Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil vaziri G‘azoga atom bombasi tashlamoqchi. Mudhish reja amalga oshishi mumkinmi?

Isroil vaziri G‘azoga atom bombasi tashlamoqchi. Mudhish reja amalga oshishi mumkinmi?

Isroilning Quddus va meros ishlari bo‘yicha vaziri Amixay Eliyahu G‘azo sektoriga ommaviy qirg‘in quroli sanalgan atom bombasini qo‘llashni ehtimoliy variant sifatida ko‘rishini bildirdi. 

Bu taklif so‘nggi kunlarda Isroilning xalqaro gumanitar huquqqa zid harakatlarini tashvish bilan kuzatib borayotgan dunyo hamjamiyatini yanada kuchli xavotirga soldi.

Isroilning Haaretz nashri xabariga ko‘ra, o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi «Otsma Yehudit» («Yahudiy hokimiyati») partiyasi vakili bo‘lgan Amixay Eliyahu ushbu mas’uliyatsiz taklifni mahalliy KolBeramah radiostansiyasiga bergan intervyusida ilgari surgan. 

Falastinga nisbatan keskin dushmanligi bilan tanilgan vazir Eliyahu G‘azoda begunoh insonlar yo‘q deb hisoblashini aytgan va qamal ostidagi mintaqaga gumanitar ko‘mak yo‘llashga qarshi chiqqan. 

The Jerusalem Post gazetasi xabariga ko‘ra, Eliyahu bir necha kun avval G‘azoni besoqolbozlikka mukkasidan ketgani cabab la’natga uchragan Sadum shahriga muqoyasa etib, uni butunlay yo‘q qilishga chaqirgan. 

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu qo‘l ostidagi amaldorning G‘azoga yadro quroli bilan zarba berish haqidagi taklifini «haqiqatdan yiroq» deb atar ekan, yahudiy davlati armiyasi faqat xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq, tinch aholiga zarar keltirmagan holda harakat qilishini iddao qilgan.

G‘azodagi 2,3 million aholini qirib tashlashni yoqlagan vazir iste’foga chiqarilmagan, shunchaki hukumat majlislarida qatnashish huquqidan vaqtincha mahrum qilingan.

Isroildagi siyosiy muxolifat rahbari Yair Lapid Quddus va meros ishlari bo‘yicha vazirning iste’foga chiqarilishini talab qilgan. Unga ko‘ra, hukumatda radikallarning bo‘lishi HAMASga qarshi urushda g‘alaba qozonishga g‘ovdir.

Falastin tashqi ishlar vazirligi Isroil vazirining taklifini keskin qoralagan.

«Fashistlarcha qarashni yoqlovchi vazir Eliyahuning bayonoti bosqinchi davlat (Isroil) bizning xalqimizga nisbatan... xususan, G‘azoda sodir etayotgan harakatlarning ochiq va mardona tan olinishi bo‘libdi», – deyiladi Falastin tomoni bayonotida.

Saudiya Arabistoni Isroil hukumatini ekstremistik qarashdagi vazirni ishdan bo‘shatmagani uchun tanqid qilgan.

«Vazirni zudlik bilan ishdan bo‘shatish o‘rniga uning a’zoligi muvaqqat ravishda to‘xtatilgani Isroil hukumatining insoniy, axloqiy, diniy va huquqiy mezon hamda qadriyatlarga nisbatan hurmatsizligini aks ettiradi», – deyiladi rasmiy Riyoz bayonotida.  

BBC’ning Isroildagi muxbiri Pol Adamsga ko‘ra, yahudiy davlati hukumati a’zosining yadro qurolini istifoda etish haqida ochiq-oshkora gapirgani xalqaro hamjamiyat qatori Netanyahuga muxolifatdagi partiyalarda ham xavotir uyg‘otgan.

Siyosatshunos Mixail Magid bosh vazir Binyamin Netanyahuning G‘azo aholisiga qarshi ommaviy qirg‘in qurolini qo‘llashni taklif etgan vazirni lavozimdan bo‘shatmaganini boshqa bir muhim jihat bilan izohlagan.

Avval xabar berilganidek, Netanyahu ayni paytda poraxo‘rlik, tamagirlik, budjet mablag‘ini talon-toroj qilish, firibgarlik hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Mamlakat urush holatida bo‘lgani sabab hukumat rahbarini mahkamaga tortish ishi ikkinchi planga o‘tgan. Ammo vaziyat izga tushishi bilan Netanyahu yana mahkama qarshisida javob berishi lozim.

«Netanyahu – tajribali siyosatchi. U qo‘l ostida noodatiy fe’l-atvorli, vakolatiga nomunosib vazirlar faoliyat yuritayotganini yaxshi biladi. Lekin uning hozirgi sharoitida boshqa hech kim u bilan birga ishlashni istamaydi. Agar Bibi (Netanyahuning laqabi – tahr.) bu vazirlarni ishdan bo‘shatsa, iqtidordagi koalitsiya tarqab ketadi. U holda yangi saylov o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Ijtimoiy so‘rovlar esa uning mag‘lubiyatga uchrashini ko‘rsatmoqda. Hokimiyatni boy bergan taqdirda uning taqdiri qayg‘uli kechishi ehtimoli katta. 71 yoshli siyosatchi umrining qolgan yillarini panjara ortida o‘tkazishi mumkin», – deydi siyosatshunos Mixail Magid.   

Ma’lumot o‘rnida, Isroil yadro quroliga ega ekanini ochiq tan olmaydi, buni inkor ham etmaydi. Yahudiy davlati o‘nlab, balki yuzlab yadro kallaklariga ega ekani aytiladi.

Isroil 1950-yillardayoq harbiy atom dasturini amalga oshirishga kirishgan. The Washington Post nashriga ko‘ra, yahudiy davlati 1957 yilda Fransiya bilan atom reaktori qurish haqida bitim imzolagan.

The New York Times gazetasi 1973 yildayoq Isroil 10 yoki 20 dona yadro kallagiga ega bo‘lgani haqida yozgan.

1980-yillarda Isroil yadro dasturida qatnashgan olim Mordexay Vanunu mamlakatdan qochib ketgan va ingliz matbuotiga yahudiy davlatining maxfiy dasturi haqida intervyu bergan. Keyinroq davlatga xiyonatda ayblanib uzoq yillik qamoqqa hukm qilingan olim Isroil tasarrufidagi ommaviy qirg‘in quroli haqida shov-shuvli ma’lumotlarni oshkor etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring