Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

G‘azodagi o‘likxonalarda joy qolmadi –  OAV

G‘azodagi o‘likxonalarda joy qolmadi –  OAV

Falastinlik shifokor jarohatlangan bolani tez yordam mashinasiga olib ketmoqda.

Foto: Reuters

Isroil HAMAS hujumiga javob sifatida Falastinning G‘azo hududiga bomba yog‘dirishda davom etmoqda.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Isroil kuchlari tunda Xon Yunus shahri yaqinida to‘rtta tez yordam mashinasiga hujum qilgan. Bayt Xanun shahridagi yagona shifoxona raketa hujumi oqibatida vayron bo‘lgan.

Uch kundan buyon davom etayotgan hujumlar oqibatida G‘azodagi  7 ta shifoxona va tibbiy markaz jiddiy talafot ko‘rgan.

«Sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati uchun elektr energiya yetishmovchiligi kuchaymoqda. Bu esa bemorlar va jarohatlanganlar hayotiga xavf solmoqda», – deyiladi SSV bayonotida. 

Falastin tomoni Isroil kuchlari tibbiy xodimlarga ham hujum qilayotganidan shikoyat qilgan. Oxirgi kunlarda 5 nafar tibbiy xodim o‘ldirilgan, 10 nafari jarohatlangan.

Euronews  xabariga ko‘ra, G‘azodagi barcha shifoxonalar to‘lib ketgan, o‘likxonalarda ham joy qolmagan.

Vaziyat o‘ta murakkabligini ma’lum qilgan Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro hamjamiyatdan tibbiy ko‘mak uchun xavfsiz yo‘lak ochish, shuningdek, birlamchi zaruriy dori-darmon, tibbiy buyumlar, yonilg‘i va generator bilan ta’minlashni so‘ragan.

2,3 million nufusli G‘azo hududi 2007 yildan buyon qamal sharoitida yashab keladi. HAMAS bilan keskinlik kuchayishi ortidan, 8 oktyabr kuni Isroil hududga elektr energiya va yonilg‘i yetkazilishini to‘xtatdi. 9 oktyabr kuni esa yahudiy davlati mudofaa vaziri Yoav Galant G‘azo to‘laqonli qamalga olinishi, hududga oziq-ovqat va suv ham yetkazilmasligini e’lon qildi.

BMT bosh kotibi Antonio Guterrish urushayotgan tomonlarni xalqaro huquqni hurmat qilishga chaqirar ekan, G‘azo to‘laqonli qamalda qolganidan chuqur xavotir izhor qilgan.

«Ushbu harbiy harakatlarga qadar G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat o‘ta og‘ir edi. Endilikda vaziyat yanada yomonlashmoqda», – degan BMT bosh kotibi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bombardimon davom etayotgan bir paytda 188 ming falastinlik boshpanasini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Isroil HAMASni yo‘q qilish uchun G‘azoga qo‘shin kiritishga hozirlik ko‘rayotgani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring