Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQSh Eronda harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda

AQSh Eronda harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblanmoqda

Raketa hujumi oqibatida vayron bo‘lgan Sharif universiteti binosi. Tehron, 2026 yil, aprel.

Foto: The New York Times

Erondagi tinch aholi vakillari AQSh va Isroilning hujumlari oqibatida jiddiy aziyat chekmoqda. Bu haqda BMTning Erondagi hodisalarni taftish etish bo‘yicha missiyasi xulosasida so‘z boradi. Ushbu hisobot BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 63-sessiyasida taqdim etilgan.

Qo‘shma Shtatlar Eronga hujumlar chog‘i tinch aholi o‘limi, jarohatlanishi va fuqaroviy obyektlarning zarar ko‘rishiga sabab bo‘lgan. Tahlillar AQSh Erondagi obyektlarga farqlamagan holda zarbalar yo‘llash orqali harbiy jinoyatlar sodir etganini taxmin etishga asos bermoqda.

BMT missiyasi Minob tumanidagi «Shajarayi Toyyiba» maktabiga Tomahawk raketalari bilan zarba berilishi oqibatida 150 dan ziyod kishi, jumladan, bolalar halok bo‘lganiga e’tibor qaratgan. Shuningdek, Lamard shahridagi sport majmuasi va turarjoy bombalanishi oqibatida 22 nafar tinch aholi vakili hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.  

Ta’kidlanishicha, tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgan shaxslar jazolanishi, jabrdiydalarning yaqinlariga tovon puli to‘lanishi va bunday holat boshqa takrorlanmasligi uchun zarur choralar ko‘rilishi lozim.

BMT missiyasi, shuningdek, Eron hukumatining norozilik namoyishlarini bostirishga qaratilgan repressiv xatti-harakatlarini ham tanqid qilgan. Hisobotga ko‘ra, 2025-2026-yillarda norozilik namoyishlarini bostirish payti jangovar qurollar ishlatilgan, ommaviy hibslar amalga oshirilgan, qatl hukmlari soni keskin oshgan.

«Shajarayi Toyyiba» maktabining bombalanishi xalqaro hamjamiyatning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida: Minob tumanidagi mazkur maktab AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagan 28 fevral kuni bombardimon qilingan edi. Ayni dars vaqti uyushtirilgan hujum oqibatida 160 ga yaqin o‘quvchi va o‘qituvchilar halok bo‘lgan, maktab binosi esa butunlay vayron bo‘lgan.

UNESCO hodisani xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol ravishda buzilishi deb qoralagan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk maktab bombalanishi oqibatida o‘quvchilar halok bo‘lishi holatini tezkorlik bilan, xolis va haqqoniy tarzda taftish etishni talab qilgan.

Amnesty International tashkiloti «Shajarayi Toyyiba» maktabi bombalanishi oqibatida begunoh insonlar o‘ldirilishi uchun javobgarlik AQSh zimmasida deb bayonot bergan.

«Ushbu hodisa Amerika qo‘shini hujum uyushtirishda tinch aholi vakillariga zarar yetmasligi uchun kerakli choralarni ko‘rish qobiliyatidan mahrum ekanini ko‘rsatadi va bu xalqaro gumanitar huquqning jiddiy ravishda buzilishidir», — deb hisoblaydi xalqaro inson huquqlari tashkiloti.

Yaqinda AQSh harbiylari Eron janubidagi to‘y marosimiga zarba bergani haqida ham xabar tarqaldi. Hodisa 1 sentyabr kuni Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi sohilidagi Sirik tumanida sodir bo‘lgan. Eron davlat televideniyesi ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, kamida 68 kishi jarohatlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring