Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasi boshlandi. Muzokaralar qayta tiklanishi mumkin
AQSh tomonidan Eron portlariga nisbatan blokada rasman kuchga kirdi. Shu bilan birga, Vashington va Tehron o‘rtasida muzokaralarni qayta tiklashga qaratilgan harakatlar ham davom etmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rasmiylari aloqaga chiqqanini va kelishuv ustida ishlash istagini bildirganini ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, navbatdagi muzokaralar bosqichini Pokiston poytaxti Islomobodda o‘tkazish taklif etilgan.
Ayni paytda Eron AQShni «dengizdagi qaroqchilik»da ayblamoqda, Tehronda minglab odamlar blokadaga qarshi namoyishlarga chiqqan.
Eron qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligining ta’kidlashicha, xalqaro suvlarda kemalar harakatini cheklash noqonuniy hisoblanadi.
«Agar Fors ko‘rfazi va Ummon dengizida Eron portlari xavf ostida qolsa, bu hududda hech bir port xavfsiz bo‘lmaydi», – deyiladi bayonotda.
Avvalroq AQSh harbiylari Eron portlariga kirib-chiqayotgan kemalarni blokada qilishni rejalashtirayotganini bildirgan edi. Shu bilan birga, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali boshqa davlatlarga tegishli kemalar harakatiga to‘sqinlik qilinmasligi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi hozircha saqlanib qolmoqda, ammo vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligi istisno qilinmayapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter