Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi ochilgan jinoiy ish vaqtincha to‘xtatildi
Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi ochilgan jinoiy ish 4 mln yevro to‘lov evaziga to‘xtatildi. Bu haqda BILD nashri xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, rossiyalik milliarder 88 ta holat bo‘yicha pul yuvishda ayblanayotgan edi. Alisher Usmonovning advokatlariga ko‘ra, u aybiga iqror bo‘lmagan, uning jinoiy tergovni to‘xtatib turishga rozililik berishi «o‘ziga qarshi qo‘yilgan jinoiy ayblovlarga iqrorligini anglatmaydi, chunki «Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan tergovda ayblov bo‘yicha dalillar topilmagan».
Bosh prokuraturaning Frankfurt-Mayndagi vakili Georg Ungefuk shunday bayonot berdi:
«Rossiyalik 71 yoshli tadbirkorga nisbatan olib borilayotgan jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga urinish bo‘yicha tergov 4 mln yevro to‘lov evaziga 2024-yil 11-oktyabrda ayblanuvchining roziligi bilan vaqtincha to‘xtatildi.
Germaniya Jinoyat-protsessual kodeksining 153a-moddasi qoidasi sudlar va prokurorlarga muayyan sharoitlarda jinoiy ta’qibni to‘xtatish imkonini beradi. Bunda jamoat manfaatlari qator shartlar bajarilishi evaziga ta’minlanishi mumkinligi va ayblovlarning jiddiyligi bunga zid kelmasligi hisobga olinadi. Barcha shartlar bajarilsa, tergov butunlay to‘xtatiladi.
Ayblanuvchining xatti-harakatlari Germaniya va Gessen yeriga hamda germaniyalik hech bir jismoniy yoki yuridik shaxsga moliyaviy ziyon yetkazmagan, gumon qilinayotgan jinoyatlar ancha avval sodir bo‘lgan».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter