Eron Bahrayndagi Isroil elchixonasini nishonga oldi
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Eron bir qator davlatlardagi ob’yektlarga dron va raketa hujumlarini amalga oshirmoqda.
Eronning Fars agentligining xabar berishicha, tunda Manama shahridagi Financial Harbour Towers majmuasiga zarba berilgan. Bu binolardan birida Isroil elchixonasi joylashgan.
Xabarlarga ko‘ra, hujumda uchirilgan dronlardan biri binolar yaqinida yo‘q qilingan.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni mudofaa vazirligi mamlakatning Al-Xarj viloyati sharqida uchirilgan qanotli raketani havo mudofaa tizimlari yo‘q qilganini ma’lum qildi. Keyinroq esa Ar-Riyod atrofida yana uchta dron yo‘q qilingani aytildi.
Qatar mudofaa vazirligi ham Al-Udayd harbiy bazasiga yo‘naltirilgan dron hujumi havo mudofaa tizimlari tomonidan bartaraf etilganini bildirdi. Bu baza AQSh harbiy ob’yektlari joylashgan muhim nuqtalardan biri hisoblanadi.
Xavf kuchaygani sabab Dohada aholiga uyda qolish va oyna hamda ochiq joylardan uzoq turish bo‘yicha ogohlantirish berilgan. Shaharda bir necha portlash ovozlari eshitilgan.
Yaqin Sharqdagi urush AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotlaridan keyin kengayib bormoqda. Hozirga kelib mojaro Turkiya va Ozarbayjonni ham o‘z ta’sir doirasiga torta boshlagan.
Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida Yevropa Ittifoqi rahbarlari Fors ko‘rfazi davlatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bryusselda o‘tgan uchrashuvda YeI tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas va boshqa yevropalik yetakchilar Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi vakillari bilan muzokara o‘tkazib, Eronning hujumlarini qoraladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter