Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada jurnalist bosimga uchradi. Prokuratura holatni o‘rganishga tushdi

Farg‘onada jurnalist bosimga uchradi. Prokuratura holatni o‘rganishga tushdi

Videolavhadan skrinshot

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova mahalliy hokimiyat va IIB bosimiga uchradi. Bu haqda jurnalistning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.

Aytilishicha, Uchko‘prik tumanida birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil qilingan. Shu munosabat bilan tuman hokimligi vakili tarmoq orqali bu haqda xabar berib, mahsulotlar narxi arzonligi ta’kidlaydi. Hokimlik mas’uli xabaridan taajjublangan Sharifa Madrahimova yarmarka o‘tayotgan joyga borib, muxtasar jurnalistik surishtiruv o‘tkazishga tushadi. Shu jarayonda paydo bo‘lgan va o‘zini «tuman hokimining kotibi» ekanini aytgan Shohjahon Mo‘ydinov degan shaxs jurnalist faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatib, uning qo‘lini qayirgan (!) holda uyali telefonini tortib oladi.

Shundan so‘ng «shaxsini aniqlash» vaji bilan jurnalist tuman IIBga olib ketiladi.

Sharifa Madrahimova «Human.uz» sayti muxbiri bilan video suhbatda uni tuman IIBda ikki soatdan ko‘proq ushlab turishganini ta’kidlaydi. Bu vaqt mobaynida u tomonidan taqdim etilgan ikkita guvohnoma «jiddiy o‘rganiladi» go‘yo. Ya’nikim, avvaliga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tomonidan berilgan a’zolik guvohnomasining haqiqiy yoki soxtaligini aniqlash uchun Muhammadjon Obidov (uyushmaning viloyat bo‘limi rahbari) bilan bog‘laniladi. IIB xodimiga tayanib, Sh.Madrahimovaning aytishicha, M.Obidov go‘yoki a’zolik guvohnomasi haqiqiy emasligi va «jurnalistga qanday chora ko‘rsanglar ko‘raveringlar!» mazmunida javob bergan (muhtaram Obidov o‘z imzosi va tashkilot muhri urilgan a’zolik guvohnomasini qanday asoslarga ko‘ra «haqiqiy emas» degan mazmunda gapirgani – hozircha katta jumboq. Ikkinchidan, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi soha xodimlarining yagona birlashmasi bo‘lsa-da, uning Farg‘ona viloyati bo‘limi mahalliy jurnalistlar uchun alohida a’zolik guvohnomasi joriy etgani esa katta savol!). Ikkinchi hujjat – «Ma’rifat» gazetasi tomonidan berilgan xizmat guvohnomasi esa «Siz gazetada ishlar ekansiz, demak, tasvirga olishga haqqingiz yo‘q» (?!) mazmunidagi gaplar bilan jurnalistga «huquqiy saboq» berishgan go‘yo.

Eng qizig‘i va... achinarlisi shundaki, «shaxsiga aniqlik kirtilgani»ga qaramay, Sharifa Madrahimova IIBda ikki soatdan ko‘proq vaqt ushlab turilgan. Aytilishicha, uni qo‘yib yuborish uchun «hokim kotibi» Sh.Mo‘ydinov va IIB xodimi Akmal Madrahimov (jurnalistga familiyadosh) «hokimning buyrug‘ini» kutishgan! Bundan esa jurnalistni «qo‘lga olish» ham hokimning «fatvosi» bilan amalga oshirilgani anglashiladi.

Yana bir e’tiborli holatki, jurnalist «talashib-tortishib», IIB binosidan chiqqach, to‘g‘ri yarmarka tashkil etilgan joyga boradi. Biroq o‘tgan vaqt davomida «yarmarka tugab», sotuvchilar tarqatib yuborilganiga guvoh bo‘ladi.

Mana sizga Farg‘onaning Uchko‘prik tumanidagi ahvol!

Jurnalist «Human.uz» saytiga bergan intervyusida yuz bergan holat yuzasidan hech qayerga murojaat etmasligini bildirar ekan, buni «ortiqcha sansalorlikka vaqtim yo‘q» mazmunidagi gaplari bilan izohlaydi.

...Ushbu maqolani chop etishdan avval «Xabar.uz» muxbiri Bosh prokuratura bilan bog‘landi. Ma’lum bo‘lishicha, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ham vaziyatdan xabardor va Bosh prokuratura bilan birgalikda masalani xolis va qonuniy o‘rganish ustida ishlamoqda. Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bu borada Farg‘ona viloyati prokuraturasiga tegishli topshiriq berilganini bildirdi.

Kutamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring