Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erta nikoh haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi – loyiha

Erta nikoh haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi – loyiha

O‘zbekistonda nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibi buzilgani haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirish tizimini joriy etish taklif qilinmoqda.

Bu Prezidentning «Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartish kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasida belgilangan.

Loyihaga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima mablag‘larining 15 foizi ushbu holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Hujjatda mazkur norma Prezidentning 2026-yil 3-martda qabul qilingan «Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgani qayd etilgan.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga uch oy muddatda mukofotlash tartibini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklanmoqda.

Loyiha qabul qilinsa, erta nikohlar va qonunga zid nikoh marosimlariga qarshi kurashishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring