Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on samarqandlik ulug‘ alloma xizmatini e’tirof etdi

Erdo‘g‘on samarqandlik ulug‘ alloma xizmatini e’tirof etdi

Erdo‘g‘on turkiy dunyo diniy peshvolari bilan.

Foto: Diyanet.gov.tr

Istanbuldagi Ayo Sofiya jome’ masjidi qoshidagi Fotih madrasasi 86 yillik tanaffusdan keyin qayta ochildi. Asrlar davomida ilmu irfon markazi bo‘lib kelgan tarixiy dargohning ochilishida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashib nutq so‘zladi.

Ushbu tadbirda turkiy dunyoning diniy yetakchilari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov ham ishtirok etdi.

Erdo‘g‘on hukumat tarixiy meros va kelajak o‘rtasida mustahkam ko‘prik qurishga jiddiy e’tibor qaratayotgani, Istanbul fathi zamonlaridan beri xizmat qilib kelgan madrasaning qayta ochilishi buning bir ifodasi ekanini qayd etdi.

Usmoniylar davridan meros Fotih madrasasi 1924 yili mehribonlik uyiga aylantirilgan. 1936 yili madrasa binosi avariya holatiga kelib qolgani vajidan buzib tashlangan. Madrasani tiklash ishlari 2017 yildan boshlanib, 2021 yilga qadar davom etgan. Salkam bir asr davomida muzey sanalgan Ayo Sofiya obidasi 2020 yil 10 iyul kuni yana masjidga aylantirilishi ortidan Fotih madrasasiga ham tarixiy maqomi qaytarilmoqda.

Turkiya rahbari o‘z nutqida samarqandlik zabardast alloma, «o‘z davrining Batlimusi» deya ulug‘langan Ali Qushchi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.

«Bugun ochilishini o‘tkazayotganimiz – Ayo Sofiya Fotih madrasasi timsolida tarixdan o‘chib ketish arafasiga kelib qolgan yana bir obidamizni qaytadan shahrimizga qaytardik. Qadrli do‘stlar, bu maskan Istanbulning fathi asnosida, Ayo Sofiyaning bunyod etilishida shaharning birinchi madrasasi o‘laroq ishga tushirilgan edi. Birinchi mudarrisi mulla Xusrav bo‘lgan bu dargohda Ali Qushchi ham dars bergan. Madrasa turli yillardagi ta’mir va qayta qurilishlar bilan 1924 yilga qadar talabalarga tahsil berish xizmatini o‘tagan edi», – dedi R.T.Erdo‘g‘on.

Atoqli matematik va astronom Ali Qushchining to‘liq ismi sharifi Alouddin Ali ibn Muhammad al-Qushchi bo‘lib, u Samarqandda tug‘ilib o‘sgan. Otasidan yetim qolganidan so‘ng ma’rifatparvar hukmdor Mirzo Ulug‘bekning tarbiyasida bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek o‘z «Zij»ining so‘zboshisida shogirdi Ali Qushchini «farzandi arjumand» deb atagan. Yosh olim dunyoga mashhur Ulug‘bek rasadxonasi qurilishiga va keyinroq astronomik kuzatishlarga mutasaddi etib tayinlangan. 1449 yili Mirzo Ulug‘bek o‘ldirilib, toj-taxt uchun kurash avj olgach, Ali Qushchi ona shahrini tark etishga majbur bo‘ladi, ma’lum safarlardan keyin Istanbulga keladi. Usmoniy hukmdor Sulton Muhammad II Ali Qushchini izzat-hurmat bilan qarshi oladi va uni Ayo Sofiya madrasasi mudarrisi etib tayinlaydi. Matematika va astronomiya fani ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan Ali Qushchi 1474 yili vafot etadi. Alloma Istanbuldagi Abu Ayyub Ansoriy maqbarasida dafn etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya rahbari Erdo‘g‘on 2020 yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda ham Ali Qushchi nomini ayricha ehtirom bilan tilga olgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring