxshi suzish talabi qo‘yilgan ekan.
Maktabning barcha qismlarini tozalash ishlari ham o‘quvchilar tomonidan bajariladi. Bu orqali bolani kichikligidan pokizalikka va buyumlarni asrash hissini shakllantirish maqsad qilingan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda o‘rta maktabdan keyin ta’lim majburiy hisoblanmasa-da, 98 foiz yoshlar kollejlarda o‘qishni davom ettiradi.
— Yapon tili va alifbosi haqida ham ma’lumot bersangiz?
— Yapon alifbosining 3 turi mavjud. 1 sinfda bolalarga sodda hisoblangan Xirogana turi o‘rgatiladi. Ma’lum savod chiqarilganidan keyin milliy va qadimiy turi bo‘lgan Kanjiga o‘tiladi. Kanji alifbosi taxminan 20 mingdan ziyod. Bu jihatdan Xitoy iyerogliflariga o‘xshaydi. Lekin talaffuzda farqlanishlar bor. Ma’lumot uchun, badiiy adabiyot, gazeta mutolaasiga 5 mingga yaqin Kanjini o‘qiy olish lozim.
Shuningdek, asosan chet tilidan kirib kelgan so‘zlar va turli xalqaro korxonalar nomlarini yozishda Katakana alifbosidan foydalaniladi. E’tiborli jihati, Xirogana qolgan ikki alifboning o‘rnini bosa olsa-da, Kanjidan voz kechilmagan. Biror o‘quvchining bilimini, aynan Kanjini bilish darajasi orqali belgilashadi. Kanjini o‘rganish ta’limning eng so‘ngi bosqichida ham, hattoki undan keyin ham davom etaveradi.
— Yaponiyaliklar O‘zbekiston haqida qanday tasavvurga ega?
— Yaponiyada madaniyatimiz, urf-odat va turmush-tarzimizga qiziqish yuqori. O‘zbekiston to‘g‘risida qandaydir yangilik yoki muhim ma’lumot aytsangiz gapingizni diqqat bilan tinglashadi. Milliy liboslarimizga ham ko‘p marta havas bilan qarashganini ko‘rganman. Bu menda faxr tuyg‘usini uyg‘otgan.
Umuman, Yaponiyada inson qadr-qimmati baland. Har bir ishga jiddiy kirishadigan xalq. Muomala madaniyati va mehribonlik hislatlarini o‘zimizning xalqimizga qiyoslayman.
— Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
— Yaponiyada IT sohasi yaxshi taraqqiy etgan. Shuning uchun ham bu yerga keldim. Ushbu yo‘nalishning malakali mutaxassisi bo‘lib, O‘zbekistonda IT sohasini har tomonlama rivojlantirish asosiy rejalarimdan biri. Qolaversa, ota-onamga munosib farzand bo‘lish, ularning va ustozlarimning ishonchini oqlash ham eng ulkan maqsadlarimdan. Nasib qilsa, Yaponiyada tajribali mutaxassis bo‘lib, albatta, mamlakatimizga qaytaman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter