Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

YeI–O‘zbekiston: muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi

YeI–O‘zbekiston: muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik o‘rnatildi

Foto: Yevropa komissiyasi.

5-aprel kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida juda ham muhim bo‘lgan xomashyo (CRM) sohasida barqaror narx-navo zanjirini rivojlantirishga qaratilgan Anglashuv bayonnomasi imzolandi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi xabar berdi.

Hujjatga Yevropa Komissiyasining ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov imzo chekdi.

Anglashuv bayonnomasining imzolanishi Bryussel va Toshkent juda ham muhim bo‘lgan xomashyo sohasida strategik hamkorlikni boshlab, ekologik va raqamli texnologiyalarga o‘tishda alohida ahamiyat kasb etgan xomashyoni diversifikatsiyalangan va barqaror yetkazib berish yo‘lida dadil qadam tashlaganini anglatadi.

«Boy tabiiy resurslarga ega bo‘lgan O‘zbekiston bilan ushbu kelishuv Yevropa Ittifoqiga muhim xomashyoga ega bo‘lish imkonini beradi. Bu bizning kelajak uchun materiallarni yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlar bilan keng global hamkorligimizning bir qismidir. O‘zbekiston uchun u iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, tog‘-kon sanoatini barqaror rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli faoliyatini amalga oshirish uchun jiddiy rag‘bat bo‘ladi», – dedi YeKning ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis.

Strategik hamkorlik xomashyoning narxini belgilash va yetkazishda barqaror zanjirlar integratsiyalashuvi, investitsiyalar, operatsion faoliyat va eksport bilan bog‘liq bo‘lgan chora-tadbirlar shaffofligini oshirish, loyihalar uchun mablag‘lar jalb qilish, ekologik toza energiya ta’minotini rivojlantirish, zaruriy infratuzilmani takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik, professional tayyorgarlik va ko‘nikmalarni rivojlantirish kabi jabhalarni qamraydi.

Endilikda YeI va O‘zbekiston tezkor yo‘l haritasini tuzish ustida ishlaydi.

“O‘zbekiston juda ham muhim bo‘lgan xomashyoning boyliklar ko‘lami bo‘yicha Markaziy Osiyoda ikkinchi hisoblanadi va mis, molibden va oltin kabi foydali qazilma boyliklarining kattagina zaxirasi bilan faxrlanishga haqli. Mamlakatning foydali qazilma boyliklarini qazib olish sohasidagi strategiyasi ham ichki va xalqaro sanoat, ayniqsa, avtomobilsozlik va maishiy elektronikada juda ham muhim xomashyoni qayta ishlash hajmini oshirishga intilishi bilan mos keladi», – deyiladi YeI delagatsiyasi xabarida.

YeIning 2020 yil uchun muhim xomashyo bo‘yicha harakatlar rejasi va energiyaning tashqi manbalarini jalb qilishga qaratilgan strategiyasida keltirilgan maqsadlarga muvofiq Bryussel boy tabiiy resurslarga ega davlatlar bilan xomashyoning narxini yaratish zanjiri doirasida izchil hamkorlik qilmoqda.

Ushbu yo‘nalish YeIning jahonda barqaror va yuqori sifatli loyihalar bo‘yicha «Global darvoza» strategiyasiga ham uyg‘undir. Mazkur strategiya doirasida 2027 yilga qadar 300 milliard yevrogacha mablag‘ safarbar etiladi.

YeI xomashyo sohasida Kanada (2021), Ukraina (2021), Qozog‘iston (2022), Namibiya (2022), Chili (2023), Argentina (2023), Zambiya (2023), Kongo Demokratik Respublikasi (2023) va Grenlandiya avtonom hududi bilan hamkorlik o‘rnatgan.

Avval xabar berganimizdek, 2023 yil oktyabr oyida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov YeKning ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskis bilan ayni shu yo‘nalishda hamkorlik masalasini muhokama qilgan, mamlakatimizning Muhim xomashyolar klubiga (CRM Club) qo‘shilish istagini tasdiqlagan edi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring