Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amerikalik jurnalist Isroil haqida shov-shuvli xabar tarqatdi

Amerikalik jurnalist Isroil haqida shov-shuvli xabar tarqatdi

Amerikalik jurnalist Taker Karlson Qatar va Saudiya Arabistonida portlashlar uyushtirishni rejalashtirgan “Mossad” agentlari qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda u “The Tucker Carlson Show” deb atalgan dasturida gapirgan.  

“Eron hujumiga uchragan Fors ko‘rfazining ikki mamlakatida portlashlar uyushtirish isroilliklarga nega kerak bo‘ldi?” deya savol qo‘ygan Taker Karlson va o‘zi bu masalaga oydinlik kiritgan. 

Uning fikricha, Isroil Fors ko‘rfazi davlatlarini raqib deb biladi va shu bois Eron bilan birga Qatar, BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, O‘mon va Kuvaytga zarar yetkazishga urinmoqda.

Taker Karlsonga ko‘ra, Isroil portlashlar orqali mintaqada beqarorlik va tartibsizlik avj olishi va bu harakat uchun javobgarlik Eron zimmasiga tushishini ko‘zlagan. 

Jurnalist zikr etilgan davlatlar mintaqaviy olishuvda frontning ayni bir tomonida ekanini shubha ostiga olgan.

Taker Karlson Saudiya va Qatarda Isroil josuslari qo‘lga olingani xalqaro matbuotda keng yoritilmaganini ham eslatib o‘tgan. 

Amerikalik jurnalist tomonidan tarqatilgan bu xabarga mintaqa davlatlari rasman munosabat bildirmagan.

Xabaringiz bor, 28 fevraldan buyon AQSh hamda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli zarbalar bermoqda.

Eron bunga javoban Qatar, BAA, Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi AQSh ob’yektlariga hujum qildi. 

Avval xabar berganimizdek, kuni kecha Eron matbuoti ham Isroilni Saudi Aramco neft ob’yektlariga “soxta bayroq” ostida hujum qilishda ayblagan edi. Tehron tomoniga ko‘ra, mazkur harakatdan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi davlatlar e’tiborini Isroilning Eron hududidagi fuqaroviy ob’yektlarga qilingan zarbalaridan chalg‘itishdir.

Bugun esa Qatar davlat xavfsizlik xizmati Eronning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan aloqadorlikda gumon qilingan ikkita guruh a’zolarini hibsga olgani ma’lum bo‘ldi. Qatar davlat axborot agentligiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar Qatardagi harbiy ob’yektlar haqida ma’lumot to‘plash va dronlardan foydalangan holda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan.

Harbiy harakatlar ketayotgan pallada bir-biriga zid axborotlar tarqalishi tabiiy va tomonlarning qay biri haqqoniy ma’lumot berayotganini aniqlash mushkul.

Darvoqe, ziddiyatli shaxs deb ko‘riladigan jurnalist Taker Karlson o‘tgan yili prezident Jo Bayden ma’muriyati Rossiya rahbari Vladimir Putinga qarshi suiqasd uyushtirishga uringani haqida shov-shuvli bayonot bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring