Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘alla-2018. Don sotish rejasini birinchi bo‘lib bajargan viloyat ma’lum

G‘alla-2018. Don sotish rejasini birinchi bo‘lib bajargan viloyat ma’lum

Foto: O‘zA

Buxoro viloyati g‘allakorlari O‘zbekistonda birinchi bo‘lib davlatga don sotish shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi. Bug‘doy maydonlari o‘tgan yilga qaraganda bir muncha qisqargan bo‘lsa-da, yalpi xirmon salmoqli bo‘ldi. O‘tgan yil kuzda viloyat g‘allakorlari 63,1 ming gektar yerda mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos «Krasnodar – 99», «Vassa», «Grom» kabi ertapishar va serhosil navli urug‘larni obi-tobida ekib, undirib oldi.

Viloyatda don o‘rim-yig‘imiga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Hosilni nest-nobud qilmay, qisqa fursatlarda yig‘ishtirib olish uchun 384 operator va uning yordamchisi xizmat ko‘rsatadigan 192 otryad tashkil etildi. Dalalar o‘rimga puxta tayyorlangani va ishning oqilona tashkil etilgani kombaynlarning unumli ishlashini ta’minlamoqda.

E’tiborlisi, bu yil o‘tgan mavsumdagidan ancha qisqa, ya’ni o‘n yetti kunda shartnoma rejasi bajarildi. Bunda Vobkent, Peshku, Romitan, Jondor, Qorovulbozor kabi tumanlarning hissasi katta bo‘ldi. O‘rib olingan 24 ming 530 gektardan ziyod maydonda o‘rtacha hosildorlik 60 sentnerni tashkil etdi.

Viloyatdagi g‘alla yetishtiruvchi 3 ming 583 fermer xo‘jaligining 2400 ga yaqini davlatga don sotish shartnoma rejasini oshirib bajardi.

Viloyat g‘allazorlarida kombaynlar to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Ular yana 37 ming gektardan ziyod maydondagi hosilni yaqin kunlarda yig‘ishtirib olishni nihoyasiga yetkazadi. Bug‘doydan bo‘shagan maydonlarning bir qismiga mosh, loviya hamda ozuqabop ekinlar ekilmoqda. Bu to‘kinchilik, qo‘shimcha daromad degani.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring