Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Germaniya TIV “mutlaqo ma’nisiz urush”ni to‘xtatishga chaqirdi

Germaniya TIV “mutlaqo ma’nisiz urush”ni to‘xtatishga chaqirdi

Foto: Photothek

Rossiya prezidenti Vladimir Putin, nihoyat, Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatishi lozimligini anglab yetmog‘i darkor. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful (Johann Wadephul) DW’ga bergan intervyusida ta’kidladi.

“Rossiya ham ushbu urushda minglab yoshlarini yo‘qotmoqda. Bu – Rossiyaning o‘zi va aholisiga ham ulkan ziyon keltirayotgan mutlaqo ma’nisiz urushdir. Putin shuni bilishi kerakki, agar muzokaralarga rozi bo‘lmas ekan, yangi sanksiyalar joriy etiladi. Yevropa va, nazarimda, jarayonlarda ishtirokini inobatga olsak, AQSh ham bunga tayyor”, – dedi Yohann Vadeful.

Germaniya tashqi ishlar vaziri AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralari ortidan tinchlik uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lganiga e’tibor qaratgan.

“Amerika prezidenti Donald Tramp katta jonbozlik ko‘rsatgan holda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi jangovar harakatlar hamda hujumlarni to‘xtatish, tinchlik yechimini muhokama qilish haqida jiddiy ravishda o‘ylay boshlashiga erishdi. AQSh prezidenti Ukrainaga xavfsizlik borasida kafolat taqdim etishga va’da bergani ham ijobiy holat hisoblanadi. Bularning bari dahshatli urush boshlanganidan buyon ilk bor hodisalar ijobiy o‘zanda rivojlanishi mumkinligidan darak bermoqda. Ammo hozir hamma Vladimir Putinning urushni tugatish haqidagi gaplari chindan ham jiddiymi deb kutayotir. Afsuski, frontda avvalgidek o‘zgacha manzarani kuzatish mumkin”, – deya Rossiyaning Ukrainaga qarshi hujumlari hali-hamon davom etayotganiga ishora qilgan olmon bosh diplomati.

Ayni paytda xavfsizlik kafolatining bir qismi sifatida Yevropa davlatlari Ukrainaga tinchlikparvar askarlarini yuborishi mumkinligi muhokama etilmoqda. Germaniya tashqi ishlar vaziri bu borada muzokaralar ketayotgani, hammasi jangovar harakatlarning to‘xtatilishiga bog‘liq ekanini qayd etgan.

“Federal kansler Fridrix Mers qasamyod qilishi bilan, avval-boshdanoq (Ukrainadagi urush masalasida) to‘liq jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda. U Kiyevga tashrif buyurdi, ko‘plab anjumanlar o‘tkazdi, prezident Zelenskiyning Vashingtonga safarida hamrohlik qildi. Germaniya, uning hukumati va kansleri bu borada mas’uliyatni teran his qiladi”, – deb ta’kidladi Yohann Vadeful.

Hozirda dunyo afkor ommasi Ukraina va Rossiya prezidentlari Zelenskiy va Putinning uchrashuvi qachon, qayerda va qanday shartlarga ko‘ra o‘tishi mumkinligini muhokama etmoqda. Germaniya TIV ushbu uchrashuv o‘tishiga umid bildirgan holda, bu borada shubhalar ham mavjudligini istisno etmagan.

Avval xabar berganimizdek, Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer rasmiy Berlin Rossiya bosqinidan himoyalanayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi haqida bayonot bergandi. Siyosiy yetakchiga ko‘ra, Germaniya gumanitar va harbiy ko‘mak ko‘rsatish, qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash orqali qat’iy ravishda Ukraina tomonida turadi.

Joriy yil iyun oyida Germaniya Ukrainaga harbiy yordamning navbatdagi transhi sifatida 1,9 milliard yevro ajratishini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring