Yevropa Ittifoqi ko‘magida migrantlar uchun markaz tashkil etildi

Toshkentda Yevropa Ittifoqi, O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi va Migratsiya siyosatini rivojlantirish xalqaro markazi (ICMPD) hamkorligida Migrantlar resurs markazi ochildi. Bu — mamlakatimizda tashkil etilgan migrantlarni muhofaza etishga xizmat qiluvchi birinchi markazdir.
YI moliyalashtirayotgan «Protect: Ipak yo‘li va Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda migratsiyani boshqarish va migrantlarni himoya qilishni takomillashtirish» loyihasi doirasida ochilgan markaz mintaqa bo‘ylab mehnat muhojirlarining xavfsiz va legal migratsiya xizmatidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, odam savdosi tahdidlari borasida xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus doirasida Markaziy Osiyo va Buyuk ipak yo‘li mamlakatlari hukumatlariga migratsiya boshqaruv tizimini takomillashtirishga ham ko‘mak ko‘rsatiladi.
«Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi ilk Migrantlar resurs markazini tashkil etishga ko‘mak ko‘rsatayotganidan mamnun. Bunday markazlar insonlarga migratsiya borasida muhim qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etishda alohida ahamiyat kasb etadi», — dedi YIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
Diplomatning ta’kidlashicha, YI «Global Gateaway» strategiyasi doirasida Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan transportdan tortib ijtimoiy sohaga qadar — insoniy resurslarni takomillashtirish, ichki imkoniyatlarni oshirish yo‘lida hamkorlikni davom ettiradi.
Bu — Bryussel ko‘magida Markaziy Osiyoda migrantlar uchun tashkil etilgan uchinchi markazdir. Avvalroq Dushanbe (Tojikiston) va O‘shda (Qirg‘iziston) ham shunday markazlarga asos solingandi.
Toshkentda faoliyat boshlagan markaz mehnat muhojirlarini muhofaza etish qatori migratsiya bo‘yicha milliy siyosatni takomillashtirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, YI mamlakatimizda aholi bandligini oshirish, ta’limni mehnat bozori bilan bog‘laydigan loyihani ishga tushirgandi.
Surxondaryo viloyati Termiz shahrida esa YI bilimlar markazi ochilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter