Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Global money week»: farzandlarimizning moliyaviy ko‘nikmalarini birgalikda oshiramiz

«Global money week»: farzandlarimizning moliyaviy ko‘nikmalarini birgalikda oshiramiz

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan «Umumjahon pul haftaligi» (Global money week – GMW) doirasida o‘tkazilgan «Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha eng yaxshi dars» tanlovi natijalari e’lon qilindi. Unda Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi 12-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan Farhod Boltayev murabbiyligidagi dars mashg‘uloti g‘olib deb topildi.

Biz kundalik hayotimizda deyarli har kuni duch keladigan jarayonlar, pul bilan bog‘liq xatti-harakatlar moliya sohasini o‘z ichiga oluvchi ulkan bir dunyo. Moliyaviy savodxonlik esa moliya va moliya dunyosida oqilona qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan tushuncha, bilim va ko‘nikmalar majmuidir.



Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan har yili o‘tkaziladigan «Umumjahon pul haftaligi» doirasida bolalar hamda o‘smir yoshlarning moliyaviy bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan qator loyihalar o‘rin olgan.

Ana shunday tadbirlardan biri «Moliyaviy savodxonlik bo‘yicha eng yaxshi dars» tanlovi joriy yilda tijorat banklari orqali respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalarini keng qamrab oldi.

Xususan, O‘zsanoatqurilishbank tomonidan ushbu tanlov Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim maktablari hamda mehribonlik uyida tashkil etildi. Natijada Termiz shahridagi 12-sonli mehribonlik uyi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Boltayev tomonidan tayyorlangan dars mashg‘uloti tanlov mezonlariga loyiq topilib, g‘olib bo‘ldi.

– GMW doirasidagi mazkur tanlov avvalo, ta’lim tizimi uchun moliyaviy savodxonlik sohasida ta’lim sifatini oshirishga, bu borada pedagoglar tajribasini shakllantirishga va o‘quv jarayonining uslubiy ta’minotini takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi F.Boltayev. – Shuningdek, tadbir o‘quvchilarning moliyaviy madaniyatini rivojlantirishga ko‘maklashib, ularning moliya, jamg‘arma, investitsiya va biznes haqida erta tushunchaga ega bo‘lishi hamda o‘z sarmoyasini to‘g‘ri boshqarib, shaxsiy hayotini chiroyli bunyod etishlarida muhim omil bo‘ladi.

Darhaqiqat, Bank tomonidan aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida uning ijtimoiy tarmoqlarida ham sovrinli tanlov o‘tkazildi. O‘quvchi-yoshlar uchun Bankning Surxondaryo mintaqaviy filialiga qarashli Bank xizmatlari markazlariga ekskursiyalar tashkil etilib, ilg‘or bank uskunalari va texnologiyalari hamda moliyaviy jarayonlar bilan yaqindan tanishtirildi.

– So‘nggi yillarda raqamli moliyaviy xizmatlar anchayin rivojlandi, mamlakatimizga yangi moliyaviy texnologiyalar, vositalar hamda chakana bank xizmatlarining kirib kelishi jadallashdi, – deydi «O‘zsanoatqurilishbank» ATB Surxondaryo mintaqaviy filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari Komil Nurmuhammedov. – Bu, o‘z navbatida, muntazam ravishda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va zamonaviy bank xizmatlari bilan tanishtirib borishni taqozo qiladi.

«Umumjahon pul haftaligi» xalqaro ta’lim kampaniyasi ishi esa mana shu jihatlariga ko‘ra muhim ahamiyat kasb etadi.

Bank Axborot xizmati

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring