Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo barqarorligiga eng jiddiy tahdid ochiqlandi

Dunyo barqarorligiga eng jiddiy tahdid ochiqlandi

Professor Faxriddin Altun.

Foto: AA

Islomofobiya zamonaviy dunyoning eng jiddiy tahdidiga aylandi. Bu haqda Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari, professor Faxriddin Altun Istanbulda o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) axborot vazirlarining uchrashuvida gapirdi.

«Islomofobiya jahon hamjamiyatini tafriqaga solib, global tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. Shu bois ham dunyo islomofobiyani nafratga asoslangan jinoyat deb qabul qilishi, insoniyat unga qarshi jiddiy kurashishi kerak. Aniqroq aytganda, ushbu jinoyatga qarshi kurashish nafaqat musulmonlar, balki xalqaro hamjamiyatning ham asosiy vazifasi bo‘lmog‘i darkor», – dedi Faxriddin Altun.

Turkiya prezidenti devoni vakili xalqaro tuzilmalar qaror qabul qilish jarayonida musulmon mamlakatlar talab-istaklari ham hisobga olinadigan tarzda isloh etilishi kerakligini urg‘uladi.

F.Altunga ko‘ra, dunyodagi ayrim yetakchi ommaviy axborot vositalari musulmonlar portretini salbiy bo‘yoqda tasvirlab, islomofobiya kuchayishiga, dezinformatsiya keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Kurrai arzning turli davlatlarida hokimiyatga kelayotgan o‘ng radikal partiyalar esa vaziyatni battar murakkablashtirmoqda.

IHT axborot vazirlari anjumani yakunida Istanbul deklaratsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda dezinformatsiya va islomofobiyaga qarshi kurashga doir strategiya va amaliy chora-tadbirlar aks etgan, jumladan, IHT doirasida xalqaro axborot kanali ta’sis etish belgilangan.

Tadbir yakunida IHT axborot vazirlari anjumani raisligi Saudiya Arabistonidan Turkiyaga o‘tgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya prezidenti devonining Axborot-kommunikatsiya boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun 2021 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan xalqaro sammitda global kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi tartibot yaratishni taklif qilgandi.  U global axborot makoni, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda raqamli xaos va anarxiya vujudga kelganini xavotir ila qayd etar ekan, zudlik bilan tartib o‘rnatilmasa, vaziyat yanada qaltislashuvidan ogohlantirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring